«Retsepsiz dori sotishni taqiqlash, bolalarga antibiotik buyurishni to‘xtatish kerak» – xorijdagi onalar bolalar tibbiyoti haqida nima deydi?
Rivojlangan davlatlarda yashovchi o‘zbek onalarining ma’lum qilishicha, uy sharoitida ukol qilish, bolalarga ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lmasa antibiotik ichirish, retsepsiz dori sotib olish mumkin emas. Onalarning fikrlari bilan xorij va O‘zbekistonda bola parvarishi va uni davolash o‘rtasidagi farqlarni solishtirib chiqish mumkin.
«Dok-1 Maks» siropidan zaharlanib vafot etgan bolalar voqeasi ko‘pchilikni qayg‘uga solishi bilan birga xulosa chiqarishga ham sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, shu sabab bilan tibbiyot tizimida biror narsa o‘zgaradimi-yo‘qmi, bu so‘roq ostida. Lekin hamma o‘zi uchun ehtiyotkor bo‘lib, kichik yoshli bolasiga vrach retseptisiz dori ichirmasliklari, bola parvarishida har bir narsaga ehtiyotkor bo‘lishlari kerakligi haqida og‘riqli eslatma bo‘ldi.
Ayni mana shu voqea fonida xorijdagi onalarning chet el vrachlari bilan munosabatlari, ularning bola parvarishidagi tajribalari haqida intervyu qildik. Bu suhbat orqali turli rivojlangan davlatlarning bolalar tibbiyoti haqida qisman tasavvur olish mumkin.
“Kanadada antibiotik, shpritslar hammaga sotilmaydi”
Sevara Yo‘ldosheva, Kanadada yashaydi:
Kanadada ayol 8-12 hafta homiladorlik vaqti maxsus tashkil etilgan doya markaziga borib nazoratga turadi. Agar ayol sog‘lom bo‘lsa, to tug‘uruqqacha 2 marta ultratovush tekshiruvidan o‘tkazadi. Unga biriktirilgan doya tug‘uruqni ham o‘zi amalga oshiradi va ona-bolani 3 oygacha o‘zi nazorat qilib turadi. 3 oydan so‘ng ona va bolani oilaviy vrach nazoratga oladi. Bu jarayonlarda hamma xarajatlarni davlat qoplab beradi.
O‘zbekiston bilan Kanada o‘rtasida asosiy sezgan farqim – O‘zbekistonda bolalarga antibiotik yozib berishida. Bundan juda xafa bo‘laman, antibiotik zararli. Kanadada bolalarga antibiotik buyurilmaydi. Dorixonalarda antibiotiklar, shpritslar sotilmaydi. Faqatgina shifokor retsept qilib yozib bersa va retseptda vrachning ID-ma’lumotlari to‘liq bo‘lsagina sotiladi.
Kanadada bola parvarishida eng birinchi navbatda gigiyena, to‘g‘ri ovqatlanish va ota-ona munosabatlariga e’tibor beriladi.
O‘zbekistonda ham birinchi navbatda dorilar retsepsiz sotilishi to‘xtatilishini, antibiotiklar iste’moli kamaytirilishini xohlardim. Onalarga esa bolasiga beradigan har bir dori tarkibi bilan yaxshilab tanishib chiqishlarini tavsiya qilaman.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ham tibbiyot xodimlarini tayyorlashga katta e’tibor qaratish kerak. Kanadada shifokor bo‘lish juda qiyin. Yoshlar vrach bo‘lish uchun juda qattiq o‘qishadi. O‘zbekistonda ham vrachlarni o‘qitishni takomillashtirish bilan birga maoshlarini ham ko‘tarish kerak. Agar shifokor yaxshi oylik maosh olsa, qanaqadir firmalar bilan kelishib, dori sotish haqida o‘ylamaydi.
«Yaponiya ukoldan allaqachon voz kechgan, antibiotik – eng oxirgi chora»
Mahbuba Kamolova, uzoq yillar Yaponiyada istiqomat qilgan, ayni paytda O‘zbekistonda.
