Jamiyat | 14:29 / 08.01.2023
41775
16 daqiqa o‘qiladi

«Akamni bizdan yangam ayirgandi» – hayotning murakkab sinovlari haqida hayotiy hikoya

Hayotda turfa taqdirlarga duch kelgan insonlar ko‘p. Navbatdagi hikoya qahramoni ham o‘shalardan biri. Uning hikoya qilishicha, bir paytlar akasi yangasi tufayli ota-onasi va boshqa yaqinlaridan uzoqlashib ketgan.

Tumanlardan biriga xizmat safariga borib tushlik qilish uchun oshxonalaridan biriga kirsam bo‘sh joy yo‘q. Chetdagi so‘rida yoshi oltmishlarda bo‘lgan bir otaxon bir o‘zi o‘tirardi. Ruxsat so‘rab yoniga joylashdim.

Ovqatlanar ekanman, otaxon «Bolam uylanganmisan?» deb qoldi. Bosh irg‘aganimdan so‘ng «Yosh ekansan, xotining hech qachon «akangiz unday, ukangiz bunday, ota-onangiz falon» deyishiga yo‘l qo‘yma. Agar bilsang, otani boladan, akani ukadan yomon xotin ajratadi. O‘zing ham hech qachon uning yaqinlari haqida gapirma», deb qoldi.

Sinchkovligimga borib otaxonning boshidan shu mavzuda nimadir o‘tganov, deb turgandim, gapini davom ettirdi:

«Ayollarning hammasi yomon demayman. Yomon ayollardan yomon erkaklar ko‘p. Ammo bir narsani unutma, yomon xotin bolalikda ko‘rpa talashib katta bo‘lgan aka-ukani bir-biriga dushman qiladi. Ota-onani o‘g‘ildan ayiradi. Ishonaver, boshimdan o‘tgan. Bir paytlar ota-onam, men va boshqa yaqinlarimning akam bilan teskari bo‘lib ketishiga uning xotini sabab bo‘lgandi».

Otaxonning «boshimdan o‘tgan» degan so‘zlarini eshitib, hikoyalariga qiziqib qoldim. Otaxon gap boshladi:

«Oilada uch o‘g‘il va uch qiz bo‘lganmiz. Vaqti soati kelganda katta akamni uylantirdik. Yangam qo‘shni mahalladan edi. Oradan biroz o‘tib, yangam tufayli ro‘zg‘orda gap-so‘z ko‘payaverdi.

O‘sha paytda opamni uzatganmiz va singillarim ro‘zg‘or ishlari uchun yoshlik qilardi. Kelin bo‘lib tushganining ikkinchi haftasidayoq yangam akamga hammaga eshittirib «Men bu ro‘zg‘orga cho‘ri bo‘lib kelmaganman. Singillaringiz yosh bo‘lsa, ana, ukalaringiz ro‘zg‘or ishlariga qarashsin», deb gapirdi.

Akam xotiniga biroz sabr qilishni, alohida bo‘lib chiqishsa barchasidan qutulishini aytar, ammo yangam gapirishdan to‘xtamasdi.

Shundan keyin ham bir necha marta bunday gap-so‘zlar davom etdi. Yangam uy-ishlarini qilmay qo‘ygani uchun birida ovqatsiz qolib ketsak, birida hovli supurilmasdi. Onam doim yurak bosimi yuqori holda yurardi, uni urintirmaslik uchun o‘zim bilganimcha ovqat pishirdim, hovli supurdim.

O‘sha kezlarda men uylanishni ortga surib yurgandim. Ro‘zg‘or ishlarining bir qismi o‘zimga qolgach, ota-onamga uylanishga rozi ekanimni aytdim. To‘g‘risi-da, yashashimizda halovat yo‘q, uylansam xotinim ro‘zg‘or ishlariga yordam beradi va yangamning jag‘i o‘chadi deb o‘yladim.

To‘y o‘tdi, ro‘zg‘or ishlarini xotinim qila boshladi. Ammo baribir yangamning jag‘i yopilmadi. U endi alohida hovli qilib chiqishni gapiradigan bo‘ldi. Bahorda qishloq chetidagi yerimizdan uy tikladik va akamni ko‘chirib qo‘ydik. Shundan keyin ro‘zg‘orimiz tinchidi.

Yangam ancha-munchada hovliga kelmas, akamni ham kelishga qo‘yavermas edi. Ota-onam bunga e’tibor berishmas, tinch yashasa bo‘ldi, deb qo‘l siltashar edi.

