O‘zbekiston | 08:34 / 11.02.2023
7896
2 daqiqa o‘qiladi

Sloveniya Lyublyana va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Sloveniya bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Doimiy ravishda qo‘shma biznes-forumlari va «O‘zbekiston va Sloveniyada ishlab chiqarilgan»  ko‘rgazmalarini o‘tkazish orqali investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoati, infratuzilma qurilishi va IT-texnologiyalari sohalari qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning eng ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Sloveniya delegatsiyasi rahbari ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida charter va muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi keyingi amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun aviatsiya idoralari o‘rtasida onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldi.

Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Sloveniya Hukumatlararo komissiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid