Jamiyat | 11:38 / 12.02.2023
47814
15 daqiqa o‘qiladi

“Onamning taqdiri peshonamga bitilgan ekan” - to‘rt bola bilan eri tashlab ketgan ayol hikoyasi

“Dadam bir ayolni uyga olib keldi. Bu mening tutingan singlim, farzandi yo‘q, shu yerda davolanadi, dedi. Keyin bilsak, unga uylanib olgan ekan. O‘sha ayol bilan ovora bo‘lib, otam bizga e’tibor qilmay qo‘ydi. Onam esa ro‘zg‘or tebratish uchun bozorda ko‘kat sotardi”.

Foto: KUN.UZ

Oila qurish har ikkala tomonga ham mas’uliyat yuklaydi. Er va xotin bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilmasa, turmush aravasini tortishning o‘zi bo‘lmaydi. Ammo yoshlikda ro‘zg‘or yuklarini tengma-teng ko‘tarib, to‘kin hayotga erishdim deganda ayol kishini hech narsasiz qoldirish, yana to‘rt bolaning ta’minotini yelkasiga ortib qo‘yish, boz ustiga bolalardan biri nogiron bo‘lsa, bu mard erkakning ishi emas.

Qashqadaryolik ayolning boshidan o‘tganlarini tinglar ekanman, beixtiyor xayolimdan shunday o‘ylar o‘tdi.

Baxtsiz o‘tgan bolalik

“Oilada 5 nafar farzandning kattasiman. Yoshligimizda dadam buvimning gapiga kirib, onamni ko‘p urardi. Maktabni bitirar chog‘imda dadam bir ayolni uyga olib keldi. Bu mening tutingan singlim, farzandi yo‘q, shu yerda davolanadi, dedi.

Keyin bilsak, unga uylanib olgan ekan. O‘sha ayol bilan ovora bo‘lib, otam bizga e’tibor qilmay qo‘ydi. Onam esa ro‘zg‘or tebratish uchun  bozorda ko‘kat sotardi. Undan keyin ham juda ko‘p janjallar bo‘ldi. Dadam uydan ket, deb onamni urardi.

1999 yil qo‘shnimiz meni opasining o‘g‘liga kelin qildi. Qizlar bu kunni hayajon bilan kutadi. Mening esa hatto to‘yim ham xursandchilik bilan o‘tmagan. Sababi, dadam onamni to‘ydan ikki kun oldin do‘pposlab, yuz-ko‘zlarini ko‘kartirib tashlagandi.

Onam sho‘rlik hatto mehmonlarning oldiga ham chiqolmagan. To‘yning boshida kundoshlari turgan. To‘y ham o‘tdi. Onang yaxshi sep qilib bermagan, deb erim ko‘p urardi. Imkon qadar, boricha qilib bergandilar.

Homilador bo‘ldim, ammo kaltaklar sabab homilam nobud bo‘ldi. Orada vaqt o‘tib, yana shu holat takrorlandi. Uchinchi homilamda esa juda ko‘p asabiylashganim uchun o‘g‘lim kasallik bilan tug‘ildi.Uni hatto davolatishmadi ham. Orada qiyinchiliklar va dilxiraliklar ko‘p bo‘lardi.

Qaynotam oraga tushib, ko‘p janjal qilardi va ko‘p urardi, hatto kvartiraga chiqarib qo‘yishdi. To‘rt nafar qaynsinglim bor. Ularning, qaynona-qaynotamning xizmatini qilardim. Katta ro‘zg‘or, o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, hatto dam olishga ham vaqtim bo‘lmasdi. Janjallar kundan kunga ko‘payaverdi. Axiyri onamnikiga ketdim. Ammo erim kelib olib ketdi.

“Ukalaring uchun chida”

Onamga ajratib oling, desam, o‘zi mening hayotim bunday bo‘lib o‘tiribdi, seniki ortiqchalik qiladi. Chida, ukalaringni o‘yla, deb aytardi. O‘g‘lim uchga kirganda uni qaynona-qaynotamga tashlab, erim bilan Rossiyaga ishlagani ketdik.

Boshida ko‘cha tozalovchi bo‘lib ishladik. O‘shanda yerto‘lada yashardik. Keyin erim ishlamay qo‘ydi, 11 oy bekor yotdi. O‘zim u yoq bu yoqdan ishlab kelardim. Ishlagan pullarimning tiyin-tiyinigacha qo‘liga topshirardim. Hatto o‘z ehtiyojlarim uchun ham ishlatolmasdim.

