O‘zbekiston | 12:23 / 03.02.2023
21291
4 daqiqa o‘qiladi

Xususiy sektordagi ayollarga yengillik – “dekret” pulining bir qismi budjetdan to‘lanyapti

2022 yil sentabrgacha faqat budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarga “dekret” puli budjetdan to‘lanardi. Xususiy sektorni esa ayollarni ishga olmaslik yoki ishda saqlab qolish uchun shu masala o‘ylantirardi. Endi xususiy sektorda band ayollar uchun homiladorlik nafaqasining bir qismi (oyiga qariyb 2 mln so‘m) budjetdan to‘lanmoqda.

2022 yil sentabrdan boshlab xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga nisbatan diskriminatsiya nihoyat kamaydi. Davlat ularga “dekret” puli to‘lay boshladi. Xususiy kompaniyalarda ishlaydigan homilador ayollar farzandli bo‘lguniga qadar davlatdan oyiga 2 mln, aniqrog‘i 1 mln 992 ming so‘mdan nafaqa olishlari mumkin.

Oliy Majlis huzuridagi qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i Gulnoza Sattorova xususiy biznes egalarini ayollarni ishga qabul qilmaslik uchun dekret puli masalasi ham og‘rintirganini aytdi.

“Amaliyotda ko‘pincha ish beruvchida ayollarni ishga qabul qilganda “ertaga homilador bo‘ladi, keyin dekretga ketadi, dekret pulini mening hisobimdan olib, 3 yil ishga kelmaydi. Uning o‘rniga kamida 4 oy hech kimni ola olmayman” kabi fikrlar bo‘ladi. Shu sababli amaliyotda homilador va reproduktiv yoshdagi ayollarni ishga qabul qilish masalasi qiyin. Ish beruvchiga muammo kerak emas.

Prezident tomonidan ayollarning mehnat sharoitini takomillashtirishga qaratilgan farmon qabul qilindi. Bundan hamma ayollar xursand bo‘ldi. Tadbirkorlik sub’yektlarida band ayollarning homiladorlik va “dekret” ta’tillari uchun pul “Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi” hisobidan to‘lanadigan bo‘ldi”, deydi huquqshunos.

Bu tartib amal qilishi uchun ayrim shartlar bor:

  • Nafaqaga talabgor ayol kamida uzluksiz 6 oy davomida o‘sha korxonada ishlagan bo‘lishi kerak.
  • Yagona milliy mehnat tizimida rasman band bo‘lgani, korxona tomonidan mehnat daftarchasi ochilgani hamda uning buyruqlari korxona tomonidan kiritilgani hisobga olinadi.
  • Shuningdek, 6 oy davomida ayolning Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida daromadlari va soliq to‘lovlari aks ettirilgan bo‘lishi kerak.

Nafaqa faqatgina 2022 yil 1 sentabridan boshlab “dekret”ga chiqqan ayollarga to‘lab beriladi.

Agar siz xususiy sektorda ishlasangiz, ish stajingiz va oylik maoshingizni inobatga olgan holda, “dekret” puli 6 million so‘m chiqsa – shu summaning 2 million so‘mi davlat tomonidan kompensatsiya qilib beriladi. Qolgan qismini tadbirkor o‘zi to‘lab berishi kerak. Ayollarga dekret pulini to‘lash bosqichma-bosqich tadbirkor zimmasidan olinadi, kelgusida to‘liq davlat tomonidan qoplanadi.

Moliya vazirligi departament direktori Gulnora Murodovaning tushuntirishicha, ayollar dekretga chiqishdan oldin tibbiyot muassasalaridan ro‘yxatdan o‘tganda ism-familiya va telefon raqamlarini to‘g‘ri aytishlari kerak. Bu keyinchalik nafaqa tayinlashda tushunmovchiliklarning oldini oladi.

O‘tgan davrda xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqasini budjetdan to‘lash uchun 200 mlrd so‘m ajratilgandi, 2023 yilda esa bu yo‘nalishga 300 mlrd so‘m ajratilishi reja qilingan.

“Dekret” pulini olish uchun hech qayerga murojaat qilish kerak emas, jarayon avtomatlashtirilgan. Nafaqa tayinlangandan keyin pul kartangizga tashlab beriladi, mabodo sizda bank kartasi bo‘lmasa, o‘zingizga yaqin Xalq bankidan olishingiz mumkin. Bu haqda sizga sms yuboriladi. Unutmang, internetdagi havolalar orqali karta raqamingizni kiritib, dekret pulini olish aytilgan e’lonlar yolg‘on. Nafaqa sizning ishtirokingizsiz to‘lanadi.

Yana bir gap: agar siz ham xususiy sektorda va ham budjet tashkilotida ishlasangiz, bunda birinchi ish joyingiz inobatga olinadi. Har ikki joyda nafaqa tayinlanmaydi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid