O‘zbekiston | 18:51 / 10.01.2023
10175
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo davlatlari 2023 yil uchun suvni taqsimlab oldi

Har bir mamlakat Amudaryo va Sirdaryo havzasidan qancha suv olishi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Asia-Plus

Markaziy Osiyo davlatlarining suv olish limitlari o‘tgan yilning noyabr oyida Ashxobodda Davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtiruvchi komissiyasi (DSMK) yig‘ilishida tasdiqlangan edi.

Limitga ko‘ra, bir yil ichida (2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 1 oktyabrgacha) Amudaryo havzasidan olinadigan suv miqdori 55,4 milliard kub metrni tashkil etishi kerak, shundan 15,7 milliardi vegetatsiyadan tashqari davrga to‘g‘ri keladi (2023 yil 1 aprelgacha), deb yozdi ASIA-Plus.

Kelishuvga ko‘ra, Tojikiston 9,8 milliard kub metr, O‘zbekiston 23,6 milliardga yaqin, Turkmaniston 22 milliard kub metr suv oladi.

Sirdaryo havzasidan suv olish limiti 4,2 milliard kub metrni tashkil etadi, shundan Tojikiston 365 million kub metr, O‘zbekiston 3,3 milliard, Qozog‘iston 452 million, Qirg‘iziston 47 million kub metr suv oladi.

Qayd etilishicha, 2022 yil vegetatsiya davrida Amudaryo havzasidagi suv miqdori ancha noaniq bo‘lgan: agar aprel-may oylarida u me’yoriy chegarada bo‘lsa, iyun oyidan boshlab 85-65 foizgacha kamaygan va me’yordan past bo‘lgan. Yuzaga kelgan vaziyatda foydalanilgan suv miqdori umumiy limitning 79,1 foizini tashkil qilgan. Jumladan Tojikistonda 95,3 foiz, Turkmanistonda 83,3 foiz, O‘zbekistonda 68,7 foiz suv iste’mol qilingan.

2022 yilning 1 aprelidan 30 sentabrgacha Sirdaryo havzasidan olinadigan suv limiti 11,8 milliard kub metrni tashkil etgan holda 10,1 milliard kub metr suv olingan.

DSMK navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil aprel oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadi, unda yangi qishloq xo‘jaligi mavsumining vegetatsiya davrida suv ta’minoti masalalari qo‘shimcha ravishda muhokama qilinadi.

Mavzuga oid