Jahon | 21:07 / 30.12.2022
12667
3 daqiqa o‘qiladi

Myanma sudi Aun San Su Chjini yana yetti yillik qamoq jazosiga hukm qildi 

Myanmaning sobiq yetakchisi, 77 yoshli Aun San Su Chji navbatdagi jinoyat ishi bo‘yicha 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Umumiy hisobda uning qamoq muddati 33 yilga tenglashdi. 

Foto: Reuters

Harbiylar tomonidan boshqarilayotgan Myanma davlati sudi hokimiyatdan ag‘darilgan yetakchi Aun San Su Chjini korrupsiyada aybdor deb topdi va unga qarshi ochilgan navbatdagi jinoiy ish bo‘yicha 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi. 

Sud korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish bilan bog‘liq beshta ishni ko‘rib chiqdi. Ayblovga ko‘ra, Aun San Su Chji o‘z mansabini suiiste’mol qilgan, natijada davlat mablag‘lari yo‘qotilgan. Xuddi shunday hukm sobiq prezident Vin Myinga ham chiqarilgan. 

Ayblanuvchilar barcha ayblovlarni rad etishdi. Aun San Su Chjining advokatlari tez orada apellyatsiya berishi kutilmoqda. 

Avvalroq Aun San Su Chji 7 ta korrupsiya moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan edi. Ularning har biri 15 yilgacha qamoq va jarimani nazarda tutadi. 

Bungacha Myanmaning sobiq davlat maslahatchisi boshqa moddalar, jumladan, koronavirus pandemiyasi davridagi cheklov choralarini buzish, davlat siri to‘g‘risidagi qonunni buzish, fitnaga da’vat qilish, saylovlarda firibgarlik, ko‘chma radiostansiyalarni noqonuniy olib kirish va saqlash kabi moddalar bo‘yicha qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 

Umumiy hisobda uning qamoq muddati 33 yilga teng bo‘ldi. 77 yoshli Aun San Su Chji hozirda Neypido shahridagi qamoqda. 

2021 yil 1 fevralda Myanmada harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Xlayn qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarini o‘z qo‘lida birlashtirdi, vitse-prezident Myint Shve esa prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 

Harbiylar bir yillik favqulodda holat e’lon qildi va 2020 yil 8 noyabr kuni Aun San Su Chji, prezident Vin Myin va boshqa yuqori martabali amaldorlarni «saylovlarni qalbakilashtirgani» uchun hibsga oldi. 

Harbiylarning harakatlari norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi, harbiy rejim ularni shafqatsizlarcha bostirdi. Isyonlar paytida yuzlab odamlar halok bo‘ldi. 

Myanmadagi voqealar xalqaro miqyosda qoralangan. Bir qator davlatlar, xususan, AQSh, Avstraliya, Buyuk Britaniya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi rasmiylari va BMT rahbariyati harbiylarni hibsga olingan amaldorlarni ozod qilishga va saylov natijalarini hurmat qilishga chaqirdi. 

Mavzuga oid