Jamiyat | 11:42 / 12.01.2023
27136
6 daqiqa o‘qiladi

Milliardlab dollar zarar va insonlar o‘limi: 2022 yilda jahon va O‘zbekistondagi eng yirik tabiiy ofatlar

O‘tgan yili sodir bo‘lgan eng yirik tabiiy ofatlarning aksariga «qaysidir davlat tarixidagi yoki nechadir asrdagi eng yomoni», deya ta’rif berilgan. Bu global iqlim isishi jadallashayotgani va shuning bilan insoniyat to‘laydigan tovon ham ko‘proq bo‘lib borayotganini anglatadi. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas.

Foto: Kun.uz

Iqlim o‘zgarishi tezlashib borishi hisobiga dunyo har yili tobora zararliroq va ko‘proq talafot olib kelayotgan, to‘lovi ham qimmatga tushadigan hodisalarini boshdan kechirmoqda. 2022 yilda har biri 3 mlrd dollardan ko‘proq zarar keltirgan 10 ta shunday tabiat hodisasi sodir bo‘ldi.

Milliardlab dollar zarar yetkazish bilan birga minglab insonlar bu tabiat hodisalari sabab vafot etdi, millionlab odamlar jabr ko‘rdi. Issiqxona gazlari iste’moli qisqarmas ekan, insoniyat to‘laydigan bu tovon narxi oshib boraveradi.

Top 10 ta eng ziyonli tabiat hodisasi

  • AQSh va Kubada sentabr oyida ro‘y bergan to‘fonlar. Bu to‘fonlar sabab millionlab odamlar elektr energiyasidan ma’lum muddat uzilib qoldi, qurbonlar yuz berdi. Har ikkala davlat ko‘rgan zarar hajmi 100 mlrd dollar atrofida baholangan.
  • Yevropadagi qurg‘oqchilik. Bundan ko‘rilgan zarar 30 mlrd dollardan oshiqroqqa baholanmoqda. Yevropa va Buyuk Britaniya o‘tgan yili boshidan kechirgan qurg‘oqchilik so‘nggi 230 yil ichida eng qattig‘i bo‘lgan. Yuqori harorat o‘rmon yong‘inlari kelib chiqishiga ham sabab bo‘ldi.

  • Xitoydagi suv toshqinlari. 12,3 mlrd zarar keltirgan.

Xitoy tarixidagi eng yirik suv toshqinlaridan biri bo‘lgan yozgi suv toshqinida millionlab odamlar boshpanasini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, minglab uylar yaroqsiz holatga kelgan. Umuman, 2022 yilda kuzatilgan va katta zarar keltirgan tabiiy ofatlarning aksariga qanchadir muddatda kuzatilgan eng katta talafot keltirgan hodisa sifatida ta’rif berilmoqda.

Xitoydagi qurg‘oqchilik. 8,4 mln dollarga tushdi.

2022 yilgi qurg‘oqchilik va issiq havo mamlakat tarixidagi eng yomoni bo‘lgan. Yuqori harorat 5,5 mln odamga, qurg‘oqchilik 2,46 mln odamga salbiy ta’sir ko‘rsatgan va 1,5 ming odam yashash joyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan.

  • Sharqiy Avstraliyadagi toshqinlar. 7,5 mlrd dollardan ortiq zarar keltirgan.

  • Pokistondagi suv toshqinlari. Kutilmagan darajadagi qattiq toshqinlar 5,6 mlrd dollarlik zararga keltirgan, 1,5 ming odam o‘limiga sabab bo‘lgan. 1,7 mln odam esa yashash joyini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

  • Yevropa va Buyuk Britaniyada ro‘y bergan Yunis bo‘roni. Keltirgan zarari — 4,3 mlrd dollar

  • Braziliyadagi qurg‘oqchilik. Zarari 4 mlrd dollarga teng
  • Karib dengizi va Kanadadagi Fiona to‘foni. Keltirgan zarari — 3 mlrd dollardan ortiq.
  • Sharqiy Afrikadagi toshqinlar. Zarar — 3 mlrd dollardan ortiq.

Bu hududda oxirgi 60 yilda kuzatilgan eng kuchli yog‘ingarchilikda kamida 306 kishi vafot etgan.

Moliyaviy zarar va o‘limlarning «taqsimlanishi»

Tabiiy ofatlar boy davlatlarga ko‘proq moliyaviy zarar keltiradi. Sababi putur yetadigan qimmatroq bino-inshootlar rivojlangan davlatlarda ko‘proq bo‘ladi. Qolaversa, zarar ko‘rgan odamlarga sug‘urta puli ham to‘lab berish kerak. Lekin, afsuski, tabiat hodisalari sabab kuzatiladigan o‘limlar ko‘proq kambag‘al davlatlar gardaniga tushadi.

O‘zbekistonda 2022 yilda qanday zararli tabiat hodisalari sodir bo‘ldi?

O‘zgidromet global isish O‘zbekistonga qanday ta’sir qilayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 40 daraja issiq bo‘ladigan kunlar davomiyligi, bahor va yoz oylarida anomal issiq davrlarning takroriyligi hamda jadalligi oshyapti, chang-qum bo‘ronlari hosil bo‘lyapti, sellarning intensivligi ortib boryapti.

Sellar

2022 yilda insonlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir o‘tkazgan tabiiy ofatlardan biri sellar bo‘ldi.

Iqlimshunos olimlar fikricha, global isish yog‘ingarchilik ko‘payishiga olib kelmaydi. Biroq ular ekstremal ob-havo hodisalarining ko‘payishiga, shu jumladan, anomal quruq yoki anomal nam davrlar takroriyligi ko‘payishiga olib keladi. Bunday holatda esa sel hodisasi kuchli bo‘lishi mumkin.

Aprelda Jizzax viloyati Forish tumanining Egizbuloq mahallasiga kelgan kuchli sel toshqini sabab 5 kishi vafot etdi, 6 kishi jarohatlandi. Sel sabab mahalla aholisi boshpanasidan ayrildi: 50 dan ortiq xonadon yashashga butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgan.

Surxondaryoning Uzun tumanida esa sel sabab 230 dan ortiq odam evakuatsiya qilingandi.

Anomal issiq

Iyunning oxirida havo harorati 41 darajagacha, iyul o‘rtalariga borib janub va cho‘l hududlarida esa 47 darajagacha yetdi.

Jazirama sabab energiya tizimida uzilishlar bo‘ldi. Hatto poytaxtda ham bir muddat elektr o‘chib qolish holatlari ko‘paydi.

Changli ob-havo

17 oktyabr kuni kechqurun Toshkent havosida mayda PM-2,5 dispers zarralari konsentratsiyasi ruxsat etilgan me’yordan 42 barobarga ortib, 212 mkg/m³ga yetdi. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston poytaxti bir muddat dunyo bo‘yicha havosi eng iflos shaharga aylandi.

O‘zbekistondagi hodisalar sabab qancha zarar ko‘rilgani haqidagi raqamlar bizga ma’lum emas. 

Mavzuga oid