Keyinchalik singillarim ulg‘ayishdi va ularni ham uzatdik. Kenja ukam uylandi va men ham alohida hovliga chiqib ketdim. O‘sha paytlarda akam Rossiyaga quruq meva olib borib sotardi va ishi yaxshi edi. Ammo yangamning zug‘umi bilan biron ishda yordami tegmasdi.

Esimda, kenja ukamni uylantirishda biroz mablag‘ muammo bo‘ldi. Akam eshitgan shekilli bir kun ozroq pul ko‘tarib kelibdi. Onamga pulni berar ekan, ko‘zini javdiratib, «keliningiz bilmay qo‘ya qolsin» dedi. Shu tobda bechoraga bir tarafdan rahmim kelar, ikkinchi tarafdan bo‘sh-bayovligi uchun jahlim chiqardi.

Biroz o‘tib oldinma keyin ota-onam olamdan o‘tishdi. Ularning duosini olishga ulgurmagan akam ma’rakalar o‘tguncha bel bog‘lab hassakash bo‘lib turdi. Ammo yangam janozadan keyin bir marta ko‘ringani, qaytib kelmadi.

Qishlog‘imiz odamlari juda tadbirkor. Hatto sobiq ittifoq paytida OBXSS xodimlari quvib yurganda ham savdo bilan shug‘ullangan. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach tadbirkorlik uchun keng yo‘l ochildi. Men ham imkoniyatdan foydalanib, tuman markazida do‘kon ochdim.

Avvaliga ishim yaxshi edi. Keyin bir-ikki marta firibgarlarga chuv tushdim va ancha pulimni yo‘qotdim. Do‘kon peshtaxtalari bo‘shab qoldi. Mahsulot kamaygach do‘konga xaridorlar ham kam kiradigan bo‘lib qoldi.

Agar xaridor so‘ragan narsani «bizda tugagan» deb topib bera olmasangiz, u «qidirib yurgan narsam bularda yo‘q» deb qaytib do‘koningizga kirmay qo‘yadi.

Shu uchun biroz qarz olib bo‘lsa ham do‘konni mollarga to‘ldirishni va shu yo‘l bilan mijozlarni qaytarishni o‘yladim. Ammo hozir hamma o‘zidan ortmayapti, kimdan qarz so‘rayman?

O‘shanda xayolimga akam keldi. Ammo u yangamni «yengib chiqib» pul bera olarmikin? Tavakkal qilib akamning oldiga jo‘nadim.

U bilan ancha payt uyoq-buyoqdan suhbatlashib o‘tirdik. Gapni nimadan boshlashni bilmasdim. Akam nimadir so‘rab kelganimni sezib turardi. Shunchaki o‘zim gap boshlashimni kutayotgandi.

Oldiniga do‘kondagi vaziyatdan gap boshladim. Gapimning oxirida do‘konni mahsulotlar bilan to‘ldirish va shu yo‘l bilan mijozlarini qaytarish uchun ikki ming dollar kerakligini aytdim.

Men gapirib turganimda yangam choy olib kirish bahona bir-ikki marta oldimizga kirib chiqdi va pul so‘rab kelganimni bildi. Akam ikki ming dollarni berib turishga rozi bo‘ldi. Faqat yangamni ko‘ndirish uchun vaqt kerak shekilli «ertaga kel» dedi.

Ovqatlanib bo‘lgach akam bilan xayrlashib darvozadan chiqar ekanman, yangamning ovozi eshitildi:

«Ha, siz o‘lib-tirilib qiynalib pul toping-da, keyin ularni qarindoshlaringizga bo‘lib bering. Axir oldimizda qancha ishlarimiz bor»

​Yangamdan keyin akamning ovozi eshitildi:

«Sekinroq gapir, eshitib qoladi. Ukamga qo‘limdagi hamma pulni berib yuborayotganim yo‘q-ku! Do‘koni bor, so‘ragan vaqtimda qaytaradi».

Uyog‘ini eshitmadim va ko‘chaga chiqib ketdim. Uyga borgach bir qarorga keldim, ertaga akamning oldiga bormayman. Meni deb yana yangam bilan yaxshi-yomon bo‘lib yurmasin.

Taqdirni qarangki, o‘shanda hech kim kutmagan ish sodir bo‘ldi. Menga ikki ming dollar berishga qarshi bo‘lgan yangamning o‘ylamasdan qilgan bir ishi uchun akam to‘rt ming dollar pulidan ayrildi. Kamiga butun muzofotga sharmanda bo‘ldi.

