O‘zbekiston | 00:13 / 17.01.2023
65217
6 daqiqa o‘qiladi

III chorak onlayn boshlanishi mumkin, hududlarda qishki ta’til yana uzaytirilmoqda

Qator viloyatlardagi barcha ta’lim muassasalarida darslar 18 yanvarda emas, 23 yanvarda boshlanishi e’lon qilindi.

16 yanvar kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri mahalliy hokimliklar bilan videokonferensiyada uchrashib, III chorakni onlayn boshlash masalasini muhokama qilgan.

«Ayni damda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o’quvchilarni ob-havo sharoitlari barqarorlashguniga qadar vaqtincha onlayn ta’lim tizimiga o’tkazish masalasini ko‘rib chiqmoqda»,– deyiladi vazirlik rasmiy xabarida.

Qayd etilishicha, vazir mahalliy hokimliklar joylardagi umumta’lim muassasalarining tayyorgarlik holatini yana bir bor qayta tahlil qilish zarurligini ta’kidlagan.

Buxoro viloyati hokimligi hududda joylashgan barcha darajadagi ta’lim muassasalari uchun qishki ta’til yana bir bor uzaytirilgani haqida xabar berdi.

«Joriy haftada ham ob-havoda pasayishi kuzatilayotgani, shuningdek, ona-onalarning talab va istaklarini inobatga olib, viloyatdagi maktabgacha, maktab va professional ta’lim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy o‘quv yurtlarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi», – deyiladi izohda.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi(hozirgi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi) ham rasmiy munosabat bilan chiqdi:

«Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotgani tufayli Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til 2023 yil 23 yanvarga qadar uzaytirildi. O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi».

Xorazm viloyatida ham ta’lim muassasalari 23 yanvardan ochiladi. Viloyatdagi bog‘cha, maktab va Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi. Bungacha ushbu muddat 18 yanvargacha edi.

Toshkent shahridagi barcha ta’lim muassasalarida (maktablar, litsey va kollejlar hamda oliy ta’lim dargohlari) o‘qish 23 yanvardan boshlanadi.

Toshkent shahar hokimligi hamda boshqa mas’ul tashkilotlar tomonidan ta’lim obektlaridagi harorat belgilangan me’yorda bo‘lishi nazoratga olinishi aytilgan.

Toshkent viloyati hokimligi maktablarda qishki ta’til yana uzaytirilganini e’lon qildi.

«Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ota-onalarning iltimosiga ko‘ra, anomal ob-havo tufayli yuzaga kelgan murakkab shart-sharoit tahlil qilindi, ota-onalar kengashi vakillari bilan maslahatlashildi. Xususan, kelayotgan besh kunlikda ham hudud anomal ob-havo ta’sirida bo‘lishi haqidagi mutaxassislarning bildirgisi muhokama qilindi. 

Shulardan kelib chiqqan holda, Toshkent viloyatida Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, o‘rta-maxsus ta’limi muassasalarida o‘qishlar 23 yanvardan boshlanishi haqida qaror qabul qilindi. O‘z navbatida, viloyatdagi Oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlarning boshlanish sanasi har bir o‘quv yurtining ichki imkoniyat va shart-sharoitidan kelib chiqib, rektorlar tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi», deyilgan xabarda.

Surxondaryo viloyati ham bu trendga qo‘shildi.

«Viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, Surxondaryo viloyatidagi mavjud barcha darajadagi ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlari 18 yanvardan boshlanishi belgilangan edi. Biroq joriy haftada ham ob-havoda pasayish kuzatilayotganligi, shuningdek, ota-onalarning talab va istaklarini inobatga olib, viloyatdagi maktabgacha, maktab va professional ta’lim muassasalari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy o‘quv yurtlarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi. O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi», deyiladi xabarda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bog‘cha, maktab hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi (bungacha 18 yanvargacha edi).

O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi.

Namangan viloyatida bog‘cha, maktab hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi (bungacha 18 yanvargacha edi). 

O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi ham viloyatdagi bog‘cha, maktab hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, shuningdek, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida qishki ta’til 22 yanvarga qadar davom etib, an’anaviy darslar 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanishini e’lon qildi.

Sirdaryo viloyatida bog‘cha, maktab hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida ham o‘quv jarayonlari qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi (bungacha 18 yanvargacha edi).

O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi.

Jizzax viloyatidagi maktablarda qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi. Viloyat XTB o‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanishini ma’lum qildi.

Navoiy viloyatidagi barcha maktablarda qishki ta’til 22 yanvarga qadar uzaytirildi (bungacha 18 yanvargacha edi). O‘quv mashg‘ulotlari 23 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi. Navoiydagi davlat bog‘chalari 19 yanvardan to‘liq faoliyatini boshlaydi.

Samarqand viloyatida esa barcha maktablarda ertaga, 18 yanvardan o‘quv mashg‘ulotlari boshlanadi. Bungacha ham viloyatdagi sharoiti yaxshi 500 dan oshiq maktabda darslar an’anaviy boshlab yuborilgan edi.

Farg‘ona viloyati birinchi bo‘lib maktablarda qishki ta’tilni 18 yanvarga uzaytirgandi. Bugun viloyatdagi bog‘chalarda ta’til 23 yanvargacha uzaytirilgani ma’lum qilindi, maktablar bo‘yicha o‘zgarish yo‘q. OTMda o‘qish 11 yanvardan buyon davom etmoqda.

Mavzuga oid