Yaponiya tibbiyot tizimi sug‘urta asosida ishlaydi. Har oy ma’lum miqdorda pul sug‘urta uchun to‘lanadi va bola istalgan xususiy klinikaga ko‘rikka olib borilganda klinika bepul xizmat ko‘rsatadi. Shifoxona esa pulni sug‘urta kompaniyasidan oladi. 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun har qanday tibbiy xizmat – oddiy ko‘rikdan to operatsiyagacha bo‘lgan barchasi bepul. Sug‘urta kompaniyasi bu xarajatlarni qoplab beradi. Bu – iqtisodiy tomoni.
Endi tibbiy madaniyat, tibbiy bilimni solishtiradigan bo‘lsak, aytadiganim: odamlar ham o‘zlariga zarur ma’lumotlardan xabardor bo‘lishi kerak. Masalan, normal tana harorati, qon bosimi, kasalliklarning davrlarini, tana haroratini tushirishni va shunga o‘xshash ma’lumotlarni bilish kerak. Kasallik o‘zi kuzatiladigan muddatdan o‘tmasa, har qanaqa ukol qilinsa ham, birdaniga tuzalib ketmasligini, dorini haddan oshirib yubormaslik kerakligini tushunish kerak.
Hozir O‘zbekistondamiz. Yaqinda oilaviy gripp bo‘lib, 4 nafar bolam bilan shifoxonaga yotdik. Vrach shifoxonaga borishimiz bilan antibiotiklar, osma ukollar yozdi, lekin men bolalarimning holatiga qarab ularni olishni rad qildim. Sababi bolalarim antibiotiksiz katta bo‘lishgan. Qabul payti qon topshirgandik, avval shuning natijasini ko‘rishimizni, keyin shunga qarab dorilarga rozi bo‘lishimni aytdim. Shunda vrachlarning ensasi qotdi, «Unda nega shifoxonaga yotasan?» deb urishib berishdi. Ertalab tahlil javoblari chiqqach bolalarimda osma ukol oladigan darajada jiddiy narsa yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Yaponlar o‘zini eplolmay, hushdan ketish, og‘zidagi narsani yutishga ham holi yo‘q odamgagina osma ukol ulashadi. Oyog‘i bilan yurib borgan odamga hech qachon bunday ukol qilinmaydi.
Biz ham shifoxonada yo‘talga qarshi oddiy tabletka, fizioterapiya va oddiyroq antibiotik – ampitsillin bilan tuzalib chiqdik.
Yaponiyada iloji boricha oddiy dorilar bilan bolani tuzatishga harakat qilishadi. Har bir dori bolaning tana og‘irligi va holati hisobga olinib, faqat o‘ziga moslangan dozada tayyorlab beriladi. Agar bolaning holati yaxshilanmasa, undan keyingi bosqichdagina antibiotik qo‘shishadi (uni ham ineksiya ko‘rinishida emas, poroshok dorilar tarzida berishadi).
Yaponiyada mushak orasiga ineksiya qilishganini deyarli uchratmadim, ular bu usuldan allaqachon voz kechishgan.
“Fransiyada dorilar retsepsiz sotilmaydi”
Sharofiy Shodiyabegim, Fransiyada yashaydi:
Fransiyada bola tug‘ilgandan to bir oylik bo‘lguncha uning holati tug‘uruqxona tomonidan nazorat qilinadi. Bir oy davomida har kuni pediatr uyga kelib bolani tekshiradi. O‘sha pediatrni keyinchalik boshqa vaziyatlarda ham ko‘rikka chaqirish mumkin. Hammasi 100 foiz bepul.
Mamlakatda maxsus ona va bola markazlari bor. Ular ona va bolaning ruhiy, tibbiy holatiga mas’ul. Bir oylikdan boshlab ana shu markaz har oyda bir marta ona va bolani ko‘rikdan o‘tkazib turadi, emlashlarni qiladi.
