O‘zbekiston | 11:55 / 26.01.2023
24710
5 daqiqa o‘qiladi

Angren shina zavodini 826 mln so‘mga sotish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Kompaniya ustav kapitali 658 mlrd so‘m edi

Bu zavod 156 mln dollar miqdoridagi tashqi qarz evaziga qurilgandi. «O‘zkimyosanoat» matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga bergan izohida Rossiya kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma raqamlarida chalkashlik bo‘lganini aytmoqda. Lekin raqamlarga tuzatish kiritilmayapti va aniq qiymat ma’lum qilinmayapti.

Foto: AP

2023 yil 20 yanvar kuni «O‘zkimyosanoat» AJ «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ (xalq tilida Angren shina zavodi) 100 foiz ulushini Rossiyaning «Tatneft» kompaniyasiga 826,57 million so‘mga sotish bo‘yicha shartnoma tuzdi

E’tiborlisi, kompaniyaning ustav kapitali 658 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Shuningdek, uning sof aktivlari qiymati bitim tuzilishidan oldingi oxirgi chorakda 2,4 trln so‘m bo‘lgan.

Bungacha zavodning 91,8 foiz ulushi «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati, 8,2 foizi esa «O‘zkimyoimpeks» MChJga tegishli bo‘lgan.

Kun.uz bu holatga izoh so‘rab «O‘zkimyosanoat» AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Matbuot xizmati vakili raqamlarda chalkashlik bo‘lganini aytmoqda. 

«Bu summani noto‘g‘ri kiritib yuborishgan, bunday bo‘lishi mumkin emas, bu masalaga oydinlik kiritilyapti», dedi kompaniya mas’uli. 

U sayt muxbiriga raqamlarni ochiqlamadi.

Xabar nashr qilinayotgan vaqtda Korporativ axborot yagona portalidagi raqamlarga tuzatish kiritilmagandi.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 2 dekabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Rossiya biznes forumi doirasida «O‘zkimyosanoat»  va «Tatneft» o‘rtasida «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJning 100 foiz ulushini sotish va sotib olish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangandi. O‘sha paytda bitim narxi ochiqlanmagan edi. 

Zavod tashqi qarz evaziga qurilgan 

«Birinchi rezinotexnika zavodi»ga 2017 yilda Xitoyning Poly Technologies kompaniyasidan qarz mablag‘lari jalb qilingandi.

2018 yil iyul oyidan zavodda ishlab chiqarish jarayoni boshlangan. Zavod 30 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, uni qurishdan asosiy maqsad birinchi bosqichda yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan edi. Bu loyihaning mahalliy tashabbuskori «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi.

Zavodga 2019 yil avgustida bosh vazirning sobiq o‘rinbosari, Toshkent viloyatining sobiq hokimi G‘ulomjon Ibragimov bosh direktor etib tayinlangandi.

Umuman olganda, zavod chetdan qarz olib qurilgan, keyin yana chetdan qarz olib pandemiya davrida qo‘llab-quvvatlangan edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchiga oson bo‘lsin deb shina importiga boj joriy qilingandi. Ammo ma’lum bo‘lishicha, korxona samarasiz ishlab kelgan. 

2021 yilning aprel oyida Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirovning Hisob palatasiga tayanib bergan ma’lumotiga ko‘ra, zavod omborida «sifat talabiga javob bermaydigan» 100 mingta shina sotilmay qolgan. 

«Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan 156,4 million dollar mablag‘ hisobiga barpo etilgan Angren shina zavodi 3 million dona shina ishlab chiqarishi va shinalar UzAuto Motors’da import o‘rnini qoplashi kerak edi. 

Angren shina zavodi quvvatining 15 foizida ishlamoqda. Omborida 100 mingta shina sotilmay turibdi. Sababi, doimgidek, sifat talabiga javob bermaydi. O‘z navbatida, so‘nggi ikki yilda UzAuto Motors 60 million dollarga yaqin mablag‘ga shina import qilgan», degandi parlament quyi palatasi vitse-spikeri. 

Keyinroq «O‘zkimyosanoat» kompaniyasi ushbu bayonotga izoh berib, past ko‘rsatkichlarga koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan xomashyo va materiallarning importi cheklangani, ishlab chiqarishda to‘xtalishlar yuzaga kelgani, mahsulot sotuvi pasaygani va aylanma mablag‘lar tanqisligi yuzaga kelganini keltirib o‘tgandi. 

UzAuto Motors kompaniyasi ham 2019-2020 yillarda «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJdan shinalar umuman xarid qilinmagani, aksincha xorijdan import qilinganini tasdiqlagan. 

Shuningdek, 2020 yilda korxonaga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 40 mlrd so‘m ssuda ham berilgan.

Mavzuga oid