O‘zbekiston | 19:44 / 17.02.2023
50193
3 daqiqa o‘qiladi

Birovning xotini bilan qo‘lga tushgan “uchastkavoy” ishdan olindi

Bundan tashqari, G‘allaorol tumani IIBning 4 nafar rahbari profilaktika inspektorining faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatmagani uchun jazolangan.

Foto: Videodan skrinshot

Internetda ichki ishlar xodimi kiyimida bo‘lgan va mahalla profilaktika inspektori ekani aytilgan shaxs xizmat vaqtida begona erkakning rafiqasi bilan qo‘lga tushgani tasvirlangan video tarqalgandi.

Mazkur mahallada yashovchilar holatni videoga olib, “uchastkavoy” va ayolni “samosud” qilishga uringan. Videoda profilaktika inspektori olomon savollaridan qochib mashinasiga o‘tirgancha voqea joyidan ketib qolgani ko‘rinadi.

Jizzax viloyati IIB videodagi shaxs G‘allaorol tumani IIB 2-sonli IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika katta inspektori J.X. ekani va holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qilgandi.

Qayd etilishicha, voqeaga ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov nazoratida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. O‘rganish davomida kapitan J.X.ning ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi hamda Ichki ishlar organlarida xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning bir qator bandlarini buzgani tasdig‘ini topgan va u ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

Shuningdek, G‘allaorol tumani IIBning 4 nafar rahbar xodimiga profilaktika inspektori faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatmagani uchun intizomiy choralar qo‘llandi.

“Voqeaning ayrim ishtirokchilari xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ayrim moddalarida ifodalangan huquqbuzarlik alomatlari aniqlangani sababli to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumani sudiga yuborildi”, deyiladi Jizzax viloyati IIBning bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 30 noyabr kuni Toshkentning Olmazor tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimi soat 00:50 larda o‘ldirib ketilgandi. IIV “uchastkavoy” profilaktika inspektori yarim tunda oilaviy mojaro yuzasidan chaqiruv joyiga yetib borganida, ayolning eri uni 2 marta pichoq urib o‘ldirganini ta’kidlagandi.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda qotillikka rashk sabab bo‘lgani, profilaktika inspektori boshqa erkakning rafiqasi bilan munosabatlari ortidan halok bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. