O‘zbekiston | 18:43 / 06.02.2023
6812
11 daqiqa o‘qiladi

Nou-xao – tijorat sirlari nega himoya qilinishi kerak?

Yuridik tadqiqotchi Mohinur Bahromova ushbu maqolasida iqtisodiyot rivojida nou-xaular himoyasining ahamiyati va bu borada O‘zbekiston qonunchiligidagi bo‘shliqlar haqida so‘z yuritadi.

Iqtisodiy rivojlanish uchun intellektual mulk, xususan nou-xaudan samarali foydalanish – dolzarb masala. O‘zbekistonning bu sohada turli rivojlangan davlatlar hamda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorligi muhim va kechiktirib bo‘lmasdir. Huquq tizimi rivojlangan mamlakatlarining huquq normalari va sud amaliyotini, xalqaro tajribani o‘rganish kerak.

Nomoddiy aktivlar sanaluvchi intellektual mulk obektlarining ijtimoiy hayotimizda tutgan o‘rni ortib bormoqda. Milliy iqtisodiyot tarmoqlariga aqliy faoliyat natijalarini va ilg‘or g‘oyalarni amalda joriy qilish mexanizmlarini takomillashtirish, mahalliy va xalqaro brendlarni yaratish, kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qo‘yish, intellektual mulkning ishonchli va samarali huquqiy himoya qilish mexanizmini yaratish borasida qator ishlarni amalga oshirish zarurati bor.

Mamlakatning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida intellektual mulk sohasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shunga muvofiq qabul qilingan 2022–2026 yillarda O‘zbekistonda intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi bu sohadagi davlat boshqaruvini, qonunchilikni, intellektual mulk obektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, ularni yaratish jarayonlarini, maxsus intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish tizimini takomillashtirish kabi asosiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Qayd etilgan normativ-huquqiy hujjatning qabul qilinishi intellektual mulk obektlarini yuridik jihatdan himoya qilish, bu sohada kuzatilayotgan huquqbuzarliklarni monitoring hamda tahlil qilish orqali ularni oldini olish, zarur bo‘lgan vaqtda qonuniy chora ko‘rish, huquq egalarining va boshqa muallif-ijodkorlarning moddiy manfaatdorligini oshirish, chet el kompaniyalarining mamlakat hududida intellektual mulk huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlarda mavjud dolzarb muammolarning yechish imkoniyati yaratib beradi.

Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq, intellektual faoliyat natijalari fuqarolik huquqlari obektlari hisoblanadi, bu Fuqarolik kodeksining 81-moddasida belgilangan. Fuqarolik va boshqa qonunchilikka muvofiq, intellektual mulk bilan bog‘liq belgilangan hollarda va tartibda jismoniy yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqi e’tirof etilishi belgilangan. Bular intellektual faoliyatning aniq ifoda etiladigan natijalari yoki unga tenglashtirilgan vositalar, xizmatlar, ishlar, mahsulotlar, firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va boshqalar bo‘lishi mumkin.

Fuqarolik kodeksining ikki bob (59-60) va 35 moddadan (1031-1073) iborat ikkita bo‘limi intellektual mulk masalalariga bag‘ishlangan. Kodeksga muvofiq oshkor etilmagan ma’lumotlar, tadqiqot obekti hisoblanuvchi ishlab chiqarish sirlari (nou-xau) intellektual mulk obekti hisoblanadi. Yuridik adabiyotlarda ham, olimlarning qarashlari hamda mavjud qonunchilikda ham intellektual mulk obektlarining huquqiy muhofazasi ularni yaratganlik fakti bilan hamda qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan davlat vakolatli organi tomonidan huquqiy muhofaza hujjati berilishi oqibatida yuzaga keladi. Fuqarolik kodeksining 1032-moddasida oshkor etilmagan axborotga nisbatan huquqiy muhofaza qilish shartlari keltirib o‘tiladi.

Shunday qilib, milliy qonunchiligimizga ko‘ra nou-xau inson aqliy foliyati bilan bog‘liq intellektual mulk obekti kabi tasniflanadi va shunga mos ravishda intellektual faoliyatning qonun bilan himoyalangan natijalari hisoblanadi. Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan himoya qilish Fuqarolik kodeksining 64-bobida belgilangan.

Fuqarolik kodeksining 1096-moddasida oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik tartibi belgilangan. Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asosi bo‘lmay turib olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs bu axborotga qonunan ega bo‘lib turgan shaxsga axborotdan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxs bu axborotni uni tarqatishga huquqi bo‘lmagan shaxsdan olgan bo‘lsa, axborotni qo‘lga kirituvchi shaxs bundan bexabar bo‘lsa va buni bilmasligi kerak bo‘lsa (axborotni insofli egallovchi), oshkor etilmagan axborotning qonuniy egasi axborotni insofli egallovchi axborotdan foydalanayotgani noqonuniy ekanligini bilib qolganidan so‘ng oshkor etilmagan axborotdan foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni undan talab qilishga haqlidir.

Xorijiy mamlakatlarda “know-how” (AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya) atamasi bilan bir qatorda “trade secret” (tijorat siri) (AQSh), “secret de fabrique” (ishlab chiqarish siri), “savoir-faire” (nou-xau) (Fransiya), tushunchalarini ochishda dastlab chet ellik olimlar va huquqshunoslar sezilarli darajada yoki qisman farq qiladigan ma’noni oladilar.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda aytish joizki, oshkor etilmagan ma’lumotlarga, shu jumladan ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) mutlaq huquqning amalga oshirilishi va batafsil tartibga solinishi ixtirodan foydalanishni tartibga solishga o‘xshash tarzda amalga oshiriladi.