Ertasi kuni tongda jarchi janozaga chaqira boshladi. Quloq solsam akamning qaynonasi o‘tib qolibdi. Xabarni eshitgandan tezda ta’ziya bo‘lgan xonadonga jo‘nadim.

Borsam, akam marhumaning yaqinlari qatorida bel bog‘lab turibdi. Janozani o‘qib, mayitni qabrga qo‘yib qaytar ekanmiz, akam qoldi, men uyga keldim.

Tushdan keyin kechroq birov chaqirib keldi va zudlik bilan akamga uchrashimni aytdi. Yo‘lda, «akam yangamning uyda yo‘qligidan foydalanib so‘ragan pulimni bermoqchi shekilli. Pulni olmayman» deb o‘yladim. Ammo u yerda tamomila boshqa holatning ustidan chiqdim.

Akamnikiga kirib borar ekanman, hovlida besh-o‘n chog‘lik qarindoshlar va qo‘ni-qo‘shnilar ko‘rindi. Menga peshvoz chiqqan akamning kayfiyati yo‘q edi.

Akamning aytishicha, tongda qaynonasining vafot etgani haqida xabar kelgandan u darhol otlangan. Yangam tong yorishgandan keyin borgan. Mayitni qabrga qo‘yib kelishgach, akam qaynilarining oldida birpas o‘tirgan va uyga qaytgan.

Uyga kirsa bolalarining qo‘l-oyog‘i bog‘langan, og‘ziga latta tiqilgan, xonalardagi narsalar tintib tashlangan holda emish. Darhol bolalarning qo‘l-oyoqlarini yechibdi.

Bolalarning aytishicha, yangam ham janozaga ketgandan so‘ng yuziga qora niqob taqqan uch kishi kelibdi. Bolalarni qo‘rqitib, qo‘l-oyoqlarini bog‘labdi. So‘ng xonalarga kirib hammayoqni tintishibdi. Pul saqlanadigan sandiqni ochib, ikki ming dollarni olib ketishibdi.

Hodisani eshitib hayron qoldim. Katta shaharlarda reket avjiga chiqqan paytlar edi, nahotki bizda ham paydo bo‘lgan bo‘lsa?! Bu ishni kim qilgan bo‘lishi mumkin?

​Akamdan bosqinchilar yana nimalarni olganini so‘radim. «Faqat ikki ming dollarni olib ketishgan. Yangang pullarning qolganini olib boshqa joyga yashirgan ekan. O‘sha xonada uning tilla taqinchoqlari ham bor edi. Bosqinchilar ularni ko‘rmay qolibdi shekilli, joyida turibdi», dedi.

Men borganimda akam hali ichki ishlarga xabar berishga ikkilanib turgan ekan. Darhol xabar berish kerak edi, deb urishib berdim.

Shundan keyin ikkalamiz tuman ichki ishlar bo‘limiga borib bosqinchilik haqida xabar berdik. O‘sha zahoti jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari biz bilan akamnikiga kelishdi.

Ular hovlini, keyin xonalarni obdan ko‘zdan kechirishdi. Hech qanday iz yo‘q. Oxirida esa bolalar bilan suhbatlashishdi.

Akamning ikkita katta qizi turmushga chiqib ketgan, o‘sha kuni uyda 13 yoshli o‘g‘li, 11, 9 va 7 yoshli qizlari bo‘lgan. Akamning o‘g‘li va qizlari IIB xodimlariga «Yuziga qora niqob taqqan uch kishi keldi. Bizni bog‘lab, og‘zimizga latta tiqishdi va pullarni olib chiqib ketishdi» deb javob berishardi.

IIB xodimlari bolalarga «Qora niqobli odamlar orasida bironta qo‘shnilargami yoki mahalladoshlargami o‘xshagani bormidi?" deb savol berganda qizchalar «bilmasak» deb yelka qisishdi. Akamning o‘g‘li esa «bittasini qo‘shnimizning o‘g‘liga o‘xshatdim», dedi.

IIB xodimlari darrov qo‘shnining o‘g‘lini topib kelib, akamning o‘g‘li bilan yuzlashtirishdi. Akamning o‘g‘li shu deb bosh irg‘ab qo‘ydi. Qo‘shnining o‘g‘li hayron qoldi va olib chiqib ketishayotganda «men bularnikiga bu yaqin orada kirmadim» dedi.

Qo‘shnining o‘g‘lini to‘rt kun tergov qilishdi. Akam bilan har kuni IIBga boramiz, natija yo‘q. Beshinchi kuni akamning o‘g‘lini ham olib ketishdi. Akamga «gumondor bilan yana bir marta yuzlashtiramiz» deyishdi.

