Jahon | 23:52 / 30.12.2022
10373
3 daqiqa o‘qiladi

RSF: So‘nggi 20 yil ichida 1700 ga yaqin jurnalist o‘ldirildi 

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti hisobotida aytilishicha, so‘nggi yigirma yil jurnalistlar uchun «o‘ta halokatli» bo‘ldi. 

Foto: AFP

«Chegara bilmas muxbirlar» (RSF) tomonidan e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida dunyo bo‘ylab 1700 ga yaqin jurnalist o‘ldirildi. 

2003 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan yigirma yil «axborot olish huquqiga xizmat qiladiganlar uchun o‘ta halokatli yillar» bo‘ldi, deyiladi hujjatda. 

«Raqamlar ortida ma’lumot to‘plash, haqiqatni izlash va jurnalistikaga bo‘lgan ishtiyoqi uchun o‘z hayotini qurbon qilganlarning vijdoni, shaxsiyati, iste’dodi va qat’iyati yotadi», dedi RSF bosh kotibi Kristof Deluar. 

RSF ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq va Suriya jurnalistlar uchun eng xavfli davlatlar bo‘lib, «so‘nggi 20 yil ichida 578 nafar jurnalist halok bo‘lgan». Ulardan keyingi o‘rinlarda Meksika (125 kishi halok bo‘lgan), Filippin (107), Pokiston (93), Afg‘oniston (81) va Somali (78) bormoqda. 

«Eng qayg‘uli yillar» 2012 va 2013 yillar bo‘lib, bunga Suriyadagi urush sabab bo‘lgan. Hisobotda aytilishicha, 2012 yilda 144 ta, bir yildan keyin esa 142 ta qotillik sodir etilgan. 

2022 yilda o‘limlar yana ko‘paydi, bunga qisman Ukrainadagi urush sabab bo‘ldi. Shu yilning o‘tgan davrida 58 nafar jurnalist o‘z vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘ldi, o‘tgan yili 51 nafar jurnalist o‘ldirilgan edi. Ukraina ayni damda OAV uchun Yevropadagi eng xavfli davlat bo‘lib turibdi, urush davrida uning hududida 8 nafar jurnalist o‘ldirildi. Rossiyada ham so‘nggi 20 yil ichida 25 jurnalist o‘ldirilgan. 

Jurnalistlar o‘limining deyarli yarmi Amerika qit’asiga to‘g‘ri keladi, qotilliklarning aksariyati Meksika, Braziliya, Kolumbiya va Gondurasda sodir bo‘lgan. 

«Amerika hozirda ommaviy axborot vositalari uchun dunyodagi eng xavfli qit’a hisoblanadi», - deyiladi RSF hisobotida. 

Mavzuga oid