Yashash joyidan chiqishi cheklangan shaxslarni nazorat qiluvchi elektron brasletlar uchta viloyatda sinovdan o‘tkazilmoqda
Sinov davomida mahkumlarda kuzatilgan qurilmani taqib yurish bilan bog‘liq noqulayliklar, elektron brasletning salomatlikka nojo‘ya ta’siri va boshqa holatlar bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
2021 yilda e’lon qilingan prezident qarori loyihasida birinchi marta ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan va qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarni manzil-koloniyaga o‘tkazish amaliyotini bekor qilib, ularni shartli ozodlikka chiqarish asosida probatsiya nazoratiga olish, bunday nazoratdagi shaxslarning xatti-harakatlarini elektron braslet orqali real vaqt rejimida elektron kuzatish tartibi joriy etilishi aytilgandi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2021 yil 26 martdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni bilan tasdiqlangan ichki ishlar organlari tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda 2021 yil 15 oktyabrdagi “Ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarorida probatsiya xizmati nazoratidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan monitoring qilish uchun “elektron brasletdan foydalanish amaliyotini joriy etish” vazifasi yuklatilgan.
Qayd etilishicha, Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tomonidan ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan shaxsni masofadan turib nazorat qilish uchun elektron braslet va ushbu vositani qo‘llash bo‘yicha dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan. Elektron braslet Sirdaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida joriy etilib, ichki ishlar organlari probatsiya bo‘linmalari hisobida turib, ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxslar yashash manzillarining turli xil geografik joylashuvini inobatga olgan holda hamda hududlarda faol ishlovchi mobil aloqa kompaniyalarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
“Elektron qurilmani sinovdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, mahkumlardan qurilmani taqib yurish bilan bog‘liq noqulayliklar, uning sog‘liqlariga nojo‘ya ta’siri va boshqa texnik holatlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Ozodlikni cheklash tarzidagi jazoga hukm qilingan shaxslarni masofadan turib nazorat qilish uchun elektron braslet vositasini qo‘llash Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi va Probatsiya xizmati hamkorligida respublikamizning barcha hududlarida sinovdan to‘liq o‘tkazilib, amaliyotga joriy etiladi”, deyiladi Kun.uz’ga taqdim etilgan rasmiy ma’lumotda.
Mavzuga oid
08:59 / 18.12.2024
Mahkumlarga masofaviy videouchrashuv huquqi beriladi
17:13 / 05.12.2024
Xorijdagi mahkumlarni O‘zbekistonga qabul qilish tartibi belgilandi
15:49 / 02.11.2024
O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 68 nafar mahkum to‘g‘ri kelmoqda
12:30 / 25.10.2024