Jamiyat | 16:35 / 16.01.2023
15782
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari markazlarining barcha resurslari fuqarolarga yordam rejimiga o‘tkazildi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Davlat xizmatlari markazlarining barcha resurslari fuqarolarga yordam rejimiga o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal sovuq va uning oqibatlarini yengillatish uchun respublikadagi barcha davlat xizmatlari markazlarida fuqarolarning og‘irini imkon qadar yengillatish maqsadida qator qulayliklar joriy etildi.

Birinchidan, fuqarolar biror ish bilan DXM yaqinida tashqarida turib qolsa – hatto DXMda ishi bo‘lmasa ham – ichkariga kirib isinib olishlari mumkin: ularga bir piyola issiq choy, shinam kutish zallari hozir.

Ikkinchidan, barcha DXMga tashrif buyurayotgan (Toshkent shahri mustasno) pensioner, nogiron, yosh bolali fuqarolarni xizmat avtomashinasi «Damas»larda zarur hollarda avtobuslar bekati, shahar yoki tuman markazi, uyiga qadar yetkazib qo‘yish to‘g‘risida rahbariyat tomonidan topshiriq berildi.

Uchinchidan, barcha DXM energiyatejamkor rejimda ishlamoqda: kunduz kuni chiroqlar yoqilmaydi, faqat kompyuter va fuqarolarga ma’lumot beruvchi tablolar ishlaydi.

Shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘chaga chiqmay, uydan turib olish imkoniyatlari ham yana bir bor eslatiladi.

my.gov.uz, license.gov.uz hamda new.birdarcha.uz portallari orqali uydan chiqmagan holda elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mumkin

Masalan, my.gov.uz orqali:
– sanatoriylarda davolanish  yo‘llanmasini olish;
– masofadan turib bolani bog‘chaga navbatga qo‘yish va navbatni tekshirish;
– nikohdan o‘tishga onlayn ariza topshirish mumkin.

«Lisenziya» axborot tizimi orqali litsenziyalash va ruxsat berish hujjatlari uchun ariza berish, kabinet orqali tashkilotga tegishli ma’lumotlarni olish, litsenziyalar reyestridan ma’lumotlar izlash imkoniyatlari mavjud.

Biznesni new.birdarcha.uz orqali uydan chiqmagan holda oson va tez boshlash imkoni yaratilgan.

Mavzuga oid