O‘sha kuni tushga yaqin negadir qo‘shnining o‘g‘lini qo‘yib yuborishdi va yangamni olib ketishdi. Eshitib hayron bo‘ldim va bo‘limga yetib bordim. Tergovchining oldiga kirgan edim, u aslida hech qanday bosqinchilik bo‘lmaganini, hammasini yangam uyushtirganini aytdi.

Bu gapga ishonmay turganimni ko‘rib, tergovchi, yuring, deb bir xonaga boshladi. Kirsam akamning o‘g‘li yig‘lab o‘tiribdi.

«Polvon, nega yig‘laysan? O‘g‘il bola ham yig‘laydimi? Qani, nima bo‘lganini amakingga ham aytib ber-chi, keyin uyingga ketasan», dedi tergovchi unga.

«Buvim o‘lgan kuni ertalab onam avvaliga sandiqda turgan pullarni boshqa joyga yashirdi. Ko‘rpa-to‘shaklarni sochib tashladi. Qo‘limizni bog‘lab og‘zimizga latta tiqdi. So‘ng «dadang kelsa, bosqinchilar bizni qo‘rqitib pullarni olib ketdi», deb aytasizlar, dedi va janozaga ketdi. Dadam kelganda onam o‘rgatgan gaplarni aytdik», dedi.

Tergovchi akamning o‘g‘lidan, «nega o‘sha kuni bosqinchilardan biri qo‘shnimizning o‘g‘liga o‘xshar edi, deb bizni chalg‘itding?» deb so‘ragandi, u «qo‘rqqanimdan shunday deb yubordim», dedi.

Hammasi ma’lum bo‘lgandi. Yangam akam menga pul bermasligi uchun bosqinchilikni o‘ylab topgan va bolalarga gap o‘rgatib, ularni bog‘lab ketgan. Tergovchilarning xayoliga akamning o‘g‘lidan gumon qilish qayerdan kelgan bo‘lsa?!

«Qo‘shni bola bor-ku, o‘ziyam juda chayir ekan. Avvaliga bosqinchilikni sheriklari bilan o‘sha qilgan degan gumonga bordik. Ammo hech bo‘yin olmadi. Xodimlar bir-ikki musht tushirsa ham bosqinchiliik qilmaganini aytib turib oldi. Oxiri kaltak jonidan o‘tib ketgach akangizning o‘g‘lini so‘roq qilib ko‘rishimizni aytib qoldi. Jiyaningizni bo‘lim eshigidan olib kirishimiz bilan temir panjarani ko‘riboq, qo‘rqqanidan hammasini aytib berdi», dedi tergovchi.

Xudodan yashirmaganni bandasidan yashirmayman, shundan so‘ng akam ishni bosti-bosti qilish uchun o‘rtaga odam qo‘shdi. U akamga ashyoviy dalil sifatida olingan ikki ming dollardan kechishni, yana ikki ming dollar berishini so‘radi.

Men bu ishga qarshi bo‘ldim. Ammo akam «xotinim qamalib ketadi» deb o‘sha odam so‘ragan pulni berdi. O‘sha odam firibgar ekan, akamning pullarini o‘zlashtirib ketdi.

Yangam ma’muriy tarzda sudlandi va unga qanchadir miqdorda jarima jazosi berishdi. Ashyoviy dalil esa davlat hisobiga musodara qilindi.

Shu tariqa, yangamning «sharofati» bilan akam to‘rt ming dollaridan ayrildi. Kamiga er-xotin ikkalasi butun muzofotga sharmanda bo‘ldi.

O‘shandan keyin boshqa odamdan qarz oldim va biroz o‘tib ishlarim o‘rniga tushib ketdi. Ammo akam bilan oramizga sovuqchilik tushdi. Yangam esa xuddi hammasiga men aybdorday salom-alik ham qilmay qo‘ydi.

Orqavoratdan «o‘sha qarz so‘rab kelmaganda bu gaplar bo‘lmasdi» deganini ham eshitdim.

Shu tariqa akamnikidan qadamim uzildi. Yangamning meni ko‘rganida qoshini chimirib «hammasiga sen sababchisan» deganday qarashiga toqat qila olmasdim.

Mana o‘sha gaplarga ham 30 yildan oshdi. Oradan shuncha yillar o‘tib, hanuzgacha akam va yangam bilan oramizda ko‘rinmas to‘siq bor».

Otaxon hikoyasini tugatgach dasturxonga fotiha o‘qidi va xayrlashib ketdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid