Ozodlikni cheklashdan 10 yillik qamoqqacha – Andijon shahrining sobiq mansabdorlariga sud hukmi o‘qildi
63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ni talon-toroj qilishda gumonlangan 45 nafar sudlanuvchining aksariyatiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlandi. Shaharning sobiq hokimi Bahrom Haydarov 10 yil, sobiq prokuror Qurbonali Asqarov esa 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi binosida Andijon shahrining sobiq hokimi va prokurori doxil 45 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni o‘z yakuniga yetdi. Jinoiy guruh a’zolariga qilmishidan kelib chiqib, turli jazo choralari tayinlandi.
Sud hukmi o‘qilishi jarayonida ishtirok etgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarovga 3 yil davomida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan, 10 yil ozodlikdan mahrum etish hamda bazaviy hisoblash miqdorining 350 barobari, ya’ni 85 mln 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Shaharning sobiq prokurori Qurbonali Asqarov esa 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum etilgan.
Shuningdek, Andijon viloyat XTB sobiq rahbari Azizbek Mirkomilov 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan hamda 5 yil ozodlikdan mahrum qilingan. Jazo manzil koloniyalarda o‘talishi belgilangan. Andijon shahar XTB markazlashtirilgan moliya-buxgalteriya xizmati bosh hisobchisi lavozimida faoliyat yuritgan Saida Yo‘lchiyeva 7 yil 11 oy 26 kun muddatga qamalgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar Farhod Mullojonov, Shavkat Hoshimov, Jamshid Mirzayev, Suxrob Ahmadaliyev, Haydar Sadirov, Muhammad Nazarov, Arslon Kamolov, Ilhom Haydarov, Salohiddin Dehqonov, G‘ulomjon Rahmonberdiyev, Sunbuloy Eraliyeva, Xushnud Sobirov, Abdumajid Oripjonov, Muhammadbobur Isaqov, Naufalbek Kamolqoriyev, Dilnoza Naymanova, Sarvar Ahmadaliyev, Salima Sharofutdinova, Rozaxon Mamadaliyeva, Bobur Abdullayev, Dilafruz Ismatullayeva, Surayyo Hamroyeva, Nozima Qodirova, Fayzullo Bekmirzayev hamda Shahnoza Abdurasulovaga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlangan.
Xilola Faxriddinova, Yorqin Hoshimov, Nilufar Ahmadjonova, Dilnoza Yusupova va Tursunov Abidovaga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish jazosi berilgan bo‘lsa, Muqaddas Neymanova javobgarlikka tortish muddati o‘tgani sababli ozod etildi. Nuriddin Bozorov va Sanjar Sobirovga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Alisher Isomiddinov bazaviy hisoblash miqdorining 40 barobari, ya’ni 55 mln so‘m jarimaga tortilib, sud zalidan ozod qilindi. Hasan Muhiddinov ham sud zalidan ozod etildi.
Dastlabki tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar tomonidan 63 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ talon-toroj qilingan va ular Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Jami 45 nafar sudlanuvchining 29 nafari erkak hamda 15 nafari ayol bo‘lib, 34 nafar sudlanuvchiga nisbatan «qamoqqa olish», 10 nafariga esa «garov» va «uy qamog‘i» tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llangan.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan 63 mlrd so‘mdan ziyod miqdoridagi moddiy zararning 16 mlrd so‘mdan ortig‘i qoplangan bo‘lib, zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
16:19
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
07:37
Aholini ko‘mir bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘ni talon-toroj qilgan shaxs ushlandi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
22:36 / 20.12.2024