Jamiyat | 15:25 / 15.01.2023
29464
12 daqiqa o‘qiladi

«Qizlarimni keksayib qolgan otam uzatdi» – yolg‘iz ayolning kechinmalari haqida hayotiy hikoya

«Kenja qizimni uzatganimizda otam 70 yoshdan oshgandi va u to‘y o‘tguncha kira qildi. O‘shangacha otamning tengdoshlaridan ayrimlari dunyodan o‘tib ketgan, boshqalari qarib, o‘zini o‘zi eplay olmay qolgandi. Otamning keksayib qolganda ham kira qilib yurganini ko‘rganimda Alloh insonning harakatiga qarab kuch-quvvat berar ekan-da, deb O‘ziga hamd aytardim»

Foto: KUN.UZ

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub ham hayotda qiynalgan ayoldan ekan. Maktubda jamiyatimizning azaliy muammosi, qaynonaning kelinga o‘tkazgan zug‘umlari tilga olingan.

Ayolning yozishicha uchta qiz farzandi borligiga qaramasdan bir paytlar qaynonasi uning oilasini buzib yuborgan ekan. «Qizlarimga otam qaradi. Keksayganiga qaramasdan kira qilib ularni boqdi, tarbiyalab uzatdi», deb yozadi ayol.

«Maktabni bitirganimdan so‘ng otamning boshqa mahallada yashovchi oshnasi meni kelin qilish uchun sovchi bo‘lib keldi. Ota-onam sinashta oila deb rozi bo‘lishdi.

Ko‘p o‘tmay to‘yimiz bo‘ldi. Kelin bo‘lib tushgach bildimki, bu oilaning xo‘jayini qaynonam ekan. Qaynotam qaynonamning chizgan chizig‘idan chiqa olmasdi.

Erim oilaning to‘ng‘ich farzandi edi. Yana uch nafar qaynim bo‘lib, ular hali maktabda o‘qishardi. Qaynonamning xarakteri og‘irroq, sal narsaga ham janjal chiqarardi.

Qaynonamning zug‘umlari kamday qaynilarim ham bajargan ishlarimdan, pishirgan ovqatlarimdan ayb topib gapirishardi. Shu taxlit 7-8 yil yashadik va birin ketin qizlarimiz tug‘ildi.

Har gal o‘g‘il emas, qiz tug‘ilavergani qanonamga yoqmas, u shuni ham tez-tez yuzimga solardi. Hatto uchinchi farzandimga homilador bo‘lganimda u bolani oldirib tashlashimni aytdi. Ammo men ko‘nmadim.

Qaynonam har gal o‘g‘il nabirasi yo‘qligini betimga solganda unga «Xudoning bergani shu, shukr qilaylik, befarzand o‘tayotganlar qancha» derdim va battar baloga qolardim.

Bu orada qaynilarimdan birini uylantirdik. Shundan so‘ng ro‘zg‘or ishlarini ovsinim bilan birgalashib qila boshladik va menga sal yengilroq bo‘ldi.

Ammo endi boshqa muammo paydo bo‘ldi. Uch qizim, erim va men besh kishimiz, qaynim uylangan. Shunday holatda hovli katta oilaga torlik qila boshladi.

Shundan so‘ng erimga qishloq chetidagi yerimizda uy tiklab, alohida bo‘lib chiqish haqida gapirdim. Erim menga indamadi. Ammo oldimdan chiqib bu haqda qaynonamga aytibdi. Erim qaynonamga mening gaplarimni qay tarzda aytgan bilmadim-u, barcha kelishmovchilik shundan keyin boshlandi.

Ertalab nonushta qilayotganimizda qaynonam keskinroq ohangda gap boshladi:

«Ha kelin, alohida bo‘lgingiz kelib qoldimi? Chuchvarani xom sanabsiz. Siz hali-beri chiqmaysiz. Eringiz barcha ukalarini uylantiradi, ularni uyli-joyli qiladi, ana undan keyin to‘rt tomoningiz qibla. Ungacha esa bu mavzuda qayta og‘iz ochmang. O‘g‘lim bilan siz alohida bo‘lib chiqib ketsangiz qaynilaringizni kim uylantiradi? Kim uyli-joyli qiladi? Bu ishlar katta o‘g‘limning vazifasi, tushundingizmi?»

Qaynonamning gaplarini eshitib, «Biz alohida chiqsak uzoqlashib ketmaymiz-ku! O‘g‘lingiz qaynilarimga yordam beraveradilar» deganimni bilaman, qaynonamning asabi battar buzildi. Menga shu paytgacha doim siz deb muomala qilgan ayol sensirab haqorat qilib tashladi. Indamay turib ketishga majbur bo‘ldim.

