O‘zbekiston | 00:12 / 05.01.2023
109593
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov shartli ravishda ozodlikka chiqarildi

2019 yil 26 iyun kuni 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov bundan bir necha kun avval shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. Bu ma’lumotni Kun.uz'ning huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi bir-biridan mustaqil ikki manbasi tasdiqladi.

Foto: RFE / RL

2000-2015 yillarda O‘zbekistonning bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilgandi.

Sud jarayoni 6 oyga yaqin davom etgandi. Ish jarayonida «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirilgan, 200ga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilingandi.

O‘zbekiston sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov 2018 yil fevralida qo‘lga olingan edi. O‘shanda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ham Qodirov ozodlikka chiqqani haqida post qoldirib, sobiq bosh prokuror haqida olinishi kerak bo‘lgan film ko‘rsatilmaganini esladi.

Mavzuga oid