Bu davlatda dorilar, ayniqsa, antibiotiklar retsepsiz sotilmaydi. Agar dorixonachi antibiotikni retsepsiz sotgani aniqlansa, u javobgarlikka tortiladi. Vrachlar ham aynan nega antibiotik yozganini isbotlab berishi kerak. Uy sharoitida ukol olish mumkin emas. Qisqasi, fransuzlar dorini juda kam ichishadi, ba’zi odamlar hatto umri davomida antibiotik olmasligi mumkin. Bolalarga antibiotik dorilar faqat og‘ir holatlarda buyuriladi. Hattoki o‘g‘lim bronxit bo‘lganda ham antibiotiksiz tuzaldi. Bolaga beriladigan har bir vitamin, hatto paratsetamol ham nazoratda turadi.
Yana bir tarafi bolalarni emizish bo‘yicha ham maxsus shifokorlar bor, ularga qo‘ng‘iroq qilib ham kerakli maslahatlarni olish mumkin.
Yana bir asosiy jihat: bolani faqat oilaviy shifokor, kasal bo‘lganda esa ona va bola markazidagi vrach ko‘rishga haqli. Istalgan doktorga bolani olib borish mumkin emas. Faqatgina shoshilinch holatlarda «Tez yordam» chaqiriladi.
«Dorilarni litsenziyalash talabi qattiq bo‘lishi kerak»
Kamola Nasirova, AQShda yashaydi:
Amerikada bolani ko‘rikka olib borish uchun avvaldan qabulga yozilish kerak bo‘ladi. Vrachdan oldin bolani hamshira yoki shifokor yordamchisi ko‘radi. Ular ham diagnoz qo‘ya olishadi, dori yozi bera olishadi. Shanba-yakshanba kunlari esa «Tez yordam» klinikalariga murojaat qilish mumkin. U yerda umumiy amaliyot shifokorlari ishlashadi, ularning maqsadi birinchi muolajani qilish.
Mening taklifim: O‘zbekistonda shifokorlar tayyorlash tizimini yaxshilash kerak, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida o‘qish qattiq bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, dorilarni litsenziyalash talabi ham qattiq bo‘lishi, hamma o‘zicha dorixona ochib olavermasligi lozim. Masalan, AQShda FDA (Food and drug administration) ishlatishga ruxsat bermasa, birorta dori sotuvga chiqarilmaydi.
«90 foiz holatda bolaga suv, toza havo to‘g‘ri ovqatlanish buyuriladi»
Mehri Rahmetova, AQShda yashaydi:
AQShda yashaymiz, shifokor bolalarni ko‘rikdan o‘tkazgan 90 foiz holatda suv, toza havo, to‘g‘ri ovqatlanishni buyuradi. Isitma 38,5 dan baland bo‘lganda tushiriladi. Davolashga mo‘ljallangan dorilar ochiq sotuvda yo‘q, faqat mahalliy og‘riq qoldiruvchilar, vitaminlar, BAD (biologik faol qo‘shimcha)lar ochiq sotuvda. Ukol qilish degan narsa umuman yo‘q. Bu yerda bolalar asosan chiniqib, muzday narsalar yeb katta bo‘ladi.
Bir xorijlik tanishim O‘zbekistonga kelib, har qadamda dorixonalar borligini ko‘rib, shok bo‘lib qolgandi.
«Organizm kurashishiga qo‘yib berishadi»
Lobar Bahodirovna, AQShda yashaydi:
Amerikada shifokorlar bola tanasi kasallikka, masalan, virusga qarshi kurashishiga qo‘yib berishadi. Hatto tish shifokori ham qurtlagan tishni olib tashlashga shoshilmaydi: og‘rimayotgan bo‘lsa, bolaga chaynashiga yordam berish uchun saqlash mumkin deb hisoblaydi. Tabiiy holatga tashlab qo‘yilsa, organizm vazifasini o‘zi bilib qilishiga bolalarimda amin bo‘lganman. Bizda – O‘zbekistonda ham pediatrlar ota-onalarga shu usulni targ‘ib qilishni istardim.
