Mas’ullarga ochilgan jinoiy ish, rekultivatsiya qilinmayotgan poligonlar va ko‘payayotgan yuqumli kasalliklar – Tabiat resurslari vazirligi mas’uli bilan suhbat
Kecha, 6 yanvar kuni AOKA majlislar zalida (Ekoqo‘m) Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamshid Eshjonov ishtirokida chiqindilar va ularni qayta ishlash masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri sohaga oid qator savollar bilan vazirlik mulozimiga yuzlandi.
— Hozirgina yakunlangan tadbirda chiqindilarni qayta ishlash sohasiga xususiy sektorni jalb qilish haqida gapirdingiz. Fikrlaringizdan keyin sohaga xususiy sektorni jalb qilish masalalari yoki sohaga ajratilayotgan pullar masalasi nima bo‘lyapti, degan savol tug‘iladi. Masalan, biz eshitganimiz, Samarqanddagi «Maroqand obod» chiqindilarni qayta ishlash korxonasi. Bu korxona Fransiyadan 60 mln dollar mablag‘ jalb qilish evaziga qurilgan. Lekin so‘nggi vaqtlarda ko‘p eshityapmizki, bu Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining sobiq rahbarlaridan biriga tegishli bo‘lgan.
Korxona qurilishida katta bir firibgarlik bo‘lganki, uning qurilishi uchun Fransiyadan jalb qilingan pullar avval Tojikistonga yo‘naltirilib, u orqali Xitoydan o‘ta sifatsiz texnikalar olib kelinib, korxonaga joylashtirilgan. Shu sababli bugungi kunda bu korxonadan birorta kutilgan mahsulotlar chiqmayapti. Xuddi shunday korxonani Andijonda ham ko‘rishimiz mumkin, ya’ni u yerda mahsulot chiqmayapti.
Mana shu holatlar bo‘yicha vazirlik mas’uli sifatida izoh bersangiz. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rganish o‘tkazyaptimi yoki boshlangan bo‘lsa, natija qanday?
— Dastavval aniqlik kiritib o‘tmoqchiman. «Maroqand obod» UK Samarqand shahar hokimligi huzuridagi davlat korxonasi hisoblanadi va u chiqindilarni qayta ishlovchi korxona emas. Bu korxona chiqindilarni yig‘ish va tashish ishlari bilan shug‘ullanadi. Fransiyaning «Taraqqiyot» agentligi yordamida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida Samarqand shahrida chiqindilarni boshqarish tizimi (to‘plash, tashish, qayta ishlash)ni mukammal darajaga olib chiqish maqsadida ishga tushirilgan.
Ushbu loyiha doirasida chiqindilarni qayta ishlash yoki saralashga mo‘ljallangan texnika-uskunalar olib kelinmagan. Texnikalarni xarid qilishda qanday yo‘llardan foydalanilgani haqida esa ma’lumotlar yo‘q. Faqatgina Xitoydan xarid qilingani haqida ma’lumotga egamiz. Samarqand shahrida «Maroqand obod» korxonasi negizida davlat va xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklif kiritilgan. Tez orada bu loyiha ishga tushiriladi.
— Ammo yuqorida aytilgan mish-mishlar turli yuqori doiralardan ham kelib turibdi. Umuman, shunday holat bormi?
— Bunday holat bordir, ammo men vakolatga ega emasman. Bu huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishi.
— Holat bo‘yicha tergov harakatlari boshlanganmi?
— Tergov harakatlari boshlangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ish ochilgan. O‘sha ish doirasida bizning mutaxassislar chaqirilgan, ya’ni texnikalar xaridi va boshqa masalalar bo‘yicha o‘z xulosamizni berish uchun. Ammo bu ishning natijasidan bizning xabarimiz yo‘q. Chunki ish hali yakuniga yetmagan va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z xulosasini taqdim etmagan hali.
— Shunga o‘xshash yana bir vaziyat: Urgutda uchta chiqindilarni qayta ishlash korxonasi bor, lekin ularga qo‘mita tomonidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va yer maydoni ajratilishida to‘sqinliklar bo‘lgan. Natijada, ular bugungi kunda Qozog‘iston va Rossiyadan makulatura olib kelib, faoliyat olib bormoqda. Demoqchimanki, bizda salohiyati yetarli bo‘lgan korxonalar mavjud. Lekin turli korxonalarga turlicha qaralayotgani haqida eshitib qolamiz. Masalan, «Maroqand obod» UKga ajratilgan yerlar bularga ajratilmagan. Nega bunday ikki xil qarash mavjud sohada?
— Yer ajratish masalasi mahalliy hokimliklarga tegishli. Yuqorida aytilgan Qozog‘iston va Rossiyadan chiqindi olib kelish ham bizning vakolatimizga kirmaydi.
— Ammo bu korxonalar qo‘mitadan yordam so‘ragan. Ular endi boshqa davlatdan xomashyo olib kelib ishlashga majbur bo‘lyapti.
— O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona mavjud. Ular tadbirkorlarga tegishli bo‘lib, davlat tasarrufida emas. Ular o‘zini o‘zi boshqaradi. Ularga faoliyat yuritishida Davlat ekologik qo‘mitasidan obekt joylashtirilgani uchun Davlat ekologik qo‘mitasining ekspertiza hujjati beriladi. Boshqa hech qanday hujjat bermaymiz. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan bu hujjatni olish ham onlayn tizimga o‘tkazildi. Qo‘mita xodimlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashilmaydi bu jarayonda.
— Demak, bu ham o‘rganib ko‘rilishi kerak bo‘lgan masala?
— Aynan qaysi holatlar bo‘yicha bunday voqea bo‘lgan bo‘lsa, bizga kiritilsa, biz buni ko‘rib chiqamiz.
— Yana bir holat: Bo‘stonliqdagi margimush koni va u yerdan sizib chiqayotgan zaharli moddalar masalasi ikki yildan beri ko‘tariladi. O‘tgan yili shu masala ko‘tarilganda, qo‘mita mas’ullari nazoratga olishni aytgan edi. Ikkinchi holat: Forish tumanidagi biologik-kimyoviy chiqindilarini rekultivatsiya qilish ishlari ham hamon bajarilmagan.
Bu ikki masalani hal qilish uchun ham mablag‘ ajratilgan. Lekin nima uchun hali ham ishlar bajarilmagan? Nega bee’tibor qaralyapti?
— Ishchi guruh tuzilib, bu masala o‘rganilgan va bu obektni ko‘chirish maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelingan. Qayta ta’mirlash bo‘yicha qaror qabul qilingan.
— Rekultivatsiya qilinmaydimi bu obektlar?
— Yo‘q, rekultivatsiya qilingan obekt hisoblanadi. Vaqt o‘tishi bilan zararlangan joylari ta’mirlanadi faqat.
— Ishlar tugashining aniq muddati qachon?
— Bu mablag‘ bilan bog‘liq bu masala. Budjetdan mablag‘ ajratilmagan qismlar mavjud, shuning uchun ishlar oxiriga yetmagan hali. Forish va Xorazmdagi biologik-kimyoviy chiqindilarini qabul qiluvchi obekt Ekologiya qo‘mitasidan Tabiat resurslari vazirligi tizimiga o‘tkazilgani uchun bu boradagi ishlar 2023 yilda amalga oshiriladi. Va endilikda Forish va Xorazmdagi obektlarning doimiy faoliyatini ta’minlash maqsad qilingan.
— Yana bir savol: chiqindi suvlarining yetarli darajada tozalanmasligi oqibatida kelib chiqayotgan muammolar bor, masalan, Toshkentda. Buning oqibatida Toshkentning Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida yuqumli kasalliklar ko‘payib ketgan. Nega shu masalaga bee’tibor qarab kelinyapti, axir bu odamlar salomatligi masalasi? Va bu anchadan beri davom etayotgan holat.
— Aholi soni va ishlab chiqarish ko‘paygani tufayli oqova suvlar miqdori ham ortmoqda. Toshkentda uchta oqova suvlarni tozalash inshootlari mavjud. 2014 yilda Xitoyga tegishli tashkilotlar tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilgan. Ammo bu yetarli emas, albatta. Bugungi kunda ushbu inshootlarning quvvati va ishlash sifatini oshirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Bu bo‘yicha Tabiat resurslari vazirligi tomonidan tegishli taqdimnomalar kiritilgan.
— Bu o‘rinda sizlarning vazifangiz faqatgina taqdimnoma kiritish bilan cheklanadimi?
— Bizning vazifamiz ushbu obektlarning belgilangan tartibda ishlashi ustidan davlat nazoratini yuritish.
— Shunday holatlar mavjud ekan, nega bu haqda gapirilmayapti, bong urilmayapti?
— Aytilyapti. Mas’ullarga nisbatan chora ko‘rilyapti. Davlat nazorati organi sifatida biz tegishli joylarga taqdimnomalar kiritish bilan ish olib boryapmiz.
— Bu holatda ularning munosabati qanday bo‘lyapti?
— Bu borada ishlar borilyapti. Faqat vaqt kerak bo‘ladi. Chunki bu katta loyiha.
— Prezident qarorida chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha ma’lum rejalar belgilangan. Bugungi kunda o‘sha belgilangan vazifalar va qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlarni taqqoslab bera olasizmi? Qarorda belgilangan vazifalarning qanchasi bajarildi?
— 2022 yil 2 fevralda prezident huzuridagi majlisda ekologiya va atrof-muhit masalalari, xususan, chiqindi masalasi tanqidiy ko‘rilgan. Prezidentimiz tomonidan Davlat ekologiya qo‘mitasi oldiga vazifalar qo‘yilgan va aynan chiqindilarni qayta ishlash darajasini 36,5 foizga yetkazish, xususiy sektor ulushini 50 foizga chiqarish va qamrov darajasini 95 foizga oshirish vazifalari. Ushbu vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi, ya’ni 2022 yil 11 avgustdagi qarori va yana bir farmon.
Bu hujjatlar asosida sohaga katta imtiyozlar berildi. Shulardan biri ijtimoiy va foyda solig‘ining 1 foiz etib belgilanganidir. Davlat ekologiya qo‘mitasi huzuridagi sanitar tozalashga ixtisoslashtirilgan korxonalar birlashmasiga to‘lanadigan majburiy to‘lovlardan ozod etildi. O‘tgan 2022 yilda belgilangan vazifalar bajarildi. O‘ylaymanki, belgilangan chora-tadbirlarning amalga kirish muddati endi boshlangani uchun natijalar yaxshilanib boradi.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:06 / 15.12.2024
Xitoy eng katta cho‘lni 3 ming kilometrlik «yashil belbog‘» bilan o‘radi
13:14 / 05.12.2024
Italiya va O‘zbekiston ekomuammolarga qarshi kurashishda hamkorlikni chuqurlashtiradi
15:20 / 03.12.2024
IUCN’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rasman o‘z ishini boshladi
08:18 / 03.12.2024