Jamiyat | 14:26 / 15.02.2023
40366
2 daqiqa o‘qiladi

Xotinini farzandlari ko‘z o‘ngida pichoqlab o‘ldirgan erkak 19 yilga qamaldi 

24 avgust kuni Quyi Chirchiq tumanida xotinini avvaliga bog‘chada bolalar ko‘z o‘ngida kaltaklagan, ertasiga esa ota uyida pichoqlab o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi.  

Videodan kadr

Oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda erkak rashk sababli xotinini xususiy uy bog‘chasida, bolalar ko‘z o‘ngida bo‘g‘ib urgani aks etgan videolavha tarqalgandi. U oradan bir kun o‘tib otasinikida yashayotgan ayolini farzandlari ko‘z o‘ngida vahshiylarcha o‘ldirgandi.

Erkakka sud hukmi o‘qildi. Ma’lum qilinishicha, sudlanuvchi qotillikka rashk sabab bo‘lganini, tunda kelib gaplashib o‘tirishganda ayolning qo‘lida pichoq bo‘lganini aytgan. Erkak pichoqni tortib olishga urinayotganda ayolning bo‘yniga bexosdan kirib ketishi uning o‘limiga sabab bo‘lgan.

Foto: Milliy TV

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudining hukmiga ko‘ra, erkak Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining «j» bandi hamda 164-moddaning 1-qismi (bosqinchilik) bilan aybdor deb topilgan hamda unga nisbatan 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Marhumaning otasi sud hukmidan noroziligini ta’kidlagan va sudlanuvchiga umrbod qamoq jazosi berishni so‘ragan.  

Marhuma tumandagi oilaviy tibbiyot muassasasida hamshira bo‘lib ishlagan. Hamkasblari uning yaxshi xulq-atvori bilan e’tibor qozonganini ma’lum qilishgan edi.

Mavzuga oid