Jamiyat | 16:48 / 14.02.2023
42447
15 daqiqa o‘qiladi

Hayotiy hikoya: Yo‘qolgan qo‘yni topganga ikki qo‘chqor

Foto: KUN.UZ

(Hikoyada o‘tgan asrning saksoninchi yillarida Jizzaxda sodir bo‘lgan voqea tilga olinadi. U davrda o‘rtacha oylik maosh 80 so‘m, yaxshi bir qo‘y 150 so‘m atrofida bo‘lgan).

Do‘stim Erali payshanba kuni ishdan keyin shunday dedi:

– Men direktordan ertangi kun uchun javob so‘radim. Kecha otamning bir qo‘yi yo‘qolib qolgan edi. Bugun izlab topisholmabdi. Ertaga barcha qarindoshlar birga qidiradigan bo‘ldik.

Uyga yetib borguncha ham do‘stimning so‘zlari hamon qulog‘imda edi. Bunga sabab yo‘qolgan bir dona qo‘yni topish uchun shuncha odam ovora bo‘layotgani meni hayron qoldirgandi. O‘g‘il sifatida do‘stim Erali ham otasiga yo‘qolgan qo‘yni topishga ko‘maklashishi tabiiy holdek ko‘rinsa-da, qo‘l ostida o‘ttiz nafar xodim ishlayotgan, har kuni o‘n minglab qo‘y sotib olishga yetadigan pullarni u hisobdan bu hisobga o‘tkazuvchi bosh hisobchining dalama-dala yurib qo‘y izlashi, menga juda erish tuyulayotgan edi. Ertasi kuni kechda bir nikoh to‘yining bazmida o‘tirsak, boshlovchi e’lon borligini aytib qoldi. Hamma hushyor tortib e’longa quloq osdi.

– Uch kun burun Alibek otaning bir qo‘yi yo‘qolganidan hammangizning xabaringiz bor. Haligacha o‘sha qo‘y topilmadi. Ertaga qo‘yni qidirishga birga chiqib, qo‘yni topganga o‘sha qo‘y yoki ikki qo‘chqor mukofotga beriladi. Qidirishga chiqqan barchaga besh so‘mdan pul beriladi. Soat oltida maktabning oldida yig‘ilamiz.

Dona-dona qilib aytilgan e’lonning barcha so‘zini aniq eshitgan bo‘lsam-da, quloqlarimga ishonmasdim. Odatda yo‘qolgan qo‘y yoki echki ikki kun qidiriladi. Keyin qidirishdan foyda yo‘q. Chunki ikki kun ichida qarovsiz qolgan qo‘y yoki echkini bo‘ri yoki shoqollar yeb ketishi kunday ravshan. Alibek ota esa uch kun burun yo‘qolgan qo‘yini butun qishloqni ovora qilib izlashi menga mantiqsiz ko‘rindi. Eng qizig‘i esa mukofot edi. Topilgan qo‘yni topganga mukofotga bersa va yana bir qo‘chqor atasa, qolganlarga esa besh so‘mdan pul bersa, bu qo‘yni qidirishdan nima naf borligini hech tushuna olmadim.

Erali do‘stim, Alibek ota qadrdonim, shanba dam olish kunim bo‘lgani uchun soat oltida men ham qo‘y qidiruvchilar safida edim. Qo‘y qidirish rejasi juda puxta tuzilgan ekan. Eralining tog‘asi barchani guruhlarga bo‘lib, ularga qidirish uchun chegaralarni aniq belgilab berdi. Har bir guruhga yo‘qolgan qo‘yni taniydigan bir odamni mas’ul etib tayinladi. Yig‘ilganlarga murojaat qilib, bo‘ri yoki shoqol yegan bo‘lsa terisini topib keladigan darajada sinchiklab qidirishlarini so‘radi. So‘zining oxirida barcha qayerda uchrashishini aytdi. Qidiruvchilar ko‘p bo‘lgani uchun yoshi kattalar guruhlarga bo‘linmadi. Lekin ular ham uylariga qaytmay, Alibek otaga qo‘shilib uchrashuv joyiga yo‘l oldilar. Ular orasida men ham bor edim. Qidiruvchilar orasida bir men vodiylik bo‘lganim uchun, ularning suhbatlariga qo‘shilmay chetroqda borar edim. Alibek otaning yuzlarida horg‘inlik, ko‘zlarida esa uyquga to‘ymaganlik alomatlari ko‘rinib turardi. Oti, ellikdan ortiq qo‘yi, o‘nga yaqin sigir buzog‘i bor, kamiga o‘g‘illari toparman-tutarman bo‘lgan bu otaning ellik odam bilan qo‘y izlashi menga g‘alati tuyular edi. Bilmagan odam “ota juda xasis odam ekan”, deb o‘ylashi mumkin. Lekin otaning xasis emasligini men yaxshi bilar edim. Ota har safar bizning uyga kirib kelganida atrofga yaxshilab nazar solar edi. Ichkariga kirayotib albatta:

– Biron jondor hovlingda bog‘liq tursin –deb qo‘yar edi. Bu holat to‘rt- besh marta takrorlangach, menga astoydil nasihat qildi.

– Hovlingga yomon ko‘zli biron odam kirsa, uning nazari avvalo mol yoki qo‘yga tushgani ma’qul. Mol topiladi. Sen oila a’zolaringni ehtiyot qilishing kerak – dedi. Avvallari farzandlarimni ozoda va chiroyli kiyingan holda ko‘rib ayolimga “Kelin, bolalarga eski-tuski narsalar kiydiring, yuzlari ham kir-chir yursin, shunda birovning ko‘zi tegmaydi” deb bir necha bor nasihat qilgan edi. Otaning hovlida albatta biron-bir jonliq turishi lozimligi haqidagi gapini ma’qullagan bo‘lsam-da, yana o‘z bilganimdan qolmadim. Keyingi gal kelganida mendan rostakamiga jahli chiqdi.

– Puling bo‘lmasa men beray, qaytarishing ham shart emas. Bozorda mol tanlashni bilmayman desang, men bozorga birga boray. Bilib qo‘y. Agar yana kelganimda uyingda biron jondor bo‘lmasa, uyimdan to‘rtta qo‘yni olib kelib hovlingga bog‘lab ketaman, bersang pulingni ham olmayman, deb masalani ko‘ndalang qo‘ydi. Men Andijonda yashab yurgan kezlarim, “ko‘z tegishi” haqidagi gaplarga bid’at deb qarar edim. Jizzaxda uch-to‘rt yil yashagach, bu narsaning borligiga amin bo‘ldim. Biz yashagan pos’yolkada to‘rtta mashhur “ko‘zli” odamlar bor edi. Ular haqida juda ko‘p aql bovar qilmas gaplar yurar edi. “Ko‘zli” odamlar bilan bog‘liq ikki hodisaga o‘zim ham guvoh bo‘lganman.

O‘sarboy aka degan bir qo‘shnimiz bo‘lardi. Bir kun ishdan kechroq kelsam, uydagilar meni O‘sarboy aka yo‘qlab kelganini aytishdi. Uning uyiga bordim. Ko‘chada juda katta bir novvosini cho‘miltirayotgan ekan. Suhbatlashib tursak o‘sha mashhur “ko‘zli” odamlardan biri O‘rolboy aka ko‘chadan o‘tib qoldi. U bizning mahalla oxiriga uy qurib, ko‘chib kelgan edi. U ho‘kizni ko‘rdiyu: “O‘sarboy. Ho‘kizni ham rosa boqibsizda”, dedi. Bu gapni eshitgan O‘sarboy akaning rostmona jahli chiqib ketdi.

Unga qarab jahl bilan “O‘rolboy, ho‘kizni bekor maqtadingiz-da. Bilib qo‘ying, agar shu ho‘kizga biron narsa bo‘lsa, sizni shu ko‘chadan yurgazmay qo‘yaman. Agar yursangiz, mana Olimjon guvoh, oyog‘ingizni urib sindiraman”, dedi.

