Jahon | 13:04 / 16.01.2023
18841
2 daqiqa o‘qiladi

ISW: Kreml hal qiluvchi strategik harakatlarga tayyorlanyapti

Kreml kelgusi 6 oy ichida tashabbusni qayta qo‘lga kiritish va Ukrainaning operativ muvaffaqiyatlari seriyasiga chek qo‘yish uchun «hal qiluvchi strategik harakatlarga» tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSh Urushni o‘rganish instituti (ISW) yangi hisobotida aytilgan.

Foto: Volodimir Zelenskiy telegram-kanali

Tahlilchilar bunday harakatlar uchun bir-birini istisno qilmaydigan bir nechta variantni ko‘rib chiqyapti

Shu tariqa, Rossiya armiyasi Luhansk viloyatida yirik hujum uyushtirishga harakat qilishi mumkin, deb hisoblaydi ISW ekspertlari. 

Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlari Xerson yoki Zaporijjya viloyatlarida hujum uyushtirishi dargumon va bu hududlarda mudofaa amaliyotlariga ustuvor ahamiyat berishadi, deydi tahlilchilar.

Hisobot mualliflari yana bir «hal qiluvchi strategik harakat» sifatida Rossiya tomonining Ukraina qarshi hujumini qaytarish va Ukrainani tashabbusdan mahrum qilish, uning mexanizatsiyalashgan kuchlari muhim qismini yo‘q qilish bo‘yicha ehtimoliy urinishini keltirgan. 

Bu Rossiya harbiylariga qarshi hujumni rivojlantirishga imkon berishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi ISW ekspertlari.

Shu bilan birga, Rossiya armiyasining Ukraina shimoliga hujum qilishi hozircha dargumon, deb hisoblaydi tahlilchilar. 

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Belarusdagi Rossiya kuchlari tezkor zarba berish guruhi uchun zarur bo‘lgan qo‘mondonlik va nazorat tuzilmalarini o‘rnatgani haqida hech qanday dalil yo‘q. 

Biroq Kreml rejalashtirilgan «G‘arb-2023» va «Ittifoq qalqoni-2023» mashg‘ulotlari oldidan Belarusdagi Rossiya harbiy ishtirokini kengaytirishi mumkin, deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.

Mavzuga oid