O‘zbekiston | 16:06 / 14.02.2023
6145
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyo mamlakatlari elektr energetikasi tizimini qanday isloh qilmoqda?

2017 yilda Vetnam energetika sektorida quyosh energiyasidan deyarli foydalanilmagan. Ammo bir qancha muvaffaqiyatli islohotlar natijasida 2021 yilga kelib quyosh energiyasidan olinadigan quvvat 17,6 GW’ga yetgan. Indoneziyada 2015 yilda quyosh elektr stansiyalarida ishlab chiqarish tannarxi bir kilovatt soat uchun 25 sentni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 6 sentgacha arzonlashgan.

Foto: AP

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari elektr energetikasi tizimini isloh qilish borasida Vetnam va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan ishlarni o‘rgandi.

2017 yilda Vetnam energetika sektorida quyosh energiyasidan deyarli foydalanilmasdi. Islohotlar jarayonida Vetnam hukumati ushbu sektorda ishlab chiqarilgan energiyani yuqori narxda (1 kilovatt soati uchun 9 sent) sotib olish orqali qo‘llab-quvvatladi. Natijada, 2019 yilga kelib, quyosh energiyasidan rejada kutilgan 850 MW quvvat o‘rniga 5 GW’ga teng elektr energiyasi ishlab chiqarildi.

Vetnamda quyosh energiyasidan samarali foydalanish borasidagi islohotlar muammosiz kechmadi. Deyarli barcha yangi obektlar mamlakatning quyoshli janubi-sharqiy qismida joylashganligi, mahalliy tarmoqda ortiqcha zo‘riqishni keltirib chiqardi. Vetnam elektr energiyasi korxonasi ba’zan haddan tashqari ko‘p ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olishda muammolarga duch keldi.

2020 yilda Vetnamda elektr energiyasining deyarli chorak qismi quyosh panellari vositasida ishlab chiqarildi. Ushbu davrga kelib, mamlakatda 9,3 GW quvvatga ega bo‘lgan yuz mingdan ortiq quyosh panellari o‘rnatilgan edi. Bu ko‘mirda ishlaydigan qariyb oltita elektr stansiyasining quvvatiga teng.

Vetnamning qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanadigan energetika sektoriga investitsiyalarni jalb etish juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Masalan, 2021 yilda quyosh energiyasidan olinadigan quvvat 17,6 GW’ga yetdi. Atrof-muhitga o‘rtacha 14 ming tonna karbon dioksidi chiqib ketishining oldi olindi. Butunjahon ko‘mir assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng zamonaviy ko‘mir elektr stansiyalari ham bir GW energiya olish uchun 800 tonna CO2 chiqaradi.

Ushbu mamlakatda quyosh energetikasini rivojlantirishning “muvaffaqiyat siri” qisqa vaqt ichida qurib ishga tushirilgan loyihalar uchun 20 yil amal qiladigan “yashil” tariflar bilan bog‘liq.

Shuningdek, Indoneziyada ham quyosh energiyasidan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar olib borildi. Xususan, 2015 yilda mamlakatda o‘sha paytdagi eng yirik quyosh elektr stansiyasi ishga tushirildi va ishlab chiqarish tannarxi bir kilovatt soat uchun 25 sentni tashkil etdi. Bu juda yuqori tannarx edi. Ko‘plab yangi quyosh stansiyalari ishga tushirilib, sohaning rivojlanishi natijasida 2022 yilga kelib, bir kilovatt soat energiyani 6 sentdan sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

2012 yilda Hindistonda ham quyosh panellarini uylarning tomlariga joylashtirishni o‘z ichiga olgan va ushbu maqsadga hissa qo‘shadigan yirik loyihalar bo‘lmagan. 2022 yilda esa qo‘shimcha 14 GW quvvatga ega quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Istiqbolda Hindiston 2032 yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh energiyasining ulushini 23 foiz (333,5 GW)ga yetkazishni maqsad qilgan.

Bugungi kunda sanoatda yangi texnologiyalar va materiallarning keng qo‘llanishi tufayli ularning narxi arzonlashmoqda. Bu esa quyosh panellari vositasida elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari bir necha barobar kamayishiga olib kelmoqda.

Ushbu mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, ular qayta tiklanadigan energiya manbalaridan (QTEM) foydalanish ko‘lamini oshirishga taraqqiyot dasturlarini qabul qilish, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, QTEM uchun sharoit yaratish, shu jumladan qazib olinadigan yoqilg‘i orqali ishlab chiqariladigan energiya uchun ajratiladigan subsidiyalarni to‘xtatish, tarmoqqa ulanishni osonlashtirish, ma’muriy qog‘ozbozlikni kamaytirishi orqali erisha oldi.

Mavzuga oid