«Davos-2023: Bo‘lingan dunyoda hamkorlik». Jahon iqtisodiy forumi qanday o‘tdi?
1971 yildan beri Shveytsariyaning Davos shahrida har yili an’anaviy ravishda Jahon iqtisodiy forumi o‘tkazib kelinadi. Unda dunyo mamlakatlaridan ekspertlar, ishbilarmon doira vakillari, hukumat rahbarlari qatnashib, bugungi kundagi global muammolarga birgalikda yechim topishga urinadi. Maqsad – dunyodagi ahvolni yaxshilash.
16-20 yanvar kunlari forumning 53-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ukrainadagi urush fonida geosiyosiy vaziyatning nihoyatda keskinlashuvi, iqlim inqirozi, savdo urushi hamda global inqiroz tahdidi kabi masalalar muhokama qilindi.
Iqlim o‘zgarishi va yashil energetikaga o‘tish
Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birolning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanadigan energiya manbalariga tezroq o‘tish borasidagi harakatlarni kuchaytirgan.
«Ushbu inqiroz toza energiya tarmog‘ining rivojlanishiga katta turtki berdi. Qayta tiklanadigan manbalar ulushi o‘sib bormoqda. Hozirgi kunda global muqobil energiya manbalari o‘sishining eng muhim omili bu energetika xavfsizligidir», dedi u.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin dunyodagi eng yirik energiya eksportchisi edi. Ammo rus gazining Yevropaga eksporti bosqichma-bosqich cheklangani va G‘arb davlatlari tomonidan joriy qilingan sanksiyalar Yevropa va butun dunyoni yanada ishonchli, mahalliy energiya manbalarini izlashga majbur qildi.
«Qayta tiklanadigan manbalar tinchlik energiyasidir. Energiya xavfsizligimizning uzoq muddatli yechimlari qayta tiklanadigan manbalar hisoblanadi», – deya qo‘shimcha qildi Birol.
Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatish
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina ittifoqchilarini ikkilanishni bas qilib, tezlik bilan Kiyevga barcha zarur qurollar, jumladan tanklar va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishga chaqirdi.
«Erkin dunyo o‘ylashga ketkazayotgan vaqtni terrorchi davlat odamlarni o‘ldirishga sarflamoqda. Dunyo ortiq ikkilanmasligi kerak – bugun ham, kelajakda ham. Dunyoning safarbarligi bizning umumiy dushmanimizning navbatdagi harbiy safarbarligidan ilgarilab ketishi kerak. Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlash Rossiyaning navbatdagi raketa zarbalaridan tezroq bo‘lishi kerak. G‘arb tanklari yetkazib berilishi Rossiya tanklarining navbatdagi yurishidan oldin ro‘y berishi kerak», – dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti Rossiyada kim bilan muzokara olib borishni tushunmasligini va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tirik ekaniga ishonchi komil emasligini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga cheksiz harbiy yordam va’da qildi. Shu bilan birga, u Kiyevga Leopard 2 tanklarini yetkazib berish masalasini ochiq qoldirgandi. Ammo keyinroq, jangovar tanklarning Ukrainaga topshirilishiga ruxsat berdi.
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va’da berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cheklovlar natijasida Rossiya iqtisodiyoti o‘nlab yillar davomida regressiyaga duch keladi va mamlakat sanoati har qanday zamonaviy muhim texnologiyalardan mahrum bo‘ladi.
«Ukrainada har kuni infratuzilma obektlari vayron qilinmoqda. Biz Ukrainani tiklaydigan birinchilardan bo‘lamiz. Ammo qayta tiklash xarajatlari kundan kunga oshib bormoqda. Masalan, muzlatilgan aktivlardan foydalana olmaymiz, degan taxminlar meni qo‘rqitmoqda, chunki Rossiya to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak, deb o‘ylayman. Ukrainaning tiklanishini moliyalashtirishi kerak bo‘lgan davlat bu – Rossiya», – dedi Yevropaning atrof-muhit va okeanlar bo‘yicha komissari Virginiyus Sinkyavichyus.
Finlandiya bosh vaziri Sanna Marinning aytishicha, agar Rossiya urushda g‘alaba qozonsa, o‘nlab yillar davomida shunga o‘xshash xatti-harakatlar yana davom etadi.
«Ukrainadagi urush qachon tugashini bilmaymiz. Ammo bu ukrainaliklarning g‘alabasi bilan yakunlanishiga ishonch hosil qilishimiz kerak. Agar Rossiya g‘alaba qozonsa, bu sizning boshqa davlatga bostirib kirishingiz, boshqa davlatga hujum qilishingiz va undan foyda olishingiz mumkinligi haqida signal bo‘ladi: yerlar, hududlar yoki boshqa narsalar, tabiiy resurslar», dedi u.
Savdo siyosati
Jahon savdo tashkiloti rahbari Ngozi Okonjo-Iveala AQShning milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan savdo to‘siqlarini o‘rnatish tashabbuslarini qoraladi.
