O‘zbekiston | 13:58 / 16.01.2023
16437
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Toshkentning bosh rejasi Singapur kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi

Singapurning Meinhardt guruhi bilan hamkorlikda Loyiha-injiniring markazi tashkil etiladi. Markaz “Yangi Toshkent” aqlli shahrining birinchi bosqichi bosh rejasi va kimyo-farmatsevtika sanoati korxonalari qurilishi bilan shug‘ullanishi ko‘zda tutilmoqda.

Toshkent bosh rejasining loyiha taqdimoti / Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Singapurda Meinhardt Group raisi Shahzod Nasim bilan uchrashdi. Tomonlar davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qo‘shma loyihalarni, infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

Singapur kompaniyasi rahbariyatiga birgalikda ishlab chiqish uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi. Muhokama yakunida, tomonlar qo‘shma Loyiha-injiniring markazini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Markazning asosiy vazifasi shaharsozlik va sanoat sohalaridagi tashabbuslarda ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘ladi.

“Yangi Toshkent” aqlli shahri birinchi bosqichi bosh rejasini ishlab chiqish, hamda zamonaviy kimyo va farmatsevtika sanoat korxonalarini barpo etish shular jumlasidan. Markaz uchun malakali kadrlar Singapur korxonasi tomonidan tayyorlanadi.

Foto: Dunyo

Laziz Qudratov, shuningdek, Indorama Corporation kompaniyasi direktori Prakash Kejrival bilan ham uchrashdi. Uchrashuvda to‘qimachilik va kimyo sanoatida yangi loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, Laziz Qudratovning Singapur kompaniyalari bilan mazkur kelishuvlari prezident Shavkat Mirziyovning Singapurga davlat tashrifi arafasida ro‘y bermoqda.

Ma’lumot uchun, Yangi Toshkent poytaxtning sharqiy qismida, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo etilishi, 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Birinchi bosqichda 6 ming gektarda qurilishlar qilinadi.

Mavzuga oid