Ta’til muddatlaridagi mavhumlik talabalarga qanday ta’sir qildi?
“Ta’til uzayganini Toshkentga ketayotganimda bildim”. “Sovuq deb yotoqxonadan chiqarib yuborishdi. Nima qilishni bilmay qoldik”. Kun.uz muxbiri Toshkentdagi talabalar shaharchasida bo‘lib, talabalar bilan suhbatlashdi.
Ta’til davomiyligining tez-tez o‘zgarishi va uning kech e’lon qilinishi, ayniqsa, uyidan uzoqda o‘qiydigan talabalarning sarson bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda talabalarning o‘zi nima deydi? Qattiq sovuqda yotoqxonalarda sharoit qanaqa? Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob olish uchun Toshkentdagi talabalar shaharchasida bo‘ldi.
Shaharchadagi bir nechta talabalar turar joyini kirib ko‘rganimizda, guvohi bo‘ldikki, asosiy muammo – isitish tizimida. Shunday bo‘lsa-da, talabalar qabul qilinyapti.
Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetining fizika fakultetiga qarashli ikkinchi talabalar turar joyiga shu kungacha 8 nafar talaba qabul qilingan.
“Erta kelgan talabalar yotoqxonalarga joylashtirilyapti. Xonalar sovuq. Ayrim talabalar shuning uchun qaytib ketishyapti”, – deydi fakultet tyuteri.
Universitetning jurnalistika fakulteti dekani o‘rinbosari Ravshan Omonovning aytishicha, asosan talaba qizlar issiq yotoqxonaga joylashtirilyapti – OTMning yotoqxonalari ichida faqat bittasi shunday imkoniyatga ega. U ham bo‘lsa, xorijlik talabalar turadigan, alohida o‘z qozonxonasiga ega birinchi talabalar turar joyi.
“Ta’til uzayganini yo‘lga chiqqanimdan keyin bildim. Men o‘zi uchinchi yotoqxonada turaman, u yer sovuqligi uchun bizni birinchi talabalar turar joyiga joylashtirishdi. Bu yerda xonalar issiqqina”, – deydi talaba qizlardan biri.
Ammo hamma talabalar ham bunday imkoniyatdan foydalana olmaydi. TTJdagi xonalar sovuqligi yoki yotoqxonaga qabul qilinmagani uchun chiqib ketayotgan talabalarni ham uchratdik.
“O‘zim xorazmlikman. Poyezdda keldim. Toshkentga yetib kelganimdan keyin o‘qituvchim telefon qilib, ta’til uzaytirildi, qaytib ketaver, dedi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Hozir sovuq deb yotoqxonadan ham chiqarib yuborishdi. Kurs rahbarimning yoniga ketyapman. Gaplashib ko‘ray, agar qolishning imkonini topolmasam, ilojsiz uyga qaytib ketaman”, – deydi shunday talabalardan biri.
Aksariyat talabalar ta’til uzaytirilgani ertaroq e’lon qilinmaganidan norozi.
“Biz dushanba kuni yo‘lga chiqqan bo‘lsak, ta’til uzaytirilgani haqidagi xabar seshanba kuni – dars boshlanishidan bir kun avval chiqyapti. G‘alati-da bu. Qashqadaryodan keldim. Yo‘llar muzlagan, kelib-ketish osonmas. Yana bir haftada darslar boshlanadi. Yotoqxona sovuq deyishdi. Qarindoshimnikida turibman hozir”, – deydi talaba qizlardan biri
“Agar oldinroq aytilganda edi, talabalar o‘zining holatidan kelib chiqib harakat qilardi. Lekin bizda yo bir kun yoki bir soat oldin aytiladi. Bilmay qoldik buyog‘ini”, – deya noroziligini ifodalaydi boshqa bir talaba.
Ta’til muddatlarini belgilashning mas’ul vazirliklar qolib, mahalliy hokimliklarga topshirilishi hamda beqarorlik ortidan talabalarning sarson bo‘lishi fonida dono xalqimizning “Cho‘pon ko‘paysa...” deb boshlanuvchi naqli yodga tushadi.
Maqsuda Abduqayumova, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: G‘iyos Safarov
Mavzuga oid
10:25 / 12.12.2024
Maktablarda qishki ta’til 29 dekabrdan boshlanadi
13:28 / 10.12.2024
Uzbekistan Airways talabalar uchun chiptalarga chegirma e’lon qildi
20:25 / 23.08.2024
Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili 9 sentabrda boshlanadi
15:45 / 19.08.2024