O‘zbekiston | 18:08 / 15.01.2023
25724
6 daqiqa o‘qiladi

Buxoroliklar turistik majmua qurilishidan nega norozi bo‘lishdi? 

Buxoro shahar markazi buzilib turistik majmua qurilishi ma’lum bo‘lgach, bundan buxoroliklar norozi bo‘ldi. 14 yanvar kuni qurilish vaziri Buxoroga borishiga to‘g‘ri keldi – lekin uning ishtirokidagi matbuot anjumanida majmua qayerda qurilishi, markaz buzilish buzilmasligiga aniqlik kiritilmadi.

Hukumatning dastlabki rejalariga ko‘ra, Buxoro shahri markazidagi 29 ta obekt buzilib, 32,6 gektar hududda turistik majmua qurilishi kerak edi. Buxoroliklar bundan noroziligini bildirdi, OAV va jamoatchilik muammoga e’tibor qaratdi.

14 yanvar kuni qurilish vaziri Botir Zokirov va viloyat hokimi Botir Zaripov Buxoroda matbuot anjumani o‘tkazdi. Kun.uz muxbiri anjumanda ishtirok etib, mas’ullar va aholi tomonidan bildirilgan fikrlarni, muhim savollarga javoblarni jamladi.  

Dastavval Buxoro viloyati hokimi markazdagi «snos» masalasiga izoh berdi, rejaga ko‘ra buziladigan obektlarning 11 tasi tadbirkorlarning mulki hisoblanishini aytdi.

«Bu yerda 11 ta obekt xususiy tadbirkorlarning binolari davlat manfaatlari uchun olinadi, rozi bo‘lsa. Agar rozi bo‘lmasa biz taklif beramiz. Qanaqadir oldingi obektlarga o‘xshab oddiy fuqarolarga zarar yetmaydi. Hokimiyatchi dersiz, menga buncha katta hokimiyat kerak. Bunaqa joylarni ko‘paytirsak, turist ko‘payadi», – dedi u.  

Shundan keyin qurilish vaziri Botir Zokirov Buxoroning tarixiy markazi ichida supermarket va mashinalar turargohlari qurib bo‘lmasligi, shuning uchun bunday joylarni Buxoroning yangi turistik markazida qurish kerakligini aytdi.

Vazir YuNeSKO bilan kelishmasdan bitta ham «mix qoqilmasligi»ni aytdi. Uning ta’kidlashicha, loyiha taklifi ishlab chiqilib, fevral oyida aholi muhokamasiga chiqariladi. 

Avvalroq Kun.uz saytida YuNeSKO Buxoro turizm markazini qurish uchun tanlangan joy Buxoro tarixiy markazining bufer zonasida joylashgani, shu sababli loyihani qo‘llab-quvvatlamagani haqida yozilgan edi.

Tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sara Noshadi bu loyihani Buxoro tarixiy markazining muhofaza zonasidan 1,8 km uzoqlikdagi, «Gulchorbog‘» MFY Qalqon ko‘chasi yoqasidagi yer maydonida qurish maqsadga muvofiqligini taklif qilgan. 

Biroq negadir anjumanda mas’ullar bu haqda so‘z ochmadi. Kun.uz’ning bu haqdagi savoliga javoban qurilish vaziri «bitta gapni qayta-qayta aytmaslik, loyiha kelishilishi»ni aytdi.  

Nega Enter Engineering? 

Buxoro turizm markazi qurilishiga investor sifatida tanlab olingan Enter Engineering kompaniyasi borasidagi masala jamoatchilikda savollar va shubha-gumonlar tug‘dirmoqda. Qurilish vaziri bu kompaniya buxoroliklarga «begona» emasligini aytdi. 

«Enter Engineering sizning viloyatingizda ham ishlayapti. Sizlarga begona tashkilot emas. Ular Samarqand turizm obektini barpo qildi, tajribasi bor. Bir narsani aytaman: Samarqand tarixida oldingi loyihani Xitoy ham qildi, ammo Enter Engineering o‘zi loyihasi bilan proyektni qildi. U yerda ham lotlar bo‘ldi. Samarqandda [loyihani] oluvchilar bo‘lmagandan keyin o‘zi olishga majbur bo‘ldi», – dedi vazir 

Mas’ullardan Enter Engineering kompaniyasi borasida jamoatchilikka ochiq ma’lumot berish lozimligi, unga qachon va kim tomonidan hukumatning yirik loyihalari berilgani, uning ishlari qanchalik samarali – hammasi xalqqa ochiqlanishi kerakligi so‘raldi.  

Anjumanda buxoroliklar tomonidan yangragan ayrim fikrlar:

«Buxoroda aholining nimadir buzib qayta qurilishiga ishonchi qolmagan. Tilla bozor, Bukhara city va boshqa bozorlar shu jumladan. Tez buzilib, tez qurilish boshlanmayapti. Aholining qurilish tez bo‘lishiga ishonchi qolmagan».

«Pandemiya aholining salomatligiga shundoq ham salbiy ta’sir qildi. Yangi loyihangiz bo‘yicha yangi oqim chang, daraxtlar kesilishi - yana bir ekologik muammo. Bundan keyin aholining sog‘lig‘i yana yo‘qoladi. Shuni hisobga olib loyihani boshqa joyga ko‘chirishingizni so‘rayman. Siz aytgandek, 5 million turist oqimi mendan, yonimdagi odamdan, siz va qarindoshlaringizning sog‘lig‘idan ustun bo‘lsa, bemalol quravering».

«Savol Botir Zaripovga: uyimizda har ikki soatda svet o‘chib yonyapti. Bularni tuzatmasdan qanaqasiga shaharda qurilish qilish mumkin? Shu pullarga nega svet-gaz tuzatilmaydi. Sizga hokimiyat kerak bo‘lmasa, shundoq qolsin; stadion bor-ku, nega yangi qurish kerak. Faqat pulini o‘ylamang – bu bizning tariximiz, yoshligimiz o‘tgan joy».  

«Buxoroda 32 ming aholi bo‘lsa, bitta stadion bor. Bizda yuguradigan joy yo‘q. Harbiylar shu yerda normativ topshiradi. Turizm kerak, to‘g‘ri. Turistlar ham o‘sha stadionga borib yuguradi. Agar buzsangiz ham yangi stadion qurib berib, keyin buzing».

«Qanaqa turizm Buxoroda? Suv yo‘q, ekologiya buzilib ketgan. Bir vaqtlar Buxorodan chang bilan akatsiya hidi kelardi, hozir chang bilan mazut hidi keladi. Yana qurilish bilan battar bo‘ladi. Turizm deysizlar, bizda daraxt yo‘q, ammo sun’iy palmalar bor».

Madina Ochilova tayyorladi.

Operator va montaj ustasi Javohir G‘ayratov

Mavzuga oid