Jamiyat | 18:08 / 18.01.2023
28417
9 daqiqa o‘qiladi

Ruhiy zo‘riqishdagi o‘zbek ayollari. Ularga psixologik yordam bormi?

Farzandini kaltaklayotgan, o‘ziga qo‘shib ularning ham joniga qasd qilayotgan, bor jahli va alamini bolasidan olayotgan ayollar. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda bunday noxush holatlarga juda ko‘p duch kelyapmiz. Davlat va jamiyat bu muammoga qarshi nima qilishi kerak? Kun.uz'ning navbatdagi podkasti shu mavzuda bo‘ldi.

Ayniqsa o‘tgan 2022 yilda bunday voqealar juda ko‘paygan tuyuldi. Yil boshida Toshkent hayvonot bog‘ida bir ayol o‘z qizini ayiq oldiga tashlab yubordi. Oxirgisi Samarqandda ayol chet davlatdagi eriga jahl qilib, bolasini urib video olgan va uni eriga jo‘natgani bo‘ldi.

Hech bir ayol o‘z-o‘zidan farzandini bu holga solmaydi

Ra’no Turdiboyeva, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

— Darhaqiqat, bu holatlar ayollarning kayfiyatini bildiradi. Bunday holatlar o‘nlab uchraydi. Biz har bir holatni o‘rganib ko‘rganimizda, sabablar ayolning atrofidagi muhitga taqalyapti. Hech kim o‘z-o‘zidan farzandini yoki o‘zini bu holga solmaydi.

Shunday oilalar borki, bir qaraganda, muammosi yo‘qdek ko‘rinadi. Ammo ayolning ichida yig‘ilib qolgan muammolar bo‘ladi va bir kuni portlaydi. Portlagach, u o‘zining boshqalar oldida ojizligini his qiladi va faqat bolasiga kuchi yetadi, oqibatda butun jamiyatga bo‘lgan alamini farzandidan oladi. Oxirgi bo‘lgan Samarqanddagi holatda ham hali yosh qizning to‘rtta, erining oldingi turmushidan farzandi bilan hisoblansa beshta farzandi bor, bu degani u maktabni bitiriboq turmushga chiqqan. Biror kasbi yo‘q. Shu holatda eriga qaram, chidashga majbur. Ajrashib ketsa, bolalarini qanday boqishni o‘ylaydi. Shuning uchun ham ayollar bu noxush holatlarni oxirgi yechim deb bilyapti.

Shu o‘rinda bir statistikani aytib o‘tmoqchiman. Voyaga yetmagan, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan qizlarga nisbatan zo‘ravonlik qilish holati 456 tani tashkil etadi. Shularning yarmidan ko‘pi esa oilaviy zo‘ravonlik. Bu ma’lumot qayd etilgani, xolos, qanchadan qanchasi qayd etilmagan.

Bahodir Qahhorov, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i:

— Jinoyat qilgan insonga jazo bor, albatta. Bu vaziyatlarda barcha ayollar qonun doirasida jazolangan. Ulardan qolgan farzandlariga nisbatan qonun tomondan yo‘nalishlar belgilangan: yaqin qarindoshlar vasiyligiga o‘tishi yoki vasiy tayinlanishi. Maktab yoshidagi bola bo‘lsa, u bilan maktab psixologi, maktab yoshiga yetmagan bo‘lsa, shifoxonalardagi psixologlar u bilan shug‘ullanishi belgilangan.

Masalan hayvonot bog‘ida bolasini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol misolida qarasak, aslida o‘sha ona bilimli, oliy ma’lumotli ayol ekan. Lekin turmushga chiqqach, oila a’zolari tomonidan uning ishlashiga e’tirozlar bo‘lgani, farzand tarbiyasi, uy ishlarida ko‘mak bo‘lmagani uchun vaqt o‘tishi bilan ayol kuchli stressga tushib borgan. Unga nisbatan bosimlar bo‘lgani, oila notinchligi haqida uning onasi ham ma’lum qildi. Sud qarori bilan ayol maxsus ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Uning farzandi onasining qo‘lida hozir. Davlat tomonidan ma’lum yordamlar berilyapti, ammo u bolaning ruhiy holati bilan ishlaydiganlar yo‘q.

Bunday holatlarni nazorat qiladigan, yordam beradigan bir tizim yaratish kerak. Va bu ishlar o‘sha bolalar bilan muntazam ravishda olib borilishi kerak.

Xotin-qizlarga sifatli psixologik yordam ko‘rsatish tizimi yo‘q

Ra’no Turdiboyeva:

— Bizni qiynayotgan narsa ham shu: sifatli psixologik xizmat ko‘rsatish qayerda? Hozirda maktablarda psixolog bor. Vasiylik-homiylik organlari psixolog jalb qilishi mumkin. Ichki ishlar organlarida, reabilitatsiya markazida bittadan psixolog bor. Mamlakatimizda sifatli psixologik xizmat ko‘rsatishni kim muvofiqlashtiradi, degan savol bor. Muammoli ayollarning 90 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj. Ular psixolog xizmatidan foydalana olmaydi. Malakali psixolog xizmati uchun mablag‘ kerak bizga, budjetdan esa ajratilmayapti.

Biz ayollarga yordam ko‘rsatish uchun psixolog shtatlari so‘rayapmiz. Ya’ni qanday: oilalar va ayollar muammolari bilan ishlash uchun loyihalar e’lon qilganda, biz ekspert sifatida qatnashib, o‘sha ayollar muammolarini tahlil qilishni so‘rayapmiz. Nodavlat-notijorat tashkilotlar loyiha olishdan oldin biz bilan ishlasa, biz ularga aniq ko‘rsatmalar beramiz. Bundan tashqari grant loyihalarga o‘z mavzularimizni berish taklifi. Ikkinchi taklifimiz: qo‘mita qoshida psixologlar kengashi tashkil etib, mavjud muammolarni o‘rgangan holda, ularni hukumatga kiritish. Bunda hech qanday mablag‘ so‘ralmaydi, tekinga ishlash. Ammo qonunchiligimizda psixologlarga qo‘yilgan talablar bilan ishlaydigan birorta ham normativ hujjat yo‘q ekan.

Yoshlarning turmushga tayyorgarligi – oq ko‘ylak, falon to‘yxonada to‘y qilishdan iborat

Shoira Isoqova, psixolog:

— Samarqanddagi holatga qaytsak. Men bunda ayolni ayblamayman, chunki uning beshta farzandi bor. Bu farzandlarni dunyoga keltirganda, tarbiyalashda ayol qancha kuch yo‘qotadi. Bizda farzandlarning yosh oralig‘ini rejalashtirish yo‘q. Farzand ko‘radigan ayolning ruhiy va jismoniy sog‘lomligi – bularning hammasi muhim.

Keladigan murojaatlarning ko‘pida ayollar asabiyman deydi. Nimaga? Chunki ayol kishi tabiatan kuchli emas, u mehrga, e’tiborga muhtoj. Yuqoridagi holatda ham beshta farzandga qarash butunlay bitta ayol zimmasida. Atrofida unga moddiy, ruhiy tomondan ko‘maklashadigan hech kim yo‘q. Ayol kishiga turmush o‘rtog‘i tomonidan beriladigan mehr va e’tibor birinchi o‘rinda turadi. Umuman, biz yoshlarni oila nima ekanini anglamasidan hayotga qo‘yib yuboryapmiz.

Biz kichikligidan boshlab oila haqidagi ilmini bola ongiga singdirishimiz kerak. Maktab davridan o‘rgatish kerak. Men bu borada takliflar berganman. Lekin hamma narsa moliyaviy tomonga borib taqaladi. To‘g‘ri, katta mablag‘ bo‘lishi mumkin, lekin bu o‘zini oqlaydi. Nafaqat qizlar, balki yigitlar xuddi shunday aqlli tanlov qiladigan bo‘lishi kerak. Ajrimlar ko‘p bo‘layotganining sabablaridan biri ham shu, ya’ni faqatgina ota-ona tanlovi bo‘lishi. Bu borada tegishli tashkilot-vazirliklar o‘ylab ko‘rishi kerak. Oilaning butun jamiyatga ta’siri bor.

Yoshlar to‘y arafasida qabulimga kelsa, to‘yga qanday tayyorgarlik ko‘rayotganini so‘rayman. Ular faqat moddiy tomonlarni aytishadi: qaysi to‘yxonada bo‘lishi, qanday ko‘ylak kiyishi kabi. Bular orzu-havasdir, to‘g‘ri. Lekin undan keyingi jarayonlar-chi?

Yigitlarda mas’uliyat hissini kuchaytirish kerak. Oilada muvozanatni ushlay olishi kerak erlar. Shunday holatlar borki, erkaklar onasi tazyiqi ostida xotiniga zo‘ravonlik qilyapti. Bu xato qarash. Onaning darajasi yuqori, lekin farzandlari onasi sifatida xotinining ham darajasi baland. Bu ikki ayolni taqqoslash – xato. Ularning o‘z o‘rni bor. Bunday holatlarda farzandlar ruhiyati ham zarar ko‘radi, albatta.

Ra’no Turdiboyeva:

— Har bir tumanda reabilitatsiya markazining maslahat bo‘limlarini ochyapmiz. Ayollar oilamizdagi noxush holatlarda o‘ziga yoki yaqinlariga zarar yetkazmasdan, shu reabilitatsiya markaziga kelishi kerak.

Keng jamoatchilikka yetib borishi uchun aytib o‘tmoqchiman. Hurmatli ayollar, sizning murojaat qiladigan joyingiz bor. 1146 qisqa raqami orqali reabilitatsiya markazlariga murojaat qilishingiz mumkin. Yoki joylardagi xotin-qizlar faollariga aytishsa, ular yordam berishadi. Faqat shu murojaat qilish mumkinligini bilib qo‘yishingiz kerak.

Suhbatni Gulmira Toshniyozova olib bordi.

Mavzuga oid