Piyoz narx-navosi: Minbarlarda aytilayotgan gaplar va real hayot o‘rtasidagi farq haqida reportaj
Ayni kunlarda O‘zbekistonda kam uchraydigan piyoz tanqisligi kuzatilmoqda. Natijada bozor rastalaridagi 1 kg piyozning narxi 10 ming so‘mdan oshdi. Xo‘sh, bu mavzu atrofida aylanayotgan xavotirlar qanchalik o‘rinli? Piyoz narxi bilan bog‘liq prognozlar, zaxiralarning mavjud yoki yo‘qligi, mahsulot tanqisligi haqida mas’ullar nima deydi? Bugun minbarlarda turib aytilayotgan gaplar real vaziyatga qanchalik mos yoki yo‘qligini tahlil qilib ko‘ramiz.
Narxlar qanday o‘zgardi?
Narxlar tahliliga nazar tashlasak, 7 yanvar kuni Toshkent shahridagi markaziy dehqon bozorlarida 1 kg ulgurji narxi 3500-4000 so‘m bo‘lgan piyoz 16 yanvarga kelib 40 foizgacha qimmatlashgan bo‘lsa, ayni kunlarda sotuvda 9000-10 000 so‘m atrofida. O‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda esa poytaxt markaziy bozorlarida 1 kg piyozning o‘rtacha bahosi 4 baravarga qimmatlashgan.
Bozorlardagi arzonlashtirilgan rastalarga zaxiradagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chiqarilib, piyozning chakana narxi 5000 so‘m etib belgilab qo‘yilgan.
Qanchalik xavotirli?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yilning 20 yanvaridan 30 apreliga qadar tibbiy me’yorlar bo‘yicha aholining piyozga bo‘lgan iste’mol talabi o‘rtacha 346 ming tonnani tashkil etadi.
Buning asosiy sababi sifatida, respublikada joriy yilning 9 yanvaridan 17 yanvarigacha bo‘lgan keskin sovuq (o‘rtacha -13 darajadan -22 darajagacha) sababli, yoqilg‘i-energetika sohasida vujudga kelgan muammolar va mahsulotni tashish logistikasi tizimida yuzaga kelgan uzilishlarni ko‘rsatish mumkin.
Keskin sovuq natijasida dehqon bozorlaridagi ayrim ochiq rastalarda saqlangan piyoz mahsulotlari muzlab qolgan (muzlash harorati -5 daraja) hamda noqulay ob-havo sharoiti natijasida taklif, ya’ni bozorga mahsulotni olib kelish hajmi pasaygan.
Ichki iste’mol bozor narxini arzonlashtirish, aholining iste’mol talabini qondirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston 2023 yilning 1 yanvaridan 4 oyga piyoz eksportiga vaqtincha cheklov o‘rnatdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joylarda piyoz zaxirasi mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lishiga qaramay, mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, aholining iste’mol talabi doirasida mavjud zaxiraga qo‘shimcha 26,5 ming tonna piyoz kerakligini ko‘rsatmoqda. Ushbu mahsulotlarni import qilish bo‘yicha xorijiy davlatlardagi sohaviy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Narx 4000 so‘mga tushadi
“Pokiston, Afg‘oniston va bir necha davlatlar havo iliq paytida piyozlarimizni import qilib, olib chiqib ketgan. Bundan tashqari, anomal sovuqda piyoz zaxiralarimizning uchdan bir qismi nobud bo‘ldi. Afsuski, omborlarimiz sovuq havo haroratida mahsulotlarni saqlashga tayyor emas. Ular 10 daraja sovuqqa ham bardosh bera olmaydi.
Ammo hozir ham zaxiralarimizda yetarli piyoz bor. Faqat bir masala turibdiki, piyoz yaxlab, erigandan keyin iriydi va iste’molga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Hozir muzlagan piyozlarni joyidan qo‘zg‘atib bo‘lmaydi. Uning muzlari sekin erigach, ustidagi yaxlaganlarini olib tashlab, qolganini iste’molchilarga yetkazib berish mumkin bo‘ladi.
Buning uchun biroz kutishga to‘g‘ri keladi. O‘rganishlarimizga ko‘ra, piyoz narxi 20 fevralga borib, to‘rt ming so‘mga tushadi”, – degan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bosh mutaxassisi Zayniddin Fayzullayev “Daryo”ga bergan intervyusida.
Muzlagan piyozni saqlash mumkin, ammo...
EastFruit tahlilchilari nazariy jihatdan butunlay muzlab qolgan piyozni tozalash va muzlagan holda sotish mumkinligini aytishmoqda. Ammo buning uchun katta sig‘imli muzlatkichlar va ekstremal sharoitlarda piyozni tozalash uchun katta miqdorda ishchi kuchi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, mutaxassislar qish oylarida O‘zbekistonda piyoz o‘z sifatini saqlab qolishi uchun maqbul sharoitlarda saqlanmasligi, moslashtirilgan omborlar nafaqat barqaror havo haroratini saqlab turish uchun uskunalar bilan jihozlanmagan, balki ko‘pincha minimal issiqlik izolyatsiyasiga ham ega emasligini aytishmoqda.
Ayrim hollarda piyozning bir qismi yomg‘irdan himoya qilish uchun faqatgina shiypon ostida saqlanadi. Natijada esa ko‘rdikki, bu yilgi qahratonda ko‘plab mahsulotlarni “sovuq urdi”.
Narx hali tushmasligi ham mumkin
Yaqin oylarda piyoz narxining tushmasligi bo‘yicha ba’zi taxminlar ham bor. Masalan:
piyoz zaxiralarining qisqarishi;
- yangi hosilgacha hali 2–2,5 oy borligi;
- bu yilgi qahraton O‘zbekistonning janubiy viloyatlaridagi bahorgi piyozning yangi hosiliga qanday ta’sir qilgani hozircha noma’lumligi;
- Qozog‘iston tomonidan piyoz eksportiga qo‘yilgan to‘liq taqiq;
- dunyodagi eng yirik piyoz eksportchilaridan biri bo‘lgan Pokistondagi o‘tgan yili yuz bergan tabiiy ofatlar sabab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining nobud bo‘lishi kabi omillar narxlarga o‘zining jiddiy ta’sirini o‘tkazishi mumkin.
Sardorbek Usmoniy,
G‘iyos Safarov,
Kun.uz.
Mavzuga oid
08:14 / 20.12.2024
Toshkent shahri va viloyat markazlarida ko‘chmas mulk bozorida faollik oshdi
17:36 / 16.12.2024
Qishga saqlangan uzumlar
09:59 / 14.12.2024
Yunusobod bozorida qayta qurish ishlari boshlanadi
19:53 / 11.12.2024