O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudini tashkil qilish vaqti keldi - yuridik fanlari doktori
Bu orqali O‘zbekiston mintaqada xalqaro savdo va investitsiyalar markazi sifatidagi nufuzini yanada oshirishi mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida mulk va investitsiyaning himoyachisi faqat Konstitutsiya, qonun va sud bo‘lishini ta’kidladi hamda mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonda Xalqaro tijorat sudini tashkil qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganini aytib o‘tdi.
Xalqaro tijorat sudi nima?
Ko‘plab xorijiy mamlakatlar tajribasida mavjud bo‘lgan Xalqaro tijorat sudlari xalqaro tijorat bitimlaridan kelib chiqadigan nizolarni ko‘rib chiqadigan ixtisoslashgan sudlar hisoblanadi. Bunday sudlar nizolarni hal qilish uchun neytral forumni ta’minlash va sud jarayonining adolatli, samarali va boshqarish uchun qulay bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan.
Xalqaro tijorat sudlariga bo‘lgan ehtiyoj zamonaviy biznesning murakkabligi va global xarakterga ega bo‘lishidan kelib chiqadi. Ko‘plab kompaniyalar xalqaro savdo bilan shug‘ullanar ekan, turli mamlakatlardan bo‘lgan tadbirkor va investorlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelish ehtimoli ortadi. Xalqaro tijorat sudlari nizolashayotgan taraflarga o‘z nizolarini adolatli va samarali tarzda hal qilish va tomonlar o‘rtasida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘ziga xos huquqiy tafovutlarni hisobga olgan holda, tegishli xalqaro standartlarga mos vositalarni taqdim eta olishga mo‘ljallangan.
Mazkur turdagi sudlarning asosiy xususiyatlaridan biri bu ularning nizolarni hal etishda xalqaro standartlarni qo‘llashi hamda BMT Xalqaro savdo huquqi bo‘yicha komissiyasining Xalqaro tijorat arbitrajida dalillarni olish qoidalaridan foydalanishidir. Ushbu qoidalar xalqaro tijorat nizolarida dalillarni to‘plash va qabul qilish uchun asos yaratadi va sud jarayoni adolatli hamda samarali bo‘lishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan. Shuningdek, ushbu sudlar mamlakatni xalqaro savdo va investitsiyalar markazi sifatida targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega.
Qaysi davlatlarda Xalqaro tijorat sudlari bor?
Bugungi kunda dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarida Xalqaro tijorat sudlari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Singapur, Niderlandiya, Xitoy va Dubayda mamlakatni xalqaro savdo markazlari sifatida targ‘ib qilish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Xalqaro tijorat sudlari tashkil etilgan. Hozirda bu sudlar adolatli va samarali faoliyat ko‘rsatishi, xalqaro tijorat nizolari bo‘yicha ishtirok etuvchi tomonlar uchun yuqori darajadagi huquqiy ishonchni ta’minlaganligi bilan shuhrat qozongan.
Xususan, Singapurda 2015 yilda Singapur Oliy sudining bo‘linmasi sifatida Xalqaro tijorat sudi tashkil etilgan. Xalqaro tijorat sudi murakkab xalqaro tijorat nizolarni ko‘rib chiqish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, turli mamlakatlarning qonunlari va amaliyotlari hamda xalqaro tijorat bitimlari yuzasidan vujudga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy muammolarni yaxshi biladigan tajribali sudyalar tarkibidan shakllantirilgan.
Niderlandiyada 2018 yilda Amsterdam okrug sudining bo‘linmasi sifatida Xalqaro tijorat sudini tashkil etilgan va mazkur sud murakkab xalqaro tijorat nizolarini ko‘rib chiqish uchun mo‘ljallangan. 2018 yilda Xitoyda Oliy xalq sudining bo‘linmasi hamda shu yili Dubayda Jahon savdo markazining bo‘linmasi sifatida Xalqaro tijorat sudlari tashkil etilgan.
Xalqaro tijorat sudi O‘zbekistonga nima beradi?
O‘zbekiston ham boshqa ko‘plab qatori xalqaro savdoni rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etishdan manfaatdor. Xalqaro tijorat sudining tashkil etilishi mamlakatning qonun ustuvorligiga sodiqligini namoyish etadi. O‘zbekistondagi Xalqaro tijorat sudi turli mamlakatlardan kelgan tomonlar o‘rtasidagi nizolarni hal qilish uchun neytral forum tashkil etishi mumkin. Bu esa yuzaga keladigan nizolar xavfini kamaytirish va xorijiy biznesni mamlakatga sarmoya kiritishga undaydi.
Bundan tashqari, Xalqaro tijorat sudi mintaqadagi boshqa davlatlar ishtirokidagi nizolarni hal qilish uchun markaz vazifasini o‘taydi hamda mamlakatning xalqaro savdo va investitsiyalar markazi sifatidagi nufuzini yanada oshiradi.
Xalqaro tajribadan kelib chiqib, Xalqaro tijorat sudi taraflar ixtiyori asosida taqdim qilinadigan nizolarni, chet el huquqi qo‘llanadigan ishlarni, transchegaraviy bankrotlik, investitsiyaviy va xorijiy investorlar ishtirokidagi korporativ nizolarni, shuningdek, xalqaro arbitraj qarorlarini tan olishga doir ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli deb topilishi kerak. Shuningdek, ish yurituvi ingliz tilida bo‘lishi, sudyalar korpusi xalqaro tajribaga hamda obro‘-e’tiborga ega milliy va xorijiy mutaxassislardan shakllantirilishi lozim.
O‘zbekiston Xalqaro tijorat sudini tashkil etish orqali xalqaro savdoni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qonun ustuvorligi hamda adolatli va samarali huquqiy tizimni ta’minlash bo‘yicha mamlakat obro‘sini oshirish kabi muvaffaqiyatlarga erishishi mumkin. Shu sababli, Xalqaro tijorat sudini tashkil etishda tegishli qonun qabul qilinishi, xususan, “Xalqaro tijorat sudi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi, unda ushbu sudning maqsadi, yurisdiksiyasi va vakolatlari, shuningdek, nizolarni hal etishda qo‘llanadigan tartib-qoidalar aniq belgilab qo‘yilishi zarur.
Islambek Rustambekov,
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori v.v.b,
yuridik fanlari doktori, professor.
Mavzuga oid
16:19
Tanqiddan so‘ng: 2 bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:02 / 12.12.2024
Yangiyo‘lda 5 bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi
15:29 / 11.12.2024