O‘zbekiston | 14:41 / 18.01.2023
11032
7 daqiqa o‘qiladi

“Ilmiy asoslanmagan loyihalar taklif etilayotgani xavotirli” – fan doktori Buxoroda qurilishi rejalashtirilayotgan turizm markazi haqida

O‘zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti laboratoriya mudiri, kimyo fanlari doktori Noira Vohidova Buxoro shahrida qurilishi kutilayotgan turizm markazi rejasini puxta o‘ylanmagan qaror deb atadi. Faoliyati davomida arxeologik obektlar va muzey eksponatlari restavratsiyasi jarayonida ko‘p marta ishtirok etgan olim YuNeSKO tasarrufidagi obidalarning bufer zonasida joylashgan hududda qurilish ishlarining olib borilishi nihoyatda katta madaniy-tarixiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Foto: "Podslushano v Buxare" Telegram-kanali

O‘zFA Arxeologik tadqiqotlar institutining hisoblashicha, O‘zbekiston hududida 5391 ta arxeologik va 279 ta arxitektura yodgorliklari joylashgan bo‘lib, faqat ro‘yxatdan o‘tgan 500 ga yaqin muzeylar bor va ularda turli materiallardan (metall, qog‘oz, mato, sopol, keramika, loy va h.k.) yasalgan tarixiy-madaniy eksponatlar saqlanadi.

Biroq keyingi yillarda respublikamizda turizmni rivojlantirish, sayyohlarni jalb qilish maqsadida ko‘hna shaharlarimizda puxta o‘ylanmagan loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, Shahrisabz shahrida bir necha asrlik qadimiy yodgorliklar buzilib, ular o‘rniga zamonaviy bino va inshootlar tashkil etildi. Bir qator tarixiy yodgorliklar esa asl ko‘rinishini yo‘qotib, YuNeSKO talablariga javob bermay, ziddiyatli vaziyatlarga olib keldi. Holbuki, ularni asrab keyingi avlodga yetkazish bizning asosiy vazifamiz edi.

Shuni inobatga olib, avvalo shu yurt farzandi, qolaversa, arxeologik obektlar va muzey eksponatlari restavratsiyasi uchun kimyoviy preparatlar sintezi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan va respublikamiz muzeylarida olib borilgan restavratsiya ishlarida ishtirok etgan ilmiy xodim sifatida Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan Turizm markazi bo‘yicha o‘z fikrimni bildirishni burchim deb bilaman.

Turizm keng tushuncha bo‘lib, uning ekoturizm, ziyorat turizmi, davolanish-sog‘lomlashtirish turizmi, sport turizmi, etnografik, ekstremal turizm, gastronomik va sayohat turizmi, tarixiy-madaniy turizm kabi ko‘plab turlari mavjud. Har bir davlat o‘z imkoniyati, geografik joylashuvidan kelib chiqib, turizmning u yoki bu yo‘nalishini rivojlantiradi. Faqatgina to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan turizm iqtisodiyotga katta naf keltiradi.

Hech kimga sir emas, O‘zbekistonda asosan tarixiy-madaniy turizm nisbatan rivojlangan va sayyohlarni ko‘hna obidalari bilan jalb qiladi. Keyingi yillarda esa “Ziravorlar”, “Xon atlas”, “Sharq taronalari” kabi turli nomdagi festivallar, anjumanlarning tashkil etilishi ham sayyohlar e’tiborini tortmoqda.

Aytish joizki, Buxoroda YuNeSKO tomonidan muhofaza qilinadigan eski shahar qismidan uncha uzoq bo‘lmagan radiusda “Zamonaviy turizm markazi” ning tashkil etilishi haqidagi xabar haqli tarzda katta bahslarga sabab bo‘ldi. Bir tomondan yurtdoshlarning vatanparvarligi quvontirsa, boshqa tomondan mutasaddilar tomonidan ilmiy asoslanmagan loyihalarning taklif etilayotgani xavotirimizni oshirdi.

Hozirgi sharoitda turizmni rivojlantirish uchun zamonaviy komplekslar va sayyohlar oqimini ko‘p jalb etayotgan qadimiy obidalarni bir-biri bilan uyg‘un ravishda, ularga ziyon yetkazmasdan barpo etish masalalarida yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarur.

Voqealar tadriji shuni ko‘rsatmoqdaki, bizda turizm marketingi bo‘yicha kompleks tahlillar va prognozlar mavjud emas yoki faqat hisobotlardagina qolib ketyapti.

Buxoroning eski shahar va zamonaviy qismlari tutashgan, YuNeSKO tasarrufidagi obidalarning bufer zonasida joylashgan hududda keng masshtabdagi qurilish ishlarining olib borilishi nihoyatda katta madaniy-tarixiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Yerning turli qatlamida namlik darajasining oshishi, har xil amplitudadagi tebranishlar g‘ovak strukturaga ega g‘ishtdan qurilgan qadimiy arxeologik obidalarning saqlanishiga katta xavf tug‘diradi. Bu loyiha uchun tanlangan hudud respublikamiz uchun nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy oqibatlariga ko‘ra ham o‘zini oqlamasligi ehtimoli katta. Bundan tashqari, O‘zbekiston hududida har bir tarixiy davrga xos bo‘lgan arxitekturaning saqlanib qolinishi dolzarbdir.

Taklif etilayotgan loyiha Buxoroning shimoliy-g‘arbiy qismidan 40 km masofada joylashgan, eramizgacha I asr – eramizning XII asri davomida sivilizatsiya markazi bo‘lgan va hozircha sayyohlar e’tiboridan chetda qolgan, faqatgina ilmiy ekspeditsiyalar olib boriladigan zona – buxorxudotlar davrida sivilizatsiya markazi bo‘lgan qadimgi Varaxsha hududiga yaqin joyda tashkil etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi! Bu nafaqat cho‘l zonasidagi turizm uchun yangi yo‘nalish, balki qo‘shimcha ish joylarining tashkil etilishi, qishloq joylarida zamonaviy infrastrukturaning rivojlanishi singari muammolarga ham yechim bo‘lardi.

O‘zbekiston o‘z tarixi va madaniyati bilan turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, shuningdek, uni yangi bosqichga olib chiqish singari imkoniyatlarga ega. Bu uchun faqat puxta o‘ylangan, ilmiy asoslangan loyiha va tadbirlarni amalga oshirishning ahamiyati katta.

Avvalo respublikamiz iqlim sharoitlariga mos, qadimiy arxeologik obektlar va muzey eksponatlarining konservatsiya va restavratsiyasi uchun barcha talablarga javob beruvchi konservantlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Bugungi kunda ochiq osmon ostidagi muzeylar yurtida birorta kimyoviy modda sanoat miqyosida ishlab chiqarilmaydi!

O‘zR Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida polibutilmetakrilat preparati ishlab chiqilgan bo‘lib, bu kimyoviy modda tarix fanlari doktori, O‘zR xizmat ko‘rsatgan Fan Arbobi A.Abdurazzoqov va Geologiya muzeyi direktori A.Ahmedshoyevlar rahbarligida 2013 yilda Toshkent viloyati Ovjazsoy hududidan topilgan qadimiy mamontlarning ajdodi – arxidiskodon qoldiqlarini ta’mirlashda qo‘llangan.

Shu bilan birga, Samarqanddagi Arxeologik tadqiqotlar ilmiy-tekshirish instituti laboratoriya mudiri M.A.Reutova tomonidan Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi eksponatlari, Fayoztepa, Munchoqtepadan topilgan yodgorliklarni ta’mirlashda mazkur konservant yaxshi samara bergan. Polibutilmetakrilat preparati turli materialdan qilingan eksponatlar restavratsiyasida ishlatilishi mumkinligi bilan ajralib turadi.

Shuningdek, hunarmandlar tomonidan respublikamizdagi noyob muzey eksponatlari va yodgorliklarining kichik maketlarini yasash, ochiq osmon ostidagi muzeylarga e’tiborni kuchaytirish, onlayn-muzeylar tashkil etish, audio va videogidlar uchun maxsus mobil ilovalar yaratish va eng asosiysi O‘zbekistonimizdagi barcha muzeylarning omborxonalarida saqlanayotgan minglab eksponatlar restavratsiyasini yo‘lga qo‘yish singari tadbirlar, shubhasiz, yurtimiz tarixiy madaniyatiga qiziqish uyg‘otadi va uning turizm salohiyatini oshiradi. Butun O‘zbekiston bo‘ylab, aviasayohatlarning tashkil etilishi esa nafaqat tashqi, balki ichki turizm uchun ham yangi gorizontlarni ochishi tabiiy.

Noira Vohidova,
kimyo fanlari doktori

Mavzuga oid