Sport | 16:25 / 31.01.2023
35482
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston – 2022 yilning eng yaxshi shaxmat mamlakati deb topildi

O‘zbekistonlik shaxmatchilarning so‘nggi bir yil davomida xalqaro arenalardagi sensatsion g‘alabalari ortidan O‘zbekiston – yilning eng yaxshi shaxmat mamlakati deb e’tirof etildi.

Foto: Maaike Brink

Xususan, o‘tgan ikki hafta davomida Niderlandiyada o‘tkazilgan «Tata Steel Chess-2023» xalqaro turnirining «Masters» toifasida O‘zbekiston milliy jamoasi a’zolaridan Nodirbek Abdusattorov 5-turdan buyon peshqadamlikni hech kimga bermay, so‘nggi turdagi yagona mag‘lubiyati sababli yakunda 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, «Challengers» tasnifida o‘zbekistonlik yana bir shaxmatchi Javohir Sindorov 3-o‘rinni egalladi.

Niderlandiyadagi xalqaro turnir yakunida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov yilning eng yaxshi shaxmat mamlakatiga topshiriladigan «Tour D'or» - «Oltin minora» sovrinini qabul qilib olishdi. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga Yevropaning shaxmat sovrinini fransiyalik mashhur grossmeyster Bashar Kuatli topshirdi.

Shuningdek, «Tata Steel Chess-2023» musobaqasida Nodirbek Abdusattorovga mag‘lubiyatga uchragan norvegiyalik Magnus Karlsen 2022 yilning eng yaxshi shaxmatchisi deb topildi. Hindistonlik Dommaraju Gukesh esa 2022 yilning eng yaxshi yosh shaxmatchisi deb e’lon qilindi. U 2022 yilgi shaxmat Olimpiadasida Nodirbek Abdusattorovga mag‘lubiyatga uchragandi. Har ikki shaxmatchi «Tour D'or» sovrinlariga ega chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston birorta ham mag‘lubiyatga uchramagan yagona jamoa bo‘lib, 188 jamoa ishtirok etgan Olimpiada chempioniga aylangandi. Natijada, ilk marta o‘zbekistonlik 4 shaxmatchi FIDE reytingida TOP-100talikdan joy olgandi.

Mavzuga oid