U esa qaynotamga jo‘natardi. Ish tanlardi, oxiri kafedan ish chiqdi, bir muddat ishladi. Ishlab turib qaynsingillarimni o‘qitib, turmushga berdik. Bu orada qizimga homilador bo‘ldim. Tug‘ishimdan ikki oy oldin O‘zbekistonga keldik.

2007 yil qizim tug‘ildi. Uch oylik bo‘lganida yana Rossiyaga ketdik. Yana o‘sha ahvol. Qo‘limda chaqalog‘im, ko‘chada ishlolmayman. Uyda u bu narsa qilib sotardim. Uy-joy qilamiz, deb erim pullarimni uyga jo‘nataverdi.

Ukam ham o‘sha yerda edi. Yordam berib, erimni ishli qildi. Yaxshi topardik. Lekin o‘zim uchun bir so‘m sarflay olmasdim. Shuning ortidan erimning ota hovlisida uch xonali uy qurdik.

“Boshginamda shu ham bor ekan”

O‘g‘lim yoshi yetib, maktabga chiqdi. Bu vaqtda biz dadasi bilan Rossiyada edik. Maktabga ilk qadamlarini ham ko‘rolmadim. Birinchi sinfligida sudirgi bergan. Darsliklarni ham o‘zlashtira olmagan. Keyin maxsus maktabga qo‘ydik. U yerda ham shu ahvol bo‘ldi.

Umuman hech qanaqa darsni o‘zlashtira olmadi. U yerdan ham chiqarishdi. Keyin doktorga ko‘rsatish uchun O‘zbekistonga kelib, uni Rossiyaga olib ketdim. Pul to‘plab, doktorga ko‘rsatdik. Shifokorlar miyada qon qotishi, ya’ni epilepsiya tashxisini qo‘yishdi.

Davolatish uchun ancha kech bo‘lgan ekan. Shunda ham davolatdik, sudirgisi ancha kamaydi, lekin aqli zaifligicha qoldi. Uchinchi qizimga ham homilador bo‘ldim. Qaynotam ham Rossiyaga ishlagani keldi-yu, yana janjal boshlandi.

Bu yoqda qaynotam, u yoqdan qaynonam aqli zaif bola bilan o‘tasanmi, boshqasiga uylan, deb erimga bosim o‘tkazishardi. Onam ham o‘sha yerda edi, ukalarim bilan turardilar. Menga ancha yordam qilardilar. Ularning madadlari bilan ancha dosh berdim. Lekin oxiri sabr kosam to‘ldi.

Janjal, tazyiqlardan to‘yib ketdim. O‘g‘limni olib ketolmasdim. O‘g‘limni qoldirib, katta qizimni olib, O‘zbekistonga qochib keldim. Bir haftadan so‘ng 2012 yil qizim tug‘ildi. Singlim yordam qildi. Qizim ikki oylik bo‘lib qoldi.

Erim telefon qilib kechirim so‘radi. O‘g‘lim o‘sha yerdaligi sababli yana qaytdim. Bir muddat yaxshi yashadik, keyin yana janjal, yana o‘sha ahvol takrorlanaverdi.

O‘g‘limni maxsus maktabga o‘qitaman, deb 3 bolam bilan O‘zbekistonga qaytdim. Toshkentda ijarada turdim. Ammo yashash qiyinlashaverdi. Turmush o‘rtog‘im ijara pulimiz va yashashimiz uchun mablag‘ berolmadi.

Qarshida ham maxsus maktab borligini eshitib ko‘chib keldik. U yerda ham ijarada yashadik. O‘g‘lim maktabga borib kelardi. Lekin o‘zlashtirolmadi. Orada to‘rtinchi farzandimga homilador bo‘lib qolgan ekanman. Homilam 5 oylik bo‘lgunicha emizikli farzandim borligi sababli sezmaganman ham. Noiloj, yana tug‘ishga majbur bo‘ldim. Kichkina qizim Qarshida tug‘ildi.

“To‘rt bolam bilan qayga boraman?”

Onam bilan singlim qizim tug‘ilganida yordam kilishdi. Erim ham keldi. Bir oy turib yana ketdi. Shundan so‘ng 3-4 oy o‘tib, pul jo‘natishga og‘rinib qoldi. Uyga borib tur, ota-onamdan kechirim so‘ra, deb meni bir amallab ko‘ndirdi.

Boshqa ilojim ham yo‘q edi. Qo‘limda ikki chaqalog‘im, o‘g‘lim ham chaqaloqdan kam emas. Qizim hali kichkina. Ular bilan ishlolmasdim. Bolalarimni olib bordim. Bu vaqtda qaynotam ham Rossiyadan qaytib kelgandi. Qaynsingillarim va qaynotam janjal qilib, bu yerda yashamaysan, deb urib haydashdi.

Mahalla raisini olib keldim, ular kiritib qo‘yishdi. Qozonimiz bitta bo‘lgani bilan alohida ovkatlanardik. Yeb-icharimiz o‘lchamli edi. Ba’zi paytlar ular ovqatni suzib olib, suv qo‘shib qo‘yishardi. Noiloj yerdik.

Non va yeguliklar ularning xonasida turardi. Bolalarim qorni to‘yib ovqatlanolmasdi. Oxiri chidolmadim. Ro‘zg‘orimni alohida qilib bering, bo‘lmasa alimentga beraman, dedim. Erim oyiga 100 dollar jo‘natardi. Yeb-ichishga kiyim-kechakka yetkazolmay qolardim.

Bolalarimga Rossiyadan birovlarning kiyilgan kiyimini jo‘natardi. Tikuvchilikdan xabarim bor. Qo‘ni-qo‘shnilar kiyim tiktirishga olib kelardi. Asta-sekin mijozlarim ko‘paya boshladi. Tushgan pullardan bolalarimni yedirib-ichirardim. Uyga kerakli anjomlar olardim.

Erim yaxshi topardi. Oylikli ishidan tashqari taksichilik ham qilardi. Shunday bo‘lsa-da, o‘z oilasi uchun pul jo‘natgisi kelmasdi. Har oyda jo‘natib turgan pulini ham 40-45 kunda bir tashlaydigan bo‘ldi.

Erim kelganida ota-onasining oldida yotardi. Choyini,  osh-ovqatini ham o‘sha yerdan yerdi. Nimaga uydan yemaysiz, desam “sen menga “issiq-sovuq” qilasan”, derdi. Vaholanki, hech qachon bunday ish qilmaganman.

“Pichoq suyakka qadaldi”

Bir muddat turib, minib kelgan mashinasini dadasiga tashlab ketdi. Qaynotam qizlarining bolalarini mindirib u yoq bu yoqlarga olib borardi. Lekin mening bolalarim hatto mashinaning oldiga borsa, tegma, deb urishib berishardi. Biror joyga olib borish kerak bo‘lsa, benzin olib berardim.

Shu tariqa yashab keldik. Odamlar ko‘ziga hayotim chiroyli ko‘rinardi. Bora-bora asabiy bo‘lib qoldim. Qo‘lim ham ishga bormay qoldi. Siqilganimdan bir kun shaharga bordim. Singlim har xil yeguliklar pishirib sotardi.

O‘sha paytda bitta oyog‘ini operatsiya qildirgandi. Bir qo‘lida tayoq bilan bozorga chiqardi. Oyog‘im og‘riyapti, sen chiqmaysanmi, deb qoldi. O‘zi bilan uch-to‘rt kun chiqdim. Narsalari yaxshi ketardi. O‘zim ham qiziqib qoldim.

Bolalarimga ta’til bo‘lgani uchun ularni ham olib keldim. Maktab boshlangach 2 kunga uyga borib keladigan bo‘ldim. Katta qizim ro‘zg‘orni eplab turardi. Kelib-ketib yurasanmi, bolalaringni shu yerga maktabga qo‘y, deb singlim maslahat berdi.

Shundan so‘ng bolalarimni olib keldim. O‘g‘lim onamnikida turdi. 2021 yil qishida erim kelishiga bolalarimni uyga jo‘natdim. Telefonda qattiq janjallashib qolgandik. Shu sabab o‘zim bormadim. Rossiyadan kelib ham bolalarimizga ust-bosh olib bermadi. Pul ham bermadi. O‘zi olti oydan beri pul jo‘natmagandi. Nahotki bolalarining nima yeb-ichishi bilan qiziqmasa?

Uyimizda bir ayol bolasi bilan yashayotgan ekan. Bu sening ukang bo‘ladi, qara-chi, menga o‘xshaydimi, debdi dadasi. Katta qizim yig‘lab keldi. Kichkina qizlarim xafa bo‘lishdi. Endi bormaymiz, deb turib olishdi.

Xafa bo‘lsa ham dadasi ekan, sog‘inib telefonda gaplashib turishdi. Bir-ikki marta aylantirgani olib chiqdi. Bir kuni telefon qilib qizimga, kel, kiyim olib beraman, deb chaqirdi. Xursand bo‘lib chiqib ketgan qizim ikki paket eski kiyim bilan xafa bo‘lib kirib keldi.

“Alimentga berishdan boshqa choram qolmadi”

Jahl ustida alimentga berdim. Rossiyaga qochib ketmasligi uchun “zapret” ham qo‘ydirdim. 660 ming so‘m olardim. O‘zim ijaraga uy gaplashib, narsalarimni olib kelish uchun bordim. Erim janjal qildi. Yana mahalla raisiga ahvolimni aytdim. Xullas mahallaning aralashuvi bilan ba’zi narsalarimni bazo‘r oldim.

Tikuvchilik qilib olgan yangi muzlatkich, temir krovat, yana u bu kattaroq narsalarim bor edi. Ko‘p narsalarimni bermadi. Peshona terim bilan topib olganman, bering desam, urmoqchi bo‘ldi. Katta qizim onamni urmang, deb o‘rtaga tushdi. Qizimni bo‘g‘ib oldi. Mahalla raislari, uchastkavoylar zo‘rg‘a ajratib olishdi.

Shundan keyin bolalarimga ham telefon qilmay qo‘ydi. Turmush o‘rtog‘im bilan yigirma yil birga hayot kechirdik. Lekin zarra qadr topmadim. Uy-joylarimiz bitganidan so‘ng keragim bo‘lmay qoldi. Mahallaga borsam, kundoshim bilan bitta uyda yashayverishim kerakligini aytishdi.

O‘g‘lim ham pensiya olmayapti. O‘zim tikuvchilik qilyapman, lekin olayotgan pulim ro‘zg‘orga yetmayapti. Hozirda uyimning ijarasiga berishga ham pulim yo‘q. Ajrashmaganligimni dalil qilib, mahalla “temir daftar”ga ham “ayollar daftari”ga ham kiritmayapti”, deydi ayol nadomat bilan.

“Uchyot”im Shahrisabzda emasligi uchun moddiy yordam ham, bolalar pulini ham ololmayapman. Hozir ahvolim og‘ir. O‘g‘limni nafaqaga chiqarish har doim muammo bo‘lib kelgan. Kichkinaligida eplash oson edi, katta bo‘lgani sari tinchlantirishga kuchim yetmay qolyapti. Hozir yoshi 22 da.

Olti oydan beri aliment olmayapman. “Zapret” qo‘yilganiga qaramay, qandaydir yo‘llar bilan 2022 yilda Rossiyaga chiqib ketib, aliment berishni to‘xtatdi.

Erim Rossiyaga qochib ketgani uchun ajrashishga ariza berolmayapman. Yakkabog‘ tuman prokuraturasiga, tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga ham bordim. Lekin qoniqarli javob ololmadim.

Erim alimentni bekor qilib, Rossiyaga ketishi uchun sudga ariza bergan. Sud mening ishtirokimsiz erimning foydasiga ajrim qilib, alimentni bekor qilgan. Shu orqali Rossiyaga ketib, aliment bermay qo‘ydi.

Bu sud ishi mayda bo‘lgan ekan, mening xabarim yo‘q. Aliment bermay qo‘ygani uchun murojat kilganimda dekabr oyida shu qog‘ozni ko‘rsatishdi. To‘rt bolam bilan nima qilishni bilmayapman”, deydi ayol chuqur uh tortib.

Ayolning hikoyasini tinglab boshim qotdi. Nima qilish kerak? Otasining uyiga borolmasa, erinikida qolgani bilan birov bir burda non bermasa. Qaynona-qaynotasi ro‘zg‘orini alohida qilib olgan, eri Rossiyaga qochib ketgan, kamiga kundosh ham olib kelib qo‘ygan.

“Tikish mashinam bor-u, lekin eski. Tikuvchilikka Toshkentga ishlab chiqarishda ikki oydan oshiqroq ishladim. O‘g‘limni onam eplolmaganligi uchun qaytib keldim. Kecha sayyor qabulga borgandim, ajrashmaganligim sabab hech narsa qilolmas ekanman.

Qayerga borsam ham ishim bitmaydi. Boshim qotdi. Na erli, na ersiz ayolman. Erim bor, desam boqmaydi, yo‘q desam qonunan ajrashmaganman. Ishlab kelay desam, o‘g‘limga kim qaraydi, ishlamay desam uy qilishim kerak”.

Charos Mannonova suhbatlashdi.

Mavzuga oid