Amaliyotda nou-xau muallifining shaxsiy nomulkiy huquqlari buzilishi holatlari ham yuz bermoqda. Biroq, nou-xau va tijorat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilishning aniq va maxsus qoidalari mavjud emasligi nou-xau muaalifining buzilgan shaxsiy nomulkiy huquqlarni kvalifikatsiya qilishda qiyinchiliklarni vujudga keltiradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonunchiligida intellektual mulkni himoya qilish, buzilgan intellektual huquqlarni, ham mulkiy, ham nomulkiy huquqlarni himoya qilishning yetarli darajada samarali fuqarolik-huquqiy usullari belgilab berildi.

Intellektual mulkni himoya qilishning umumiy fuqarolik-huquqiy usullari Fuqarolik kodeksining 11-, 1032-, 1040-moddalari hamda 64-bobida (1095-, 1096-, 1097-moddalarda) keltirilgan. Nou-xau intellektual mulk huquqining obektlari jumlasiga kiradi, shuning uchun unga nisbatan intellektual mulk huquqini himoya qilishning barcha umumiy fuqarolik-huquqiy usullari qo‘llaniladi. Biroq, Fuqarolik kodeksining normalarida nou-xauga bo‘lgan buzilgan huquqlarni himoya qilish uchun hech qanday tushuntirishlar yoki qo‘shimcha choralar mavjud emas, ularni aniq belgilash zarurati bor.

Bu holatda eng muhim chora – zararni koplash (undirish) o‘rniga, kompensatsiya to‘lovlarini yig‘ish imkoniyatidan foydalanish xisoblanadi. Zararni qoplash – jabrlanuvchining mulkiy manfaatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri mulkiy yo‘qotishlarni pul kompensatsiyasi hisobidan qondiriladigan bunday himoya turi zararni qoplash hisoblanadi.

Ma’lumki, fuqarolik huquqida yo‘qotishlar deganda huquqi buzilgan shaxsning mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek, agar huquq buzilmagan bo‘lsa, bu shaxs normal aylanma sharoitida oladigan daromad (boy berilgan foyda) tushuniladi.

Shu munosabat bilan, nou-xauni himoya qilish bo‘yicha qoidalarni jabrlanuvchiga zararni qoplashdan tashqari, huquqbuzardan kompensatsiya to‘lovlarini ham undirish imkonini beradigan norma bilan to‘ldirish maqsadga muvofiq.

Intellektual mulk huquqlarini himoya qilishning ma’muriy usullari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi. Kodeks quyidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni nazarda tutadi:

– Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish (1771-modda);

– Ixtiroga, foydali modelga va sanoat na’munasiga bo‘lgan huquqlarni buzish (1772-modda).

Biroq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nou-xauga bo‘lgan mutlaq huquqni buzganlik uchun alohida javobgarlik nazarda tutilmagan.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzuvchi huquqbuzarliklar profilaktikasi doirasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning “Fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish” asoslari keltirilgan 46-moddasida “Tibbiy yoki tijorat sirlarini, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar, bank operatsiyalari va jamg‘armalar sirlarini, xuddi shuningdek fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma’naviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor etish” uchun javobgarlik belgilangan, ammo ushbu qoidaning maqsadi va obekti oshkor etilmagan ma’lumotlar yoki ishlab chiqarish sirlarini (nou-hau) oshkor qilganlik uchun javobgarlikni belgilash bilan bog‘liq emas.

MJtKning 1771, 1772-moddalar bo‘yicha ma’muriy javobgarlikning mavjudligi shunga o‘xshash harakatlar uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini nazarda tutadi.

Shunday qilib, Jinoyat kodeksining 149-moddasida nazarda tutilgan “mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish” intellektual mulk obektiga nisbatan mualliflik huquqini o‘zlashtirib olish, hammualliflikka majburlash, shuningdek, intellektual mulk obektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ular rasman ro‘yxatdan o‘tkazilguniga yoki e’lon qilinguniga qadar muallifning roziligisiz oshkor qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Shu bilan birga, intellektual mulkning boshqa obektlari bilan bog‘liq huquqlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan. Turli intellektual mulk obektlariga nisbatan bir xil bo‘lmagan bunday yondashuv adolatsiz hisoblanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, oshkor etilmagan ma’lumotlar, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau)ni himoya qilish usullari va intellektual mulk obektlarini muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mamlakatimizda biznes hamda tadbirkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani, ishlab chiqarish sohasida yangi texnika, texnologiyalarni, bilimlarni joriy etish, ayniqsa, iqtisodiyotni raqamlashtirish borasida ilg‘or xorijiy innovatsion texnologiyalarni jalb qilish ehtiyoji kundan kunga ortib bormoqda. Kelgusida ushbu sohalarda noaniqliklar va tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida Fuqarolik kodeksida ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) doir qoidalarni kiritish maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksiga nou-xau tushunchasi, nou-xau rejimi, uning maxfiyligi va uning muhofazasi, nou-xauning shartnomaviy asoslari hamda uning tijoratlashtirilishi kabi normalarni kiritish orqali sohada yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan tartibga solish mumkin bo‘ladi.

Nou-xauga bo‘lgan talablarni buzganlik uchun fuqarolik-huquqiy javobgarlikni Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida aniq keltirib o‘tilishi kerak deb hisoblaymiz. Misol uchun, noqonuniy axborotdan foydalangan shaxsning da’vogar oldida zararni qoplash majburiyatini belgilashda qanday tartib va mezonlarda belgilanishi ochiq qolgan. Biz berayotgan taklifga ko‘ra, zarar miqdori noqonuniy axborotdan foydalanib kelingan davr muddatini huquq egasi ko‘rgan haqiqiy zararni belgilanishida asosiy mezon sifatida qayd qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mohinur Bahromova,

TDYuU Intellektual mulk huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

Mavzuga oid