O‘zbekiston | 21:25 / 20.01.2023
17561
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri «Tez yordam» haydovchilari bilan ularni qiynayotgan masalalar bo‘yicha muloqot qildi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Respublika tez tibbiy yordam markazida mazkur tizim faoliyatiga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazdi.

Videoselektor shaklidagi ushbu majlisda vazirlik mas’ullari, Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning hududiy filiallari rahbarlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari bosh shifokorlari hamda «103» xizmati xodimlari ishtirok etdi.

«Ta’kidlanganidek, bemorlar hayoti va sog‘ligini asrab qolish, ularga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishda «Tez yordam»ning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan keyingi yillarda bu yo‘nalish butunlay transformatsiya qilindi. Sohaning moddiy texnik bazasi yangilanib, kadrlar salohiyati oshirilmoqda.

Buning natijasida hozirga kelib, «Tez yordam»da kechikishlar soni keskin qisqardi. «V» toifali zamonaviy reanimobillar soni 24 tadan 541 taga ko‘paytirildi. Toshkent shahrida tez tibbiy yordam yagona tizimga birlashtirilib, ayni paytda bu ishlar hududlar kesimida olib borilmoqda. Biroq sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar yo‘q emas.

Yig‘ilishda vazir tomonidan so‘nggi paytlarda «103» avtomashinalari ishtirokida tez-tez yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘layotgani, bunga ayrim haydovchilarning maxsus avtotransport vositalarini boshqarishdagi malakasi yetishmayotgani sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Shu bois ularning malakasini oshirish bo‘yicha alohida kurslar ochish va maxsus avtodromlar tashkil etish lozimligi aytib o‘tildi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

Qolaversa, tizimda korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, xususan, «Tez yordam» xizmatiga haydovchilarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish kerakligi alohida qayd etilgan. Bu borada kamchilikka yo‘lga qo‘ygan tizim va qator avtokorxona mas’ullariga nisbatan tegishli jazo choralari tayinlangan.

«Shu bilan birga, sohada faoliyat yuritayotgan haydovchilar hamda avtokorxona xodimlarining oylik maoshlarini qayta ko‘rib chiqish, transport vositalari uchun zarur ehtiyot qismlar xarid qilishni soddalashtirish, tumanlarda tez tibbiy yordam xizmati avtomashinalari uchun mini yoqilg‘i quyish shoxobchalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.

Yig‘ilish davomida vazir A.Inoyatov «103» xizmatida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari, dispetcherlik xizmati mutaxassislari, ayniqsa haydovchilar bilan alohida muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan fikrlarini tingladi. Bu boradagi mavjud muammolarni tezkor va samarali hal etish yuzasidan mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar berdi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid