O‘zbekiston | 16:53 / 27.12.2022
33849
2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyot va Moliya vazirliklarini qo‘shish to‘g‘ri bo‘ldimi? – Jamshid Qo‘chqorov javob berdi

2023 yil 1 yanvarda vazirliklar qisqartirilishi ortidan Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari qo‘shiladi. Kun.uz amaldagi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovdan bu o‘zgarishga munosabatini so‘radi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston prezidentining «Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Farmonga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari birlashtiriladi.

27 dekabr kuni bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov jurnalistlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Kun.uz muxbiri vazirdan Moliya va Iqtisodiyot vazirliklarining birlashtirilayotgani borasidagi fikrini so‘radi. Qo‘chqorov dunyoda bunga o‘xshagan holatlar uchrashi, uning shaxsan o‘zi bunday amaliyotni Fransiyada ko‘rganini aytdi.

«Fransiyadagi bu vazirlikda juda ko‘p bo‘lganman. Iqtisodiyot, sanoat, moliya vazirligi... nomining o‘zi ham besh qator. Shuning uchun, bu borada muammosi bo‘lmaydi. Tabiatan Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bir-biriga yaqin. Faraz qilaylik, infrastruktura, ijtimoiy soha va kapital qurilishni moliyalashtirish deydigan bo‘lsak, Iqtisodiyot vazirligi bu dasturlarni shakllantiradi, Moliya vazirligi moliyalashtiradi. Shuning uchun, ikkovi ma’lum ma’noda bir-biriga yaqin», dedi u.

Vazir davlatning roli kamayib borishi, borgan sari vazirliklar ham sonidan avval aralashuv funksiyalari kamayishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

«E’tibor bersangiz, shu farmon va tegishli qarorda ko‘plab funksiyalarni xususiy sektorga, autsorsing va boshqalarga berish vazifalari qo‘yilgan. Biz o‘ylaymizki, bu yangi tashkil etilayotgan vazirlik juda ham to‘g‘ri fikr, u iqtisodiyotni boshqarishda katta o‘ringa ega bo‘lgan vazirlik bo‘ladi», dedi Qo‘chqorov.

Mavzuga oid