Jamiyat | 14:42 / 22.01.2023
55103
15 daqiqa o‘qiladi

«Giyohvand moddalarning oti o‘chsin» - nashavand o‘g‘lini qabrga qo‘ygan otaning iztiroblari (Hayotiy hikoya)

«Yarim tunda kelinimning qattiq qichqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Ovoz hovli chetidagi hojatxona tomondan kelayotgandi. O‘sha yoqqa yugurdim. Borsam rangi oqarib ketgan kelinim hojatxonaga imo qildi. Ichkarida o‘g‘limning holatini ko‘rdim-u dahshatga tushdim. Kiyimlari va og‘zida qon qotib qolgan, tanasi allaqachon sovigan ekan. Taxminimcha, «peredozirovka» tufayli uning tili tomog‘iga tiqilib qolgan. O‘g‘lim tilini chiqarish uchun qo‘lini og‘ziga tiqqan, ammo buning uddasidan chiqolmay og‘zini qonatib tashlagan».

Qishning sovug‘ida shamollab shifoxonaga tushib qoldim. Tayinlangan xonaga kirsam, u yerda yoshi yetmishlardan oshgan bir otaxon ham davolanayotgan ekan.

Otaxon uzoq tumanlardan biridan ekan. U ancha kirishimli odam bo‘lib, tezda ming yillik qadrdonlarday bo‘lib ketdik.

Bir kun otaxon «Bir necha kundan buyon kuzataman, hech narsa chekmas ekansiz. Tarbiya bergan otangizga rahmat. Tamaki va nos inson salomatligi uchun juda ziyon. Ko‘pchilik buni bilsa ham ularga ruju qo‘ygan. Endi giyohvand moddalarni gapirib o‘tirmay, ular insonni bevaqt o‘limga yetaklaydi», deb xo‘rsinib qo‘ydi.

Sinchkovligimga borib otaxonda bir dard bor-ov deb o‘yladim va uni gapga tutdim. Otaxon ham to‘lib turgan ekan, boshidan o‘tkazgan kunlar haqida gap boshladi.

Ma’lum bo‘lishicha, otaxon ancha yillar avval giyohvand moddalarga ruju qo‘ygan yolg‘iz o‘g‘lidan ayrilgan ekan. «O‘zim hayotimda hech narsa chekmaganman. Yoshlikda anavi shayton suvidan bir-ikki marta olganimni aytmasa mast qiluvchi ichimliklardan ham uzoq yurganman. Ammo e’tiborsizligim ortidan nashavand bo‘lib qolgan o‘g‘limni asrab qololmadim», deb otaxon hikoyasini boshladi.

«Giyohvand moddalarning nomi o‘chsin, ne-ne yigitlar juvonmarg bo‘lib, ayni kuchga to‘lgan norg‘ul yoshida o‘lib ketishiga sababchi bo‘ldi. Bu baloni yetishtirib tarqatayotganlar insonlarni zaharlab, ularning hayotiga zomin bo‘layotganini bilmasmikan?

Sovet davrini yaxshi eslayman, ayrim chollar shifobaxsh o‘simlik sifatida foydalanish uchun 4-5 tup ko‘knori ekishardi. O‘sha paytlarda qoradori degan narsani hech kim bilmas, ko‘knori ekadiganlar uni faqat quritib olib qo‘yishardi.

Nafaqat mahallamizda, butun muzofotimizda ham hech kim giyohvand moddalarga ruju qo‘ymasdi. Ammo 1980-yillar boshida vaziyat o‘zgardi.

Afg‘on urushi boshlangach u yerda janglarda qatnashib uyga omon qaytgan yigitlarning ayrimlari bangi yoki nashavand bo‘lib qaytishdi.

Keyin bilsak Afg‘onistonda qon kechgan yigitlarga komandirlari bang va ko‘knori shirasini iste’mol qilishga qo‘yib berishar, yigitlar shu tarzda giyohvand moddalarga ruju qo‘yar ekan.

O‘sha paytda afg‘ondan qaytgan yigitlar o‘zimizda nasha topolmay ancha qiynalganlarini, ayrimlari bu dardni yengib chiqqanini, boshqalari esa irodasi bo‘shlik qilib aroqqa ruju qo‘yganlarini ham guvohi bo‘ldik.

1980-yillar oxiriga kelib SSSRning Afg‘oniston bilan chegarasi ham yaxshi qo‘riqlanmay qoldi shekilli, biz tomonlarda ilk bor ko‘knori shirasi – qoradori paydo bo‘ldi.

O‘shanda hali odamlar qoradoriga ruju qo‘yish qanday oqibatlarga olib kelishini bilmasdi.

1990 yilga o‘tib, o‘zimizning tog‘larda ham ayrimlar ko‘knori yetishtira boshladi. 1991 yilda SSSR tarqab hamma o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgach ko‘knori ekish birmuncha avj oldi.

1992 yilga o‘tib ichki ishlar xodimlari muzofotimizda ekilgan barcha ko‘knorilarni yo‘q qilishdi. Shuningdek, qonunlar ham kuchaytirildi. Natijada o‘sha yili hech kim ko‘knori yetishtira olmadi. Ammo ungacha juda ko‘pchilik qoradoriga o‘rganib qolgandi.

Shu orada qo‘shni Tojikistonda fuqarolar urushi boshlandi va vaziyat izdan chiqdi. O‘sha paytlarda chegaralar hozirgiday qo‘riqlanmas, shu sababli O‘zbekistonga qo‘shni davlatdan qoradori olib kirish avjiga chiqdi.

Achinarlisi, o‘shanda nashavand bo‘lib qolganlarning ko‘pchiligi yosh yigitlar edi. Ota-onalarning e’tiborsizligi ortidan qoradoriga o‘rganib qolgan yigitlarning aksariyati juvonmarg bo‘lib, «peredozirovka» degan narsadan o‘lib ketdi. Ular orasida mening ham jigargo‘sham, yolg‘iz o‘g‘lim bor edi.

O‘g‘lim uchta qizdan keyin tug‘ilgan, shu uchun u biroz erka bo‘lib o‘sgandi. Uni xotinim ko‘p erkalar, biron ayb ish qilsa ham mendan yashirardi. Keyinchalik o‘g‘limning nashavand bo‘lib ketishiga shu ham sabab bo‘lgan.

O‘sha paytlarda magazinchi bo‘lib ishlardim. Ertalab ishga ketaman, kechki payt qaytaman. Shu asnoda maktabning yuqori sinfida o‘qiydigan o‘g‘lim «mehribon oshnalari»ning sharofati bilan qoradoriga o‘rgangan.

Bu holatni xotinim mendan bir yildan oshiqroq yashirib yurgan va o‘g‘limning nashavand bo‘lib qolganini bilganimda vaziyat izdan chiqib ketgandi. Shundan so‘ng o‘g‘limga yaxshi gapirdim, so‘kdim, foydasi bo‘lmadi. Uni qoradori iste’mol qilishdan qaytara olmadim.

Tanish duxtirga maslahat solsam u qoradoridagi psixotrop moddalar qonga o‘tib bo‘lganini, o‘g‘lim bir oy, qirq kun o‘zini tiysa tuzalib ketishini aytdi. Ammo bu oson emasdi.

Shundan so‘ng xotinim bilan maslahatlashib hali yigirmaga to‘lmagan o‘g‘limni uylantirib qo‘yishga qaror qildik. Biz g‘ofillar uylansa xotini bilan biroz chalg‘iydi va uni shu yo‘l bilan iflos botqoqdan olib chiqamiz deb o‘ylabmiz.

To‘y o‘tdi, ammo o‘zgarish bo‘lmadi. O‘g‘lim qoradori iste’mol qilishda davom etaverdi. Oradan bir yil o‘tib farzand ko‘rdi, ammo bola nogiron tug‘ilgan edi. Vrachlar bolaning bunday tug‘ilishiga giyohvand modda iste’moli sabab bo‘lganini aytishdi. Ko‘p o‘tmay bola vafot etdi.

Shundan so‘ng oxiri o‘g‘limni bog‘lab qo‘yishga qaror qildim. U uy ichida arqonlangan holda yotarkan, nashasi qistagan paytda dodlardi. Kelinga u har qancha yalinsa ham arqonni yechmaslikni tayinladim.

