Jahon | 13:32 / 18.01.2023
43305
4 daqiqa o‘qiladi

Brovarida vertolyot quladi. Qurbonlar ko‘p, ular orasida Ukraina ichki ishlar vaziri ham bor

Vertolyot bolalar bog‘chasiga qulab tushgan. Jami 16 kishi halok bo‘ldi.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Kiyev oblasti Brovari shahrida vertolyot halokatga uchrashi oqibatida 16 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina politsiyasi xabar berdi. Ukraina prezidenti ofisiga ko‘ra, 30 kishi yaralangan. Avvalroq Kiyev oblasti ma’muriyati rahbari Aleksey Kuleba qurbonlar soni 18 nafar ekanini aytgandi.

Qurbonlar orasida — uch bola bo‘lgan, yana 12 nafar bola jarohat olgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, vertolyotda bo‘lgan barcha to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Ukraina prezidenti ofisidan ma’lum qilishlaricha, qolgan qurbonlar va jabrlanganlar — vertolyot kelib qulagan bolalar bog‘chasi xodimlari va tarbiyalanuvchilari bo‘lishgan.

Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati vertolyoti 18 yanvar kuni soat 8:10 atrofida qulab tushgan. Brovari rahbari Igor Sapojkoning taxmin qilishicha, qalin tuman vaqtida Eurocopter AS 332 Super Puma vertolyoti bolalar bog‘chasi va ko‘p qavatli uy o‘rtasida qulab tushgan, shundan keyin yong‘in boshlangan. «Kuchli portlashdan bolalar bog‘chasi binosi va eng yaqin joylashgan uylardan biri vayron bo‘lgan», — degan shahar rahbari. Bog‘chadagi bolalar va xodimlar evakuatsiya qilingan.

Aviahalokatda Ukraina IIV rahbari Denis Monastyrskiy halok bo‘lgan, bu haqda Ukraina Milliy politsiyasi rahbari Igor Klimenko ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirga hamrohlik qilgan birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Yenin va davlat kotibi Yuriy Lubkovich ham halok bo‘lishgan. Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenkoning ma’lum qilishicha, IIV rahbariyati vertolyotda «qaynoq» nuqtalardan biriga komandirovkaga ketayotgandi.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA
Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Tergov vertolyot halokati bo‘yicha uch versiyani ko‘rib chiqmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, bular parvoz qoidalari buzilishi, vertolyot texnik nosozligi yoki havo kemasini yo‘q qilishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakat. «Tergov hozirda mavjud bo‘lgan barcha ehtimoliy versiyalarni ishlab chiqmoqda», — degan Ukraina ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vadim Denisenko.

Ukrainaning «Tribuna — Brovari» nashri xabar qilishicha, vertolyot quyuq tuman vaqti qulab tushgan: taxminlarga ko‘ra, uchuvchi qarshisidagi ko‘p qavatli binoni ko‘rmay qolgan, ko‘rganida birdan yuqorilay boshlagan va boshqaruvni yo‘qotgan. Guvohlardan biri ukrain nashrlariga halokatdan oldin vertolyot «Fora» supermarketi uzra uch bor aylangani, «markaz tomon uchgani, keskin pastlay boshlagani, urilgani va yonib ketganini» ko‘rganini aytgan.

Halokat fakti bo‘yicha jinoiy ish ochish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Kiyev oblasti politsiyasi boshlig‘i Andrey Nebitovning aytishicha, tekshiruv ishlarida Ukraina xavfsizlik xizmati va Davlat tekshiruvlar byurosi tergovchilari qatnashmoqda. Politsiya, shuningdek Ukraina prezidenti ofisi halokat guvohlarini politsiyaga murojat qilishga chaqirgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Brovarida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Mavzuga oid