AQSh import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga tariflar joriy etish orqali JST majburiyatlarini buzgan. Shuningdek, Hongkongda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Xitoyda ishlab chiqarilgan deb belgilashni talab qilgan.
«JST o‘z a’zosiga milliy xavfsizlik manfaatlarini ko‘zlab savdo to‘siqlarini o‘rnatishga ruxsat beradi, ammo AQShning olib borgan siyosati bu mezonlarga javob bermaydi», degan Okonjo-Iveala.
AQSh hukumati ushbu fikrlarga e’tiroz bildirdi va milliy xavfsizlik nima ekanini JST emas, balki AQShning o‘zi belgilashi kerakligiga urg‘u berdi.
Global portlar operatori DP World rahbari Ahmad Bin Sulayem AQSh va Xitoyni o‘zaro savdo munosabatlarini tiklashga chaqirdi.
«Biz Xitoy va AQSh o‘rtasidagi navbatdagi sovuq urushning paydo bo‘lishiga dosh berolmaymiz. Men proteksionistik siyosatni qo‘llash bo‘yicha ko‘plab harakatlar borligini bilaman, lekin hamma savdodagi o‘zaro hamkorlik va bozorlarni ochish eng yaxshisi ekanini tushunadi», dedi u.
Texnologiya
Intel kompaniyasi bosh ijrochi direktori Patrik Gelsingerning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo mamlakatlariga qaramlikdan qutulish uchun G‘arbda yarimo‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirilishi kerak.
«Ta’minot zanjirida yagona nuqtalarga qaram bo‘lib qolishimizga imkon berganimizni anglash uchun global inqiroz kerak edi. Bizga kelajak uchun mustahkam ta’minot zanjirlari kerak», dedi u.
Gelsingerning qo‘shimcha qilishicha, 30 yil oldin chip ishlab chiqarishning 80 foizi AQSh va Yevropada amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 20 foizgacha pasayib ketgan.
Avtonom avtotransport vositalaridan tortib sun’iy intellektgacha bo‘lgan yangi texnologiyalar mislsiz imkoniyatlar bilan bir qatorda, yangi xavfsizlik xatarlarini yaratmoqda, dedi AQSh Federal qidiruv byurosi (FQB) direktori Kristofer Vrey.
U Xitoyning sun’iy intellekt dasturlaridan xavotirda ekanini, Ukrainada urush boshlanganidan keyin Amerika infratuzilmalariga Rossiyaning kiberhujumlari ortganini ham ta’kidlab o‘tdi.
Jahon iqtisodiy forumida Microsoft bosh direktori Satya Nadella ham ishtirok etdi. U texnologiyalar bizga iqlim o‘zgarishi, sog‘liqni saqlash va ta’limdagi muammolarni yechishga yordam berayotganini, bu borada inklyuziv jamiyat yaratmoqchi bo‘lsak, davlat va xususiy sektor birgalikda ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
Davosdagi xalqaro forumda Xitoydagi iqtisodiy holat va inflatsiya xavfi muhokama markazidagi asosiy mavzular bo‘ldi.
«Vaziyat ideal emas, lekin kutilgan prognozlarga nisbatan ancha yaxshi», dedi JP Morgon prezidenti Daniyel Pinto.
Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard joriy yilda ham foiz stavkalari oshishda davom etishiga ishora qildi.
Forum doirasida Oxfam xayriya tashkilotlari assotsiatsiyasining yillik hisoboti e’lon qilindi. «Eng boylarning omon qolishi» deb nomlangan hisobotda aytilishicha, jami 26 trillion dollar yoki 2020 yildan beri to‘plangan global boylikning deyarli 62 foizi eng boy 1 foiz odam qo‘liga o‘tgan. Aholining qolgan 99 foiziga atigi 16 trillion dollar to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yili milliarderlarning boyligi «oziq-ovqat va energetika kompaniyalarining osmonga ko‘tarilgan daromadlari» tufayli yana ko‘paygan. Oxfam ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kompaniyalarning 95 foizi 2022 yilda o‘z daromadlarini ikki baravardan ko‘proqqa oshirgan.
Germaniya iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vaziri Svenya Shuls Oxfam hisobotidagi xulosalarni «xavfli» deb atadi.
«Pandemiya, mojarolar va oxirgi, lekin eng muhimi – Rossiyaning tajovuzkor urushi bizni qashshoqlik, ochlik, sog‘liqni saqlash va ta’lim nuqtai nazaridan bir necha yil orqaga qaytardi, boylar esa yanada boyib ketishdi. Butun dunyoda tengsizlikni kamaytirmasak, biz bu inqirozlarni yengib chiqa olmaymiz», – dedi u.
Mavzuga oid
10:26
Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
21:28 / 19.12.2024
2025 yilda 43 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda
21:11 / 19.12.2024
Dunyoning eng yirik iqtisodiyotlari e’lon qilindi
13:41 / 16.12.2024