“Bu yerda SSVning aybi bor” - professor “Dok-1 Maks” voqealari haqida
Toshkent tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullayev Kun.uz bilan suhbatda “Dok-1 Maks” fojiasiga munosabat bildirarkan, Sog‘liqni saqlash vazirligini Gambiyada 69 bolaning vafoti va bu bo‘yicha JSST e’lon qilgan ogohlantirishga befarq bo‘lganlikda aybladi.
— “Dok-1 Maks” sabab bolalarda o‘lim holati qayd etilgach, SSV rasmiy munosabat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, bolalar o‘limi tahlilini olib bormagani uchun shu voqealarni fosh qilgan shifokorlar aybdor deb topildi. Mana shunga munosabatingiz qanday? Bu jarayonda shifokorlarni ayblash qanchalik to‘g‘ri?
— Birinchidan, aksincha, bu shifokorlarga tashakkurnomalar berilishi kerak edi. Shu yerda mantiqan bir savol tug‘iladi: nima uchun SSV bundan 6 oy oldin JSSTning ogohlantirishiga*, 3 oy oldin, ya’ni oktyabrda mana shu dori yoki unga o‘xshash zaharli dorilarni qo‘llash bo‘yicha cheklov berganiga e’tibor qilmadi? SSV respublikadagi tibbiyot, farmatsevtika bilan bog‘liq ishlarga aloqador-ku. Hattoki, shu shifokorlar hibsga olinganini ham eshitdik. Bu shifokorlar ogohlantirilmagani va nega ushbu dorilar O‘zbekistonga kirib kelgani, nima uchun JSSTning tavsiyasi bilan butunlay olib tashlanmagani bo‘yicha SSVga qarshi da’vo bilan chiqishlari mumkin. Bu yerda vazirlikning o‘zi ham aybdor, u ham qonun oldida javob berishi kerak.
Respublikaga kirib kelayotgan har qanday dori vositalari raqamli markirovkadan o‘tishi kerak edi. Butun dunyoda dorilar harakatini kuzatib turuvchi tizim yo‘lga qo‘yilgan, unda dorilarning qayerda ishlab chiqarilgani, qaysi chegaradan o‘tgani, qaysi shifoxonaga borib tushgani, xalqaro ekspertiza xulosasi qanday kabi ma’lumotlar jamlanadi. Shu tizim bilan integratsiya qilinishi kerak edi.
Yoki bo‘lmasa, nega JSSTning tavsiyasiga amal qilinmadi? Vazirlik bu ishni qilishi kerak edi. Nima uchun “tepa”da o‘tirgan mutasaddilar buni tekshirmadi?
Fursatdan foydalanib, bosh shifokor Mamatqul Azizov lavozimidan ozod etilgan bo‘lsa, uni ishiga qaytarishlarini so‘rayman. 70 yoshga kirgan mutaxassis ekan, hech bo‘lmasa maslahatchi qilib bo‘lsa ham olib qolish kerak. Hibsga olingan mutaxassislar ham vaqtincha ozod qilinib, sud ham ochiq o‘tkazilishi lozim. Shifokorlar ham qo‘rqmay aynan SSVni ayblab chiqishsin, kerak bo‘lsa vazirlikni ayblab 7 nafari qo‘l qo‘ysin. Hurmatli SSV va farmatsiyaga javob beruvchi, dorilar sifatini nazorat qilishga mas’ul odamlarni ham Oliy sudga berishsin.
Bunday holatlar boshqa viloyatlarda bo‘lmayotganiga kim kafolat bera oladi? Vafot etgan bemor bolalarni barcha viloyatlarda tekshirish kerak. Balki, aynan shu dori tufayli o‘limlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin.
Agar samarqandlik professor shifokorimiz shularni aytmay, o‘lim bo‘yicha voqeadan xabardor qilmaganida va bu ma’lumotlar jamoatchilikka chiqmaganida yana qanchadan qancha bolalar o‘lgan bo‘lar edi? Menimcha, yangi sog‘liqni saqlash vaziri buni shaxsiy nazoratiga oladi. Shu dorilar va shunga o‘xshash boshqa dorilar bilan bog‘liq vaziyatni butun respublikada yurib, o‘rganib chiqadi va bu shaffof bo‘ladi degan umiddaman.
— Intervyudan oldin tizimda korrupsion sxema borligi haqida gapirdingiz...
— Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsion sxema bor, u 3 qavatdan iborat. Birinchi qavatda turuvchilar – vazirlikning soha uchun javob beradigan mutasaddilari. Ya’ni bosh mutaxassislar shu dorilarni olib kiruvchi farmkompaniyalar bilan o‘zaro til biriktiradi. Buning tepasida, aytganimdek, bosh mutaxassislar, tibbiyot institutlari rektorlari va ba’zi “zamministr”lar turadi. Tizimda halol xodimlar bilan birga, mana shularga aralashib qolganlari ham bor.
Dorilar bilan bog‘liq ikkinchi qavatda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari, viloyatlarda joylashgan tibbiyot institutlari rektorlari hamda o‘sha yerlarning bosh mutaxassislari turadi.
Uchinchi qavatda turuvchilar esa shifokorlardir. Ya’ni o‘sha “tefal choynak”ka, “xalat”ga yoki o‘sha doridan bonusga ishlaydigan qavat. Bularning hammasini tag-tugi bilan yo‘qotish, albatta, qiyin. Lekin keskin kamaytiradigan tizim bu – sug‘urtali tibbiyotga o‘tishdir. Buni DXX ham, prokuratura va “KRU” ham qilolmaydi.
Agar sug‘urtali tibbiyotga o‘tilsa, ko‘pchilik xalqqa jabr bo‘lmaydimi deb so‘rayapti. Dastlabki yil bo‘lishi mumkin. 2023 yil butun 12 oy davomida sug‘urtali tibbiyot bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni davlatning o‘zi butunlay bo‘yniga olishi kerak. Shu vaqt davomida sug‘urtali tibbiyot shifokorlarga tushuntirilishi, tizim qanday bo‘lishi o‘rgatilishi kerak. Buning uchun maxsus guruh tuzilishi zarur. Bunda mablag‘ni davlat qayerdan oladi, davlatga ham oson emas. Barcha har qanday keraksiz “citi”larni, qurilish loyihalarini to‘xtatib, ularga ajratilgan pulni zudlik bilan sug‘urtali tibbiyot bilan bog‘liq sarf-xarajatlarga yo‘naltirish kerak.
Qozog‘iston bu tizimga 2018 yilda o‘tgan edi, ular ham 1 yil qiynaldi. Men bu jarayonni yaxshilab kuzatdim, bizda ham shunday bo‘lishi mumkin.
Sug‘urtali tibbiyotda, har bir vrachning stolida diagnostika va davolash standartlari turadi. O‘sha standart bo‘yicha uchta dori berilishi kerak bo‘lsa, bemorga shu uchtasini yozadi. Biror noxush holat ro‘y bersa, vrach o‘zini himoya qila oladi, men shu standartlarga rioya qilganman deb. Sug‘urtali tibbiyotga o‘tsak, do‘xtirlar o‘z bilganicha emas, aniq bir standart bo‘yicha davolaydi.
Barcha tibbiyot institutlarida dalillarga asoslangan tibbiyot o‘qitilishi kerak. Dalillarga asoslangan tibbiyot nima degani? Butun dunyodagi dorilar bir xil samaraga ega emas. Soddaroq qilib tushuntirsam, 100 foiz samarali dorilar “A” guruhiga, samarasi biroz pastroqlari “B” guruhiga, 50 foiz samaralisi “C” guruhiga, samarasi umuman isbotlanmagan dorilar “D” guruhiga kiritiladi. O‘zbekistonda “D” guruhiga kiruvchi dorilar tiqilib ketgan. Sug‘urtali tibbiyotga o‘tishda davlat bularni ekspertizadan o‘tkazishi kerak. O‘z-o‘zidan ta’sir doirasi yo‘q, xalqaro standartga javob bermagan dorilar bozordan chiqib ketadi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi,
Tasvirchi va montaj ustasi G‘iyos Safarov.
2022 yil oktyabr oyi boshida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ogohlantirish e’lon qilgan edi: unga ko‘ra, Hindistonning Maiden Pharmaceuticals kompaniyasi ishlab chiqargan to‘rtta sirop Gambiyada 69 nafar bolaning o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kelib chiqishi natijasida vafot etishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu dorilar quyidagilar: “Promethazine Oral Solution” nomli prometazin eritmasi, bolalar uchun yo‘taldan dorilar – Kofexmalin va Makoff, shuningdek, shamollashga qarshi Magrip N siropi.
Mavzuga oid
16:56 / 27.11.2024
SSV: O‘zbekistonda tibbiyot sohasini transformatsiya qilishda turkiyalik mutaxassislar yaqindan ko‘mak beradi
15:56 / 08.10.2024
Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat
17:35 / 03.10.2024
Sirdaryoda nogiron bolaning onasidan tibbiy xulosa uchun pul olgan shifokorga hukm o‘qildi
11:50 / 17.09.2024