O‘sarboy akaning jahli chiqqanicha bor ekan. Ertalabgacha ho‘kizi harom o‘lib qoldi. Bu voqeadan keyin O‘rolboy aka bu ko‘chadan boshqa yurmadi. O‘ziga narigi ko‘chadan yo‘l soldi.

Men guvoh bo‘lgan bunday voqealardan ikkinchisi bundanda hayratlanarli. Qish kunlaridan birida Sulton degan bir do‘stimning gashtagida o‘tirgan edik. Kech soat sakkizlarda Sulton kirib: “Daladagi traktorchilarga kechki ovqat olib borishim kerak edi. Mening mashinamni olib chiqish uchun, hammangning mashinangni qo‘zg‘atish kerak. Olimjon, sizning mashinangiz oxiri kelgan ekan. Ovqatni birga tashlab kelaylik”, deb qoldi. Ovqatni olib yo‘lga chiqdik. Dalaga yaqinlashganimizda uchta “Altay” traktorining faralari tun bag‘rini yorib olg‘a yurayotgani ko‘rindi. Yetib borib mashinadan tushdik. Sulton traktorlarni ko‘rsatib: “Texnika degan narsa shunday ishlasa-da”, dedi. U hali gapini tugatmasdan traktorlardan biridan “qars” degan tovush chiqdi-yu, o‘sha traktor taqqa to‘xtadi. Biz nima bo‘lganini bilish uchun o‘sha tomonga yurdik. Hali yo‘lning yarmiga yetmasimizdan ikkinchi traktorning ham ovozi o‘chdi. Biz qayoqqa yurishga hayron bo‘lib tursak, uchinchi traktor motorining ham ovozi pastlay boshladi. Ikki minutlardan keyin dalada mutlaq sukunat hukm sura boshladi. Faqat shundagina Sulton ham o‘sha mashhur to‘rt odamdan biri ekani yodimga tushdi. “Ko‘zi bor” odamlar bilan bog‘liq bu ikki hodisadan keyin men oltita qo‘y sotib oldim...

* * *

Qo‘y qidirishdan ozod bo‘lganlar chamasi bir soatlarda tayinlangan uchrashuv joyiga yetib keldik. Alibek otani yomon xayollardan sal bo‘lsa-da chalg‘itish uchun turli qiziq hangomalar aytildi. Lekin otaning chehrasi yorishmadi. Soat o‘nlar atrofida guruhlardan birining yigitlari yo‘qolgan qo‘yning terisi va kallasini ko‘tarib keldilar. Topilgan teri va qo‘yning kallasi sinchiklab o‘rganildi. Xulosa yakdil bo‘ldi. “Teri va kalla – yo‘qolgan qo‘yniki. Qo‘yning hech qayeri sinmagan va shilinmagan. Qo‘yni kimdir so‘yib, keyin nimtalab olib ketgan. Terining qurtlab ketganiga qaraganda, qo‘yning so‘yilganiga to‘rt kun bo‘lgan”.

Yigitlarni boshqa guruhlarni ogohlantirish uchun jo‘natib, ortga qaytdik. Alibek otaning yuziga qaradim. Yuzi yorishgan, charchoqlari tarqagan, lablarida nim tabassum bor edi. Endi u suhbatlarga aralashar. Go‘sht o‘g‘rilari haqidagi barcha gumonlarni to‘xtatishga harakat qilardi. Uning bu ishi ham men uchun mutlaqo tushunarsiz edi. Ertasi yakshanba bo‘lgani uchun uy ishlari bilan band bo‘ldim. Lekin yo‘qolgan qo‘y bilan bog‘liq voqealar xayolimdan ketmadi. Menga tushunarsiz bo‘lgan hech bir savolimga asosli javob topa olmadim. Peshindan keyin Alibek otaning nabirasi meni bobosi chaqirayotganini, uydagilarga kechqurun qaytishimni tayinlab borishim kerakligini aytib keldi. Ming o‘y-xayol bilan otaning uyiga yetib bordim. Hovlida o‘ntacha odam ish bilan band. Kelinlardan biri qo‘yning boshi va tuyoqlarini tozalayapti. Kampiri bir kelini bilan go‘shtdan qiyma tayyorlayapti. To‘rt yigit sabzi, piyoz artyapti. Ikki yigit qozon-o‘choqlarni o‘rnatish bilan ovora. Mahalla oshpazi go‘sht maydalayapti. Nabiralar esa suv va o‘tin masalasini hal qilmoqda.

– To‘y boshladingizmi? Nega men bexabar qoldim? – dedim hayron bo‘lib.

– To‘y emas. Bugun biz bilan chiqqanlarni mehmonga chaqiryapman, – dedi ota.

– Yo‘qolgan qo‘yning terisini topgani uchun bir qo‘yni so‘yib ularni mehmon qilasizmi? — so‘radim hayratim yanada oshib.

– Ularda nima ayb? Qo‘yim tirik bo‘lganda tirigini topishardi. Terisi qolgandan keyin terisini topishadida, dedi ota kulib. Bir qo‘yni deb to‘rt kun sarson bo‘lgan, terisini topib, hasharchilar uchun yana bir qo‘y so‘ygan odamning hazil uchun o‘zida kuch topganiga qoyil qoldim. Chaqirilganlar kelgunicha ota ikkovimiz suhbatlashib o‘tirdik. Shu suhbat davomida otani gapga solib, meni qiynayotgan savollarga javob topdim.

– Hovlimdagi barcha jonzot uchun Alloh oldida men javobgarman. Ularning yemishi, suvi, sog‘ligi va tinchligi mening zimmamda. Menga tegishli biron jonivor oyog‘i sinibmi yoki botqoqqa botibmi yo‘qolib qolsa, mendan najot kutadi. Men uni topmasam, uning o‘lishi aniq. Joni qiynalganida u meni qarg‘aydi. Qarg‘ishi menga yoki bolalarimga urmasligi uchun men qancha xarajat ketishiga qaramay, uni albatta topishim kerak. Qo‘y yo‘qolganining ikkinchi kuniyoq uning o‘lib bo‘lganini bilardim. Ko‘nglim xotirjam bo‘lishi uchun, yo‘qolgan qo‘y mening aybim bilan o‘lmaganini bilishim nihoyatda muhim edi. Qo‘yimni kimdir o‘g‘irlab, keyin so‘yib olgani aybsiz ekanimni ko‘rsatdi. Shuning xursandchiligiga yaxshi odamlarni mehmonga chaqirdim. Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bugun mehmonlarga va’da qilingandek besh so‘mdan pul beraman. Yaxshi bilamanki, hech kim pulni olmaydi. Qo‘y so‘yib mehmon qilganim uchun esa men Xudoning oldida yolg‘onchi bo‘lib qolmayman.

– Siz “Kichik shahzoda” degan kitobni ko‘rgansizmi? – degan savolimga ota –“yo‘q” deb javob berdi. Ota Sent-Ekzyuperi degan yozuvchi to‘g‘risida ham eshitmagan ekan. U biroz o‘ylanib turdi-da: “O‘sha yozuvching nima deb yozgan?” deb so‘radi.

– Bir yosh bolaga “Yashagan sayyorangni toza tut. O‘tqazgan Har bir ko‘chat, boqib olgan har bir jonivoring uchun sen javobgarsan”, degani uchun butun dunyoga mashhur bo‘lgan.

– Yaxshi yozuvchi ekan. Lekin biz bu qoidaga ming yillardan beri amal qilib yashayapmiz.

Otaning suhbatidan keyin o‘zim uchun bir sirni ochdim: BUYuK FAYLASUFLAR HAM OLTINGA TeNG FIKRLARNI ODDIY ODAMLARDAN OLAR EKAN.

Aziz o‘quvchi, xalqimiz ming yillardan beri qadrlab kelayotgan qadriyatlarga amal qiling. Alibek otadek do‘stlar toping. Bunday do‘stlaringiz ko‘p bo‘lsa, siz albatta dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartira oladigan insonga aylanasiz.

Olimjon Zohidov

Mavzuga oid