Shundan so‘ng qaynonam men bilan gaplashmay qo‘ydi va bu ancha kun davom etdi. Keyin esa menga eshittirib erimga «xotiningni qo‘yvorasan, seni boshqa qizga uylantiraman» deyishga o‘tdi.

Erim uning gaplarini eshitib indamas, to‘g‘rirog‘i u onasiga qarshi chiqa olmasdi. Qolaversa, uch qiz tug‘ilganiga erim ham zimdan meni ayblardi.

Erim bir marta qaynonamga «Uch qizim bor, qanaqa qilib ajrashaman?» degandi, baloga qoldi. «Sen xotin quli bo‘lding, uni deb mendan ham kechasan. Senga bergan sutimga rozi emasman», deb u rosa ko‘zyosh to‘kib oldi.

Oxiri borib hammasini onamga aytib berdim. U otamga ta’na qildi: «Ro‘zg‘orini bilaman, yaxshi oila degan edingiz. Mana endi qizim  ko‘ryapti, qanaqa yaxshi oila ekanini».

Shundan so‘ng otam kelib qaynotam va qaynonam bilan gaplashdi. Ularga katta o‘g‘lini alohida qilib chiqarishsa yaxshi bo‘lishini, muammo kamayib, qaynilarimni ham uylantirishga bemalol sharoit bo‘lishi haqida gapirdi. Gapining oxirida «Alohida qilib chiqarsanglar men ham qarab turmayman, baholi qudrat yordam beraman», dedi.

Qaynotam otamning gaplarini eshitib «to‘g‘ri, to‘g‘ri» deb turar, qaynonam esa indamasdi. Ammo bu bo‘rondan oldingi sukunat ekan. Otam ketgach qaynonamdan eshitmagan gapim qolmadi:

«Senga anu kuni qancha gapirgan edim. Borib otangga shikoyat qildingmi? Oxirgi kunlarda o‘g‘limni boshqaga uylantiraman deganimga afsuslanib fikrimdan qaytayozgan edim. Shu tobda bir qarorga keldim, o‘g‘limni sendan ajratib onasi o‘pmagan qizga uylantiraman. Endi esa tur, yo‘qol. Qizlaringni ol-da, otangnikiga jo‘na».

Otamnikiga ketishni xohlamasdim, ammo majbur qilishdi. Qizlarimni olib, otamnikiga ketdim.

Hodisadan xabar topgan erimning qarindoshlari – tog‘alari, amakilari o‘rtaga tushib, qaynonamga oila buzish va bolalarni tirik yetim qilish yomonligini tushuntirishga urinishdi.

Ota-onam ham bir necha marta borib, qaynonam bilan gaplashib ko‘rishdi. Ammo uni hech qanaqasiga ko‘ndirib bo‘lmadi. Shundan so‘ng ajrashib ketdim.

Men ajrashgan paytda otamning yoshi 50 dan oshgandi. O‘sha paytda ukam hali maktabda o‘qirdi. Shundan so‘ng otamning ikki bolasi besh nafar bo‘ldi.

Ota hovlimda yashar ekanman, bir necha joydan xotini o‘lgan, oilasi bilan ajrashgan erkaklardan sovchi keldi. Ularning barchasi qizlarimni ota-onamga tashlab ketishimni talab qilardi. Men bunday talablarga ko‘nmadim va hayotimni qizlarimga bag‘ishladim. Ammo ularni har qanaqasiga boqa olmasdim.

Otam bechora qarigan chog‘ida avval eski «Moskvich» mashinasi bilan kira qilib bizlarni boqa boshladi. Keyinroq pulini ishlab uzishga eskiroq «Damas» oldi.

U ertalab bomdodga masjidga chiqar, so‘ng uyga qaytmay kira qilishni boshlardi. Uyga kech bo‘lganda kelardi. «Damas» bilan kira qilishni boshlaganda yoshi qariyb 60 ga yetgandi.

Bu orada ukam ham maktabni bitirdi va otamdan «Damas»ni so‘radi. Maqsadi otamning qo‘lidan yumushni olib, unga yordam berish edi. Ammo otam ko‘nmadi:

«Hozir senga mashinani berib dam olsam, hisobimizni yo‘qotib qo‘yamiz. 4-5 yilda opangning qizlari ulg‘ayib qoladi, sen uylanishing kerak, hali ko‘p pul kerak bo‘ladi. Shunga sen ijaraga boshqa mashina top va ishlagan pulingni yig‘ib qo‘yaver. Ertaga uylanishingda asqatadi. Menga esa indama, kuch-quvvatim yetguncha kira qilaveraman».

