O‘zbekiston | 19:06 / 23.01.2023
21737
2 daqiqa o‘qiladi

Mehriddin Xayriddinov bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod etildi

Bosh vazir maslahatchilari lavozimi tugatilyapti. Xayriddinov boshqa ishga o‘tkazilmoqda.

Mehriddin Xayriddinov

Hukumat qarori bilan, Mehriddin Akmalovich Xayriddinov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamentining boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.

Bu departament va lavozim 2019 yilda tashkil etilgandi. Avvaliga Komil Rashidov, 2020 yil avgustida esa Mehriddin Xayriddinov bu lavozimni egallagandi. Xayriddinov bungacha O‘zbekistonning Moskva shahridagi bosh konsuli edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil boshidan boshlangan hukumatdagi tuzilmaviy o‘zgarishlar doirasida bosh vazirning barcha 3 ta maslahatchisi lavozimi tugatildi. Bosh vazir o‘rinbosarlari soni 8 tadan 4 taga tushirildi.

O‘zgarishlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida 269 ta shtatdan 120 tasi qoladi. Bunda, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limidan iborat Vazirlar Mahkamasi apparati tugatilmoqda.

Uning o‘rniga hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinmoqda.

Mavzuga oid