Jahon | 17:18 / 31.12.2022
13003
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml matbuotga «yil yakunlari»ni qanday sarhisob qilish borasida ko‘rsatma bergan - OAV

Nima yozish va nimaga e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatilgan qo‘llanma Kreml nazoratidagi Rossiya ommaviy axborot vositalariga yuborilgan.

Foto: TASS

Kreml o‘z nazorati ostidagi Rossiya ommaviy axborot vositalari uchun 2022 yil yakunlarini qanday sarhisob qilish bo‘yicha qo‘llanma tayyorladi, deb xabar berdi 30 dekabr, juma kuni hujjatni qo‘lga kiritgan "Meduza" internet nashri. Qo‘llanma to‘rtta blokka bo‘lingan: "Asosiysi", "Rossiyani mustahkamlash", "MHO" va "Yangi dunyo tartibi".

"Asosiysi" blokida Vladimir Putin qo‘shni davlatga qarshi urush boshlashga qaror qilar ekan, Rossiyani Ukraina va NATOning yaqinlashib kelayotgan hujumidan "qutqardi" deb ta’kidlash tavsiya etiladi. G‘arb davlatlari go‘yoki Rossiya Qrimni annexia qilib, Donbassda mojaro qo‘zg‘atgan 2014 yildan buyon "rus xalqini bo‘lib, bosib olmoqchi".

Urush (hujjatda - "maxsus operatsiya") qo‘llanmada "muvaffaqiyatli" deb ataladi, buning isboti sifatida mualliflar hujum paytida bosib olingan Ukraina hududlari Rossiyaga qo‘shilganligi haqida gapirgan. Shu bilan birga, Rossiya armiyasi Ukrainaning annexia qilingan to‘rtta viloyatidan birontasini ham to‘liq egallashga qodir emasligi va 10 oylik urush davomida qo‘lga kiritilgan yagona viloyat markazi Xersondan chekinishga majbur bo‘lgani hamda hozir bu shaharni o‘qqa tutayotgani aytilmagan.

Ba’zi hollarda qo‘llanma matni o‘ziga zid keladi. Shunday qilib, unda aytilishicha, Rossiya armiyasi "Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish bo‘yicha MHO maqsadiga muvaffaqiyatli erishmoqda", lekin shu bilan birga Rossiya Ukraina bilan emas, balki NATO bilan - "butunlay boshqacha miqyos va darajadagi dushman" bilan kurashayotganini, shuning uchun "tezkor g‘alabalarni hech kim kutmayotganini" ta’kidlash tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, qo‘llanma mualliflari ta’kidlashicha, "G‘arb Ukrainani tobora kamroq jihoz va vositalar bilan ta’minlamoqda", bu NATO - "insoniyat tarixidagi eng kuchli harbiy mashina" bilan urush haqidagi da’voga zid keladi.

"Rossiyaning mustahkamlash" bo‘limida targ‘ibotchilarga Putinning yuqori rasmiy reytingi va "rossiyaliklar maxsus operatsiyani so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi" haqida yozish tavsiya etiladi. Shuningdek, Rossiya iqtisodiyotidagi "yaxshilanishda davom etayotgan" vaziyat ham tilga olinadi. "Yangi dunyo tartibi" blokida esa matn tuzuvchilar Rossiyani "adolatli, demokratik va ko‘p qutbli dunyoning yetakchisi" deb atashadi. Qo‘llanmada, shuningdek, Putin Yevropaga Qo‘shma Shtatlarning "vassali" bo‘lish o‘rniga "o‘ziga kelib, sub’yektivligi va kelajagini tiklash imkoniyatini" berayotgani aytiladi.

Mavzuga oid