Sport | 17:21 / 29.01.2023
30778
2 daqiqa o‘qiladi

Tennis. Jokovich Tsitsipasni mag‘lub etib, Australian Open’ning 10 karra g‘olibiga aylandi

Melburn shahrida yilning «katta dubulg‘a» tasnifidagi dastlabki yirik turniri – Avstraliya ochiq chempionati yakuniga yetdi.

Foto: Getty Images

Erkaklar o‘rtasidagi final bahsida serbiyalik Novak Jokovich gretsiyalik Stefanos Tsitsipasga qarshi kortga chiqdi. Uch soat davom etgan final o‘yinida Jokovich gretsiyalik raqibini uch setda 6:3, 7:6, 7:6 hisoblarida mag‘lub etib, turnir g‘olibiga aylandi. 

Jokovich dushanba kuni ATP reytingida Karlos Alkarasni ortda qoldirib, 1-o‘ringa ko‘tariladi.
Qayd etish joiz, 35 yoshli tennischi koronavirus bilan bog‘liq cheklovlar paytida emlanmagani sababli 2022 yilgi Avstraliya ochiq chempionatiga qo‘yilmagan edi. 

Shu tariqa, 2023 yilgi turnir g‘olibi bo‘lgan Jokovich faoliyati davomida Australian Open’ning 10 karra chempioniga aylandi.

Australian Open. Final
Melburn, Avstraliya
Novak Jokovich (Serbiya) – Stefanos Tsitsipas (Gretsiya) - 6:3|7:6|7:6.

Ma’lumot uchun, ushbu natija bilan Novak «katta dubulg‘a» tasnifidagi chempionlik sonini 22taga yetkazib, bu borada rekordchi bo‘lib turgan Rafael Nadalga tenglashdi. Jokovich faoliyati davomida 10 marta Australian Open, 7 karra – «Uimbldon», 3 marotaba – US Open va ikki bor – «Rolan Garros» bosh sovriniga ega chiqqan. 

Umumiy sovrinlari soni bo‘yicha esa Jokovich Melburnda 93-g‘olibligini rasmiylashtirib, Nadalni ortda qoldirishga erishdi. Serbdan oldinda faqatgina uch nafar tennischi – Ivan Lendl (94ta sovrin), Rojyer Federer (103) va Jimmi Konnors (109) o‘rin egallagan. 

Eslatib o‘tamiz, shanba kuni ayollar o‘rtasidagi Avstraliya ochiq chempionati finalida Qozog‘iston vakilasi Yelena Ribakina belaruslik Arina Sobolenkoga qarshi bahs olib borib, unda Sobolenko 4/6, 6/3, 6/4 hisoblarida g‘alaba qozonib, Australian Open-2023 chempioniga aylangandi.

Mavzuga oid