Bir kuni o‘g‘lim yana dodlay boshlaganda oldiga kirdim. U o‘zini xuddi sovuqda qolib varaja bo‘lgan odamday tutar, qo‘l-oyog‘i tinimsiz titrardi. Barcha tomirlari bo‘rtib chiqqan, holati juda achinarli edi.

Shu taxlitda u uch haftacha yotdi. Kamroq dodlashidan sezyapman, qoni toza bo‘la boshladi. Menda tez orada tuzaladi degan umid uyg‘ondi. Ammo...

Bir kun magazinda o‘tirgandim kelinim yig‘lab kelib qoldi. Ko‘nglim bir yomonlik yuz berganini sezdi. U o‘g‘lim uydan qochib ketganini aytdi:

«Siz uydan chiqqaningizdan keyin menga «ancha tuzalib qoldim, bo‘ldi qo‘limni yechib yubor dedi. Men ishonib arqonni yechibman. O‘sha holida uydan chiqib ketdi. Qayerga ketganini bilmay qoldim».

O‘sha zahoti o‘g‘limni qidira boshladim. Taxmin qilib odamlar «nasha sotadi» deydigan bir-ikkita kimsanikiga bordim, ammo u yo‘q edi. Shu tariqa o‘g‘limning qayoqqa qochgani noma’lumligicha qoldi.

Oradan ikki hafta o‘tib Qozog‘istonda novvoylik qilib yurgan hamqishlog‘im «o‘g‘lingizni Olmaotada ko‘rdim, bozorda arava surib yuribdi», deb qoldi. Darhol Qozog‘istonga jo‘nadim.

O‘sha paytda 60 yoshga yaqinlashib qolgandim va avtobusda uzoq yo‘l bosish men uchun oson bo‘lmadi. Maqsadim nima qilib bo‘lsa ham o‘g‘limni topib ortga qaytarish edi.

Olmaotaga borganimdan keyin aytilgan bozorga bordim. Qarasam ozib ketgan o‘g‘lim yupun kiyimda arava surib yuribdi. Borib qo‘lidan mahkam ushladim.

Shu paytda u «ota, uyga qaytmayman, yana bog‘lab qo‘yasiz» dedi. Unga bog‘lamasligimni aytib va’da berdim. Avval uyga olib ketay, nima qilib bo‘lsa ham davolataman deb o‘yladim. Bir kecha tanishlarning kvartirasida qoldik va ertasi kuni ortga qaytdik.

Uyga kelgach uni nashavandlarni davolaydigan shifoxonaga olib bordim. O‘g‘lim u yerda qolmasligini aytdi. Duxtir dori berib turaman degandi, u ko‘ndi. Ammo ikki kunda qochib keldi.

Xotinimga unga pul bermaslikni tayinladim. Agar qoradori uchun pul topa olmasa, majbur bo‘lib kamaytiradi deb o‘yladim. O‘shanda nashavandlar nashasi qistaganda ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasligini, bir marta tutatadigan yoki ezib ichadigan qoradori uchun har qanday ishga tayyor ekanini bilmasdim.

O‘g‘lim qaytganidan so‘ng uydan turli narsalar yo‘qola boshladi. Albatta birinchi gumondor o‘g‘lim edi. Ammo u ko‘zini baqraytirib olmaganini aytgandan keyin hech narsa qilmadim. Xotinimga barcha narsalarni qulflab yurishni tayinladim.

Oradan bir necha kun o‘tib kelinim tilla taqinchoqlaridan biri yo‘qolganini aytib qoldi. Shundan so‘ng xotinim uning taqinchoqlarini olib, boshqa joyga yashirdi.

Bir kuni kelinim endi kiyimi yo‘qolganini aytib qoldi. Uni o‘g‘limdan boshqa hech kim olmasdi. Shundan so‘ng o‘g‘lim bilan jiddiy gaplashib olishga qaror qildim.

Ota-bola gaplashar ekanmiz, o‘g‘limning gaplari meni o‘ylantirib qo‘ydi.

«Ota, hozirgi hayotim menga ham yoqadi deysizmi? Nasham qistab qolganda ko‘zimga hech narsa ko‘rinmaydi. Tomirlarim tortishib shunaqa azob berib og‘riydiki, unga chidab turish qiyin. Keliningizning ko‘ylagini ham bir marta iste’mol qilinadigan «dori»ga almashdim. Dispanserdan nega qochib keldim? Chunki duxtir bergan tabletka menga ta’sir qilmadi. Qonim buzilib bo‘lgan. Uni qanday tozalashni, shu zahri qotildan qanday qutulishni bilmayman. Balki aytganingizday bir oy, qirq kun qoradori iste’mol qilmasam qonim toza bo‘lib, «lomka»m yo‘qolar. Ammo ungacha chidashning iloji yo‘q. Menimcha hayotimni barbod qilib bo‘ldim».

Shundan so‘ng o‘g‘lim bilan kelishib oldik, har kun oz-ozdan kamaytirib qoradorini tashlaydi. Ammo o‘shanda nashavand zoti borki, giyohvand modda topish uchun yolg‘on qasam ichishdan ham toymasligini bilmabman.

O‘sha suhbatdan so‘ng o‘g‘limga qoradori uchun o‘zim pul beradigan bo‘ldim. Har kun «bugun sal kamroq olgin» deb puldan biroz kam berardim. Ammo u qoradori oladigan odamidan gohida qarz hisobiga, boshqa safar u, bu ishlarini qilib berish evaziga avvalgi dozasini olib yurgan ekan.

Kunlardan bir kun yarim tunda kelinimning qattiq qichqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Tashqariga chiqsam ovoz hovli chetidagi hojatxona tomondan kelyapti. O‘sha yoqqa yugurdim.

Borsam kelinimning rangi oqarib ketgan, hojatxona ichkarisiga imo qildi. Kirib qaradim-u, o‘g‘limning holatini ko‘rib dahshatga tushdim. Uning og‘zi va kiyimlarida qon qotib qolgan edi. Tanasini ushlab ko‘rsam allaqachon sovib bo‘lgan ekan.

Uni tashqariga olib chiqib shimini ko‘tardim. Taxminimcha, o‘g‘lim «peredozirovka» bo‘lgan va tili tortib ketgan. Sekin barmog‘imni tiqib ko‘rsam, haqiqatan shunday, tili tomog‘iga tiqilib qolgan. U tilini tomog‘idan chiqarish uchun qo‘lini og‘ziga tiqqan, ammo buning uddasidan chiqolmay og‘zini qonatib tashlagan.

Shu tariqa 25 yoshga ham kirmagan yolg‘iz o‘g‘limni o‘zim qabrga qo‘ydim. Hanuzgacha uning o‘limida o‘zimni ayblayman. Yolg‘iz o‘g‘il deb yoshligidan erka qilib o‘stirdik. O‘smir yoshiga yetganda tarbiyasiga e’tiborsiz bo‘ldik.

Shu gaplarni gapirib otaxon jim bo‘lib qoldi. Shu tobda uni nima deb yupatishni bilmasdim.

«O‘g‘limning vafotidan keyin ko‘p o‘tmay kelinimni ham ota uyiga jo‘natib yubordim. Uning oldida ham aybdorman. Ko‘ra-bilaturib uni nashavand o‘g‘limga ravo ko‘rdim va hayotini azobga aylantirdim. Keyinchalik kelinim boshqa bir insonga turmushga chiqdi, hozir farzandlari bor, hayoti ancha izga tushdi.

Kampirim bilan yolg‘iz qolganimizdan so‘ng qizlarim xabar olishyapti. Nabiralarim har kun yonimizda. Xudo xohlasa katta nabiramni uylantirsam oldimga ko‘chirib kelaman, biz bilan yashaydi».

Oradan bir necha kun o‘tib shifokorlar otaxonga javob berishdi. Uni olib ketgani kuyovlaridan biri bolalari bilan keldi. Ketish oldidan otaxon bilan ming yillik qadrdonlarday xayrlashdik. U o‘zi yashaydigan tumanga o‘tsam albatta mehmon bo‘lib ketishimni tayinlab ketdi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid