O‘zbekiston | 13:49 / 28.12.2022
23138
11 daqiqa o‘qiladi

«Qachon tinasan, taq-tuq?»  – qurilish-ta’mirlashlar shovqinidan aziyat chekayotgan aholi

Ko‘pqavat uy qurib, egasiga topshirib, uning yonidan yana uy qurish biznesmenga foyda keltirishi mumkin. Biroq bu shaharlar aholisiga qimmatga tushyapti. Qurilish davom etayotgan hududlarda yashaydigan aholi shovqindan doimiy norozi bo‘lib keladi.

Foto: KUN.UZ

Katta shaharlarda qurilayotgan obektlar, ayniqsa ko‘pqavat uylar soni sezilarli darajada oshgan. Bu qurilishlardan chiqadigan chang bir muammoga aylangan bo‘lsa, endi qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida hosil bo‘ladigan shovqinlar ham aholini bezovta qilib qo‘ymoqda. Buni poytaxt misolida ham ko‘rish mumkin.

“Ustalar bilan janjal ham qilgandim”

Kun.uz Toshkent shahrining qurilish davom etayotgan turli tumanlarida yashovchi aholi bilan suhbatlashdi. Ularning aksari quruvchilar tungi uyqu vaqtlarida ham ishlashlarini aytishdi.

Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi

Yakkasaroy tumani Boshliq mavzesida yashovchi fuqaro shovqin aholining ish, o‘qish unumdorligiga ta’sir qilishi haqida gapirdi:

Yonimizda uy qurilyapti. Istalgan vaqtda taqirlatishni boshlaydi, bu yoqimsiz ovozlar kechasi ham bezovta qilib qolishi mumkin. Nafaqat yashash joyimda, balki o‘qish joyimda ham darsda o‘tirganimizda drel ovozi eshitiladi, xalal beradi. Odatda kunduz kuni yoki tushda bezovtalanamiz. Uncha tez-tez emas, lekin o‘sha bezovta bo‘lgan vaqtimiz butun kunga yetarli bo‘ladi. Asab buziladi, fikrni jamlay olmayman, shaxsan men. O‘qishim borligini hisobga olsak, uyda mana shu qurilishni deb dars qilolmayman, xayriyat kechasi ular ham dam oladi, lekin men dam olmayman, kunduzi qilolmagan darslarimni yozib chiqaman.

Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi

Aholi gavjum va zich yashaydigan hududlarda qurilish qilishlariga qarshiman. Agar qilishsa ham, qurilish bo‘layotgan joy atrofi ovoz o‘tkazmaydigan to‘siqlar bilan o‘ralishi kerak. Yoki qurilish bo‘ladigan soatlardan aholini ogohlantirish kerak.

Yangihayot tumani, O‘zar mahallasi

Yangihayot tumanidagi Yangi Choshtepa 70-uyda yashovchi fuqaro qurilish qilish oldidan hech kim ularni ogohlantirmasligidan nolidi:

Men Yangihayot tumanidagi Yangi Choshtepa mavzesida yashayman. Bu yerda hali uylar qurilishi davom etyapti. Derazani qachon ochsak ham qurilish shovqini eshitilib turadi. Bu yerda tun bo‘yi ham qurilish qilishadi. Ertalabdan yana qurilish davom etadi. Bir marta uxlolmay chiqib, ustalar bilan janjal ham qilgandim. Biz yashayotgan uydan 30 metr masofada qurilish qilishayotgan edi, shovqini juda baland eshitiladi. Yana bir muammo nafaqat qurilish davomida, umuman qo‘shinlarimiz ham uyida ta’mirlash ishlarini qilsa, boshqalarni ogohlantirmaydi. Bu esa kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi.

Yunusobod tumani, Osiyo ko‘chasi

Toshkent shahar Yunusobod tumani Osiyo ko‘chasida yashovchi talaba qurilishlar 3 yildan beri darslarga xalal berishidan norozi:

Masalan, men talabaman, yotoqxonamiz joylashgan hudud atrofida juda ko‘p qurilish bo‘ladi. Hozir 4-bosqichda o‘qiyman. Qurilish shovqini esa 1-bosqichda o‘qiydigan vaqtimdan beri davom etyapti. Ayniqsa dars vaqti taqir-tuqurlar ovozi juda xalaqit beradi. Shuning uchun qurilish soatlarini hududga qarab alohida belgilash to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Masalan, maktab, universitetlar hududida kechki payt qurilish qilgan ma’qul, chunki boshqa payt ilm oluvchilarga xalaqit berish mumkin. Ko‘pqavat uylar yonida esa kun yorug‘ida qurilish qilsa to‘g‘ri, sababi bunday joylarda aholi kunduzi ishda bo‘lib, uyga kech 6-8larda qaytadi.

Bektemir tumani Suvsoz dahasida yashovchi fuqaro ta’mirlash qiladigan qo‘shnilar ham bir-birini ogohlantirmay qo‘yganini aytadi:

Uyimizning yonginasida qad rostlayotgan ko‘pqavat uyda qor yog‘gan kunlari ham qurilish davom etdi. Qishin-yozin shovqin. Kechqurun tinmaydi ovoz. Tushunamiz, quruvchi kompaniya ham tezroq bitkazish uchun tez-tez harakat qilishi kerak. Hatto 2-smenada ustalar olib kelib ishlatganlari ham bo‘ladi. Shovqinga ko‘nikib ham qoldik. Qurilish kompaniyasidan nolimay ham qo‘ydik, axir ta’mirlash qiladigan qo‘shnilar ham bir-birini ogohlantirmaydi-ku.

Sirg‘ali tumani Mehrigiyo ko‘chasi istiqomatchisi chaqalog‘i qurilish shovqini sabab yaxshi uxlolmasligidan shikoyat qildi:

Drel va turli shovqinlar sabab chaqaloqlarning uyqusi buziladi. Meni bolam endi uxlaganda dril ovozi eshitilib qoladi (har kuni kunduzgi uyquni 11:00 atrofida uxlaydi), uchib tushadigan bo‘lib qoldi. Qo‘rqib uyg‘onib ketadi. Bir devor narida eshitilgani uchun ovozi juda baland. Bolam shu yerdaman deb bag‘rimga bosib ovutaman. Avval uxlaganda ishlarimni bitirib olayotgandim. Endi uxlaganda uchib tushmasin deb turgunicha yonidan ketmayapman. Bu yosh bolalarning psixologiyasiga juda yomon ta’sir qiladi. Hatto katta odam cho‘chib uyg‘onsa, qanday yomon bo‘ladi. Yosh bolani tasavvur qilavering.

Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi

“4 yildan beri taq-tuq tinmaydi”

Bundan tashqari, O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida qurilish ishlari ketayotgani sabab bunday manzara boshqa viloyatlarida ham topiladi. Buni Facebook’dagi Maslahat.uz guruhida qurilish shovqinidan aziyat chekayotgan fuqaro postiga qoldirilgan izohlar ham ko‘rsatyapti. 

«Biz 3 yildan beri shu ahvolda yashaymiz. Hech kim va hech qanday harakatning foydasi yo‘q. Ko‘nikib qoldik», – degan Samarqand viloyatida yashovchi Nafisa Qahhorova.

«Ha, endi qutuldik, 2 yilda biz ham», – degan Andijon viloyatida yashovchi fuqaro Gavharoy Hamdamova.

«Hozir hamma joyda shu ahvol, yangi uy oldik, ko‘chib o‘tdik, yonimizda katta qurilish. Tun-u kun taq-tuq, chang-to‘zon, katta 4ta “dom” tushyapti. Iloj yo‘q, yurakni keng qiling, oynani yoping, yozda konditsioner qo‘ying, hammasi o‘tkinchi», – deb yozgan Shohista Isroilova.

«Shu yashayotgan uyimizga ko‘chib kelganimizga salkam 4 yil bo‘lgan bo‘lsa taraq-turuq umuman to‘xtagan emas! Ikki yonimizdan ham. “Citi”lar qurilib ketdi ko‘z oldimizda. “Citi”larning oldida biz kim bo‘libmiz, dodimizni kim eshitardi?» – deydi Malika B.T.

«5 yoki 6 yildan beri shunaqa ahvol», – deya izoh qoldirgan Halima Tojiboyeva.

«Bizdayam shu ahvol, ertalabdan kechgacha, siz siqilmang, siz yolg‘iz emassiz», – degan Ismoil Inoyatov.

«Bizda 4 yildan beri shu ahvol. Yangi ta’mir qilgan uylarimizning devorlari yorilib ketyapti. Ertalabdan taraq-turuqni boshlaydi, ishlaydigan odam shu yakshanbani kutib dam olaman deydi, lekin ahvol chatoq. O‘zi chet elda uylar shahardan chetda bo‘ladi-ku. Bora-bora shunaqa bo‘ladi shekilli», – deydi Samira Dilobar Ismatova.

«Bizning yonimizda bog‘cha qurildi. Yozda umuman oyna ochmadik. Chang, taraq-turuq. Bir tomonda yangi uylar tushib ketyapti. Majburmiz, yashayapmiz. Oynani ochmaymiz», – deb yozadi Qodirova Shahnoza.

Yarim tunda ham chirog‘i o‘chmagan kranlar

Shaharni aylanib, yurarkanmiz, soat 23:00dan o‘tganda ham qurilish bo‘layotgan joylardagi kranlar chirog‘i o‘chmagani aholi fikrini tasdiqlaydi.

Yangi hayot tumani, Jun arig‘i hududi

Shunday bo‘lsa-da, bir nechta quruvchi kompaniyalar bilan gaplashib, ulardan qurilish-montaj ishlarini kunning aynan qaysi vaqtlarida tashkil qilayotgani haqida so‘rab ko‘rishga harakat qildik. Ammo aniq javob ololmadik. Biz gaplashgan 3ta kompaniyadan 1tasi ular ishni ertalab 9-6gacha davom ettirishini aytgan bo‘lsa, yana biri kun-u tun ishlashini ma’lum qildi.

Mirobod tumani, Shahrisabz ko‘chasi

«Belgilangan vaqtgacha binoni bitirib, uylarni egalariga topshirishimiz kerak. Shu sabab tun-u kun ishlashga to‘g‘ri keladi», – dedi quruvchi kompaniya vakillaridan biri. Ayrim kompaniyalar bu ma’lumotni aytishni istamadi.

Qurilish qilish uchun belgilangan soatlar bor

Qurilish qilish vaqtlari haqida shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis Iskandar Soliyev bilan gaplashdik. Uning aytishicha, bunday cheklov dunyoning ko‘p davlatlari qatori, O‘zbekistonda ham belgilangan.

Aholi zich yashaydigan hududlarda shaharni 23:00dan soat 7:00gacha shovqinsiz qilish qoidasi bor. Bu Qurilish vazirligining «Shovqindan himoya» qoidalar to‘plamida yozilgan. 

Shaharsoz umuman qurilish joylarida baland shovqin chiqarmaslik uchun xorijiy davlatlarda qanday usullardan foydalanishi haqida ham ma’lumot berdi.

«Va bundan tashqari shunday holatlarda katta shovqinli qurilish vaqtida atrofdagi aholi bilan ham kelishiladi yoki ko‘plab davlatlarda yashash hududlarida katta yuk mashinalari deyarli kiritilmaydi.

Yakkasaroy tumani, Qushbegi ko‘chasi

Yana bir tomoni ortiqcha shovqin kelib chiqmasligi uchun qurilish materiallari zavodda yoki omborda tayyorlanib, keyin olib kelib o‘rnatiladi. Agar katta yo‘llar atrofida bo‘lsa odatda yo‘lga ekran qo‘yiladi, daraxtlar ekiladi va himoya binolari quriladi», – deydi u.

Ayrim janjallar qo‘shinlar ta’mirlash ishlari haqida ogohlantirmaganidan ham kelib chiqadi. Iskandar Soliyev bu bo‘yicha qanday yechim borligiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, ko‘plab davlatlarda uylar qurilganda egasiga tayyor holatda topshiriladi. Va bu o‘z navbatida xonadon ichidagi shovqinlarning oldini oladi.

«Agar biror uy egasi ta’mirlash ishlarini olib boradigan bo‘lsa,  bu haqda barcha qo‘shnilarni xabardor qiladi, bu bilan ko‘plab janjallarning oldi olinadi», – dedi Iskandar Soliyev.  

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Mavzuga oid