«Retsept kompyuterlashgan»
Shahnoza Samadova, Janubiy Koreyada yashaydi:
Koreyada bola kasal bo‘lsa, antibiotik eng oxirgi chora sifatida yoziladi. Har bir retsept kompyuterda qanchadan va necha kun qay tartibda ichirilishi tushunarli qilib 2ta nusxada (biri bemor uchun, biri dorixona uchun) yozilib, albatta, pechatlanadi. Bizdagi kabi qo‘lda retsept yozilmaydi. Koreyada tibbiyotga biznes sifatida qarashmaydi.
Dilnoza, AQShda yashaydi:
Dastlab, Janubiy Koreyada bir muddat, hozir esa AQShda yashaymiz. Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda tibbiy sug‘urta joriy qilishni va antibiotiklarni faqatgina shifokor ruxsati bilangina kerakli dozalarda sotilishini taklif qilgan bo‘lardim.
«O‘zbekistonda, qimmatroq dori yozing, deyishadi»
Aynan shu mavzu yuzasidan bolalarini O‘zbekistonda katta qilayotgan shifokor ona – Muhayyo Hakimovadan ham intervyu oldik:
Kasbim bo‘yicha kardiolog-uzistman. O‘zbekistonda ham bolalarimni ukollarsiz katta qilyapman. Bizda tibbiy madaniyatda muammo bor. Agar bolaga faqat bitta yo ikkita dori yozib berib sog‘lom turmush tarziga amal qiling, desangiz, bolaning onasi sizni bilimsizlikda ayblaydi.
O‘zim kardiologman. Kasallarimga osma ukol yozmasam, «yozing, iltimos», deb turib olishadi. Xalqimizning ongiga kasal bo‘lib qolsa, ukol va osmalarsiz tuzalib bo‘lmaydi, degan fikr singib ketgan. Arzonroq dori yozsangiz ham «qimmatrog‘idan yozavering» deyishadi. Boshida unda «shifokor ko‘rigiga kelmasdan o‘zingizga dori yozib oling», deb jahl qilardim. Keyin tahlil qilib ko‘rsam, bunday fikrlash ongimizga chuqur singib ketgan, uni tozalamasak tibbiyotda ham oldinga siljish qiyin bo‘larkan.
Poliklinikalardagi navbat haqida ham aytib o‘tmoqchiman. Bir vrachga standartdan ancha ko‘p bemor to‘g‘ri keladi, lekin oylik juda past. Kasal ko‘pligidan shifokorning kitob varaqlashga ham, o‘z ustida ishlashga ham holi qolmaydi.
Yana bir ahamiyat berish kerak bo‘lgan narsa – qaynonalarning bola parvarishida aralashishlari, bolani o‘z vaqtida shifokorga ko‘rsatmaslik, onaning o‘z bolasiga vaqt ajrata olmasligi. Va eng katta muammo – qaynona-kelin mojarosi. Yaqin bir yilda uzoq tanishlarimning 4 va 6 oylik bolalari vaqtida shifokorga murojaat qilishmagani uchun vafot etdi.
Onalar bildirgan fikrlar asosida ularning tibbiyot tizimiga oid takliflarini jamladik:
- Dorilarni litsenziyalashga jiddiy qarash;
- Tibbiy sug‘urta tizimini joriy qilish;
- Dorilarni retsepsiz sotmaslik;
- Bemorlarga, ayniqsa, yosh bolalarga antibiotik buyurmaslik;
- Antibiotik, shpritslarni ochiq sotuvga qo‘ymaslik;
- Tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashni isloh qilish;
- Shifokorlar maoshini oshirish.
Ota-onalarga esa:
- Tibbiy madaniyatni shakllantirish;
- Bolani davolashda turli eskicha usullardan voz kechish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish;
- Gigiyenaga qat’iy amal qilish;
- Bolaga beradigan har bir dori tarkibi bilan jiddiy tanishib chiqish.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi
Mavzuga oid
10:31 / 22.12.2024
Bojxona postidan 9 oylik chaqalog‘ining kiyimlariga dori yashirib o‘tmoqchi bo‘lgan ayol ushlandi
15:25 / 05.12.2024
IJQKD dorilar xaridi qonuniyligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatadi
17:32 / 30.11.2024
Buyuk Britaniyada astma xurujlariga qarshi yangi dori ishlab chiqildi
20:33 / 25.11.2024