Shundan so‘ng ukam o‘ziga alohida mashina topdi va otam aytganday ishlagan pullarini yig‘ib qo‘yaverdi. Ro‘zg‘or yuki otamning zimmasida qolaverdi.

Otam kechki payt ishdan qaytayotib qizlarimga nimadir shirinlik ko‘tarib kelar va ularni xursand qilar edi. Qizlarim otamni bobo emas, menga o‘xshab ota deb chaqirishardi.

Oradan yillar o‘tdi. Bu orada ukamni uylantirdik. Shundan so‘ng otam hovlini ikkiga bo‘lib, uning ro‘zg‘orini alohida qilib qo‘ydi.

Bir kuni «Ota, nega unaqa qildingiz? Ro‘zg‘orimiz bitta bo‘lsa ham bizga malollik joyi yo‘q edi», desam u ibratli javob berdi:

«Qizim, bilaman, ro‘zg‘ordagi barcha yumush sen va qizlaringdan ortmaydi. Shunday bo‘lsa-da, kelin gapirmasa ham uning onasi yoki opalari «katta ro‘zg‘or qizimizning zimmasida qolib ketdi» deb o‘ylashi va gapirishi mumkin. Ro‘zg‘ordagi kelishmovchiliklar ana shunaqa mayda-chuyda gaplardan boshlanadi. Ularning ro‘zg‘orini alohida qilib qo‘ydim, endi o‘sha gap-so‘zlarga o‘rin qolmadi. Ukang bilan bitta joyda yashayapmiz, o‘g‘illik burchini unutib yubormasa, yordam qilaveradi».

Otamning gaplari o‘rinli edi. Ro‘zg‘or alohida bo‘lgani bilan ukam va uning xotini bizdan zinhor uzoqlashib ketmadi. Aksincha, baraka topishsin, ikkalasi ham qizlarimni uzatayotganimda ko‘p xizmat qildi.

Otamnikiga qaytib kelgach, o‘zim ham bekor o‘tirmay deb chopon tikdim, boshqa ishlarni qildim. Ammo ayol kishining topgan puli nima bo‘lar edi.

Qizlarim ulg‘aygach ular ham chopon tikishni o‘rganib menga yordamchi bo‘lishdi. Ammo baribir ro‘zg‘orning yuki otamning gardanida qolaverdi.

O‘sha paytlarda qizlarim maktabni bitirsa o‘qitaman, deb orzu qilardim, ammo bunga sharoit bo‘lmadi.

O‘tgan yillar davomida erim biron marta ham qizlaridan xabar olmadi, yo‘qlab kelmadi. U haqdagi gaplar menga ham yetib kelar, hayoti keyin ham yaxshi bo‘lmagan.

Qaynonam uni yana ikki marta uylantiribdi. Ikkinchi xotinini ham qaynonam bir qizchasi bilan quvib yuborgan ekan. Hozir uchinchisi bilan yashayapti.

Qaynonamning zug‘umlariga chiday olmagan qaynotam ota uyimga qaytganimdan so‘ng ko‘p o‘tmay yurak kasali bilan vafot etdi. Bilishimcha, hozir qaynonam birorta o‘g‘lini ham alohida qilib chiqara olmay, bitta hovlida siqilishib yashashyapti.

Otam 65 yoshga kirganida katta qizimni, keyin navbati bilan boshqalarini ham uzatdik. Qizlarim yaxshi oilalarga kelin bo‘lib tushgan. Ularning kelajagidan xavotirim yo‘q. Endi ukamning bolalari ovunchog‘imga aylangan.

Kenja qizimni uzatganimizda otam 70 yoshdan oshgan edi va u to‘y o‘tguncha kira qildi. O‘shangacha otamning tengdoshlaridan ayrimlari dunyodan o‘tib ketgan, boshqalari qarib, o‘zini o‘zi eplay olmay qolgandi.

Otamning keksayib qolganda ham kira qilib yurganini ko‘rganimda Alloh insonning harakatiga qarab kuch-quvvat berar ekan-da, deb O‘ziga hamd aytardim.

To‘ydan so‘ng otam kira qilishni to‘xtatdi. Mashinani boshqa bir haydovchiga ijaraga berib yubordi. Hozir oyma-oy ijara pulini oladi. Buyoqda pensiyasi bor. Endi oyog‘ini bemalol uzatib dam olyapti».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid