«Buyragimni bersam ham roziman, bolalarim bag‘rimda bo‘lsa bas!» - aliment undirolmayotgan ona bolalari uchun har narsaga tayyor
Inson ne holga tushsa o‘z tanasining qaysidir a’zosini sotishga majbur bo‘ladi? Kichkina zirapcha kirganda jonimiz qanchalik og‘riydi, qanday qilib pul uchun muhim a’zosidan voz kechib, tig‘ ostiga yotish mumkin?
Jurnalist Jamshid Niyozovning «Kredit sirtmog‘i va boshqa sabablar: O‘zbekistonda organ savdosi ommalashyapti» maqolasi ostiga «Menga ham bir uy olib berishsa sotardim», deya izoh qoldirgan akkaunt egasi bilan bog‘lanib, bunday xavfli ishga uni qanday sabab majbur qilayotgani bilan qiziqdik.
«O‘zim samarqandlikman. Besh yil avval, 26 yoshimda Rossiyaga — opamning oldilariga ishlash uchun bordim. Bir yildan so‘ng surxondaryolik Bahrom Rahmonov ismli yigit bilan tanishib qoldim», — deya kechmishlarini so‘zlay boshladi o‘zini Sharofat Murodaliyeva deb tanishtirgan ayol.
Biroz muddatdan so‘ng Bahrom Sharofatdan ayoli bilan ajrashganini, unga turmushga chiqishini so‘ragan. O‘zbekistonga qaytishgach, qonunan nikohdan o‘tadigan bo‘lishgan. Uyidagilarning roziligi bilan shar’iy nikoh o‘qitib, bir oila bo‘lib yashay boshlashgan.
«Topgan pullarimizni erimning otasiga jo‘natardik. Erim kuch-quvvatimiz borligida ishlab uy-joy qilib olaylik, otam borgunimizcha bitkazib turadilar, deb farzandli bo‘lishga unamadi. Ikki yilcha farzand ko‘rmay bor kuchimiz bilan ishladik. Keyin men yoshim o‘tayotgani, ona bo‘lishni istashimni aytdim.
Shundan so‘ng orqama-keyin 2012 va 2013 yillarda qizim va o‘g‘lim tug‘ilishdi. Bolalar parvarishi bilan bo‘lib, men ishlay olmay qolganim sabab, 2013 yilning avgustida, kichik farzandim yetti oylik bo‘lganidan so‘ng yurtimizga qaytib keldik.
Erim meni va bolalarimni ota uyimga olib kelib 10 kunda kelishini aytib Surxondaryoga ketdi. Shu ketganicha daragi bo‘lmadi. Keyin bilsam — birinchi turmushi bilan yarashib, yashab yuribdi ekan. Telefonda tortishdik, oxirida sen bilan yashamayman, o‘z kuningni o‘zing ko‘r, istasang bolalaringni «mehribonlik uyi»ga berib, boshqa turmush qur, deb aloqani uzdi.
Shundan so‘ng alimentga berishga majbur bo‘ldim», — deydi Sharofat.
2013 yil 21 oktyabrda u Samarqand shahar fuqarolik sudi tomonidan chiqarilgan qarorni turmush o‘rtog‘im yashaydigan Qiziriq tuman ijrochilariga jo‘natgan. Alimentni undirish bo‘yicha majburiy ijro xodimlariga telefon qilsa — ko‘tarishmaydi.
«Samarqanddan Qiziriqqa o‘zim borib, alimentlarimni so‘rasam, menga arzimas summani undirib berishadi. Bormasam, shu ham yo‘q. Eng alam qiladigani — har gal o‘zimni ham shtraf qilishadi. Oxirgi marta ham shunday bo‘ldi», — deydi u.
Bahrom alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamagani sababli shu kunga qadar aliment pullaridan qarzi 40 million so‘mdan ziyod bo‘lib ketgan.
«1 noyabr kuni ham aliment undirgani borgandim. Ijro xodimlari eringizni qidiruvga berdik, deb 2 kundan so‘ng plastik kartamga 1 million so‘m tashlatib berishdi. Qidiruvda, topilsa 15 sutka bo‘ladi, deb aldashdi. Bir oy deganda erimni topishib hech qanday chora ko‘rmasdan eringiz ishga kiradi to‘laydi, deb qo‘yib yuborishdi», — deydi u.
2 noyabr kuni Sharofat eri qidiruvdaligini eshitib, uyiga borgan. Uy oldida mahalla raisi va ijro xodimlari bilan hovliga kirishgan. Hech qanday haqorat bo‘lmagan. Biroz tortishishgach, mahalla raisi «idorada gaplashamiz, yuring», degan.
«Men erimni chaqirtiring, bo‘lmasam hovlidan chiqmayman deganimda kundoshim seni pichoqlayman deb orqamdan pichoq bilan tashlanib qoldi. O‘zimni chetga tortdim bu orada kundoshimning o‘g‘li kelib onasining qo‘lidan pichoqni olib yerga uloqtirdi.
Uchastka noziriga telefon qildim. Kelib meni mahallaga oborib o‘zi boshqa ishi bo‘yicha ketdi. Kech soat 18:30 larda boravering, ertaga kelasiz deb javob berdi. Men ertasiga ariza yozmoqchiman, menga suiqasd qildi, deb telefon qildim. 3-kuni arizamni olib meni bir hafta Qiziriqda sarson qilib bir haftadan so‘ng ma’muriy sudga topshirdi», — deydi Sharofat.
Sudya mahalla raisi va ijro xodimining gapiga quloq solmay, ikki ayol bir-birini haqorat qilgan deya bizga 300 ming so‘mdan jarima belgilagan.
«Apellyatsiyaga beraman noto‘g‘ri sud qildingiz, menga pichoq bilan tashlandi-ku desam pichoq bilan tan jarohati bo‘lmagan, «delo»ga aloqasi yo‘q, deb menga 15 kun deganda sud qarorini jo‘natdi.
O‘zim ikki bolamni aliment pullarini olaman deb shuncha yo‘lga borsam ijrochilar erimga yon bossa, sudyalari meni nohaq jarima qilsa, haqiqat bormi?!» — deydi nochor va noiloj ona.
Hozir Sharofat uysiz, ijarada yashaydi. Rossiyada ishlab topganining hammasini eri otasiga jo‘natgan. Samarqandda sharoiti og‘ir, uyi yo‘qligi sababli, bolalarini vaqtinchalik bolalar uyiga bergan. Qandli diabet va qon bosimi bo‘lgani sabab, og‘ir ish qilolmay qolgan. Tez-tez mazasi bo‘lmaydi.
«Bolalarimni o‘ylab, kechalari uxlolmay chiqaman. O‘shanda esim bo‘lganda qonuniy nikohsiz oila qurishga rozi bo‘larmidim? Topganimni qo‘shqo‘llab erimga tutmasdan, o‘zim uchun bir xonali bo‘lsa ham uy olib qo‘ymaymanmi? Men ahmoq, tezroq uyimiz bitsa, vatanimizga qaytsak, bolalarimiz katta bo‘lguncha asta-sekin qolganini qilaveramiz, debman-da.
Erimning mening kuchimdan, mehnatimdan foydalanayotganini qaydan ham bilay? Shu sababdan ham buyragimni sotsam ham mayli, uy olsam, bolalarim bag‘rimda bo‘lardi, degan maqsadda yozgan edim», — deydi ayol o‘kinch bilan.
Hayotda hammaning ham o‘ziga yarasha dardi, qiyinchiliklari bor. Lekin hech kim farzandini sog‘ingan ona kabi azoblanmaydi. Onalik mehri shunday narsaki, bolasi bag‘rida bo‘lishi, uning unib-o‘sishi uchun qo‘lidan kelgancha imkon yaratishga harakat qiladi.
Maqsadiga erishish uchun ayolning tanlagan yo‘li noto‘g‘ri, albatta. Ikkinchi tomonni ham eshitish, ayolga qonuniy yordam ko‘rsatish kerak. Uy olish bilan ayolning muammosi hal bo‘lmaydi. Bolalarining biri 10, biri 9 yoshda. Ularni boqish, o‘qitish va boshqa xarajatlari uchun ham pul topish kerak.
Sharofat Murodaliyevaning esa qo‘lida hunari, kasb-kori yo‘q. Agar ertaroq bir kasbning boshini tutganida o‘zga yurtlarga bormagan, taqdiri bunday kechmagan bo‘lardimi?
Ayolga yordam berish, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish istagida bo‘lganlar tahririyatga (t.me/kunuzgaxabarbot) murojaat qilishingiz mumkin.
Charos Mannonova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:31
Novosibirskda og‘ir vaziyatga tushib qolgan yosh oila O‘zbekistonga qaytarildi
10:55 / 13.12.2024
Kambag‘al oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija ko‘rsata olmadi
16:28 / 02.12.2024
Bolalikdagi qiyinchiliklar miyaning rivojlanishini sekinlashtiradi - tadqiqot
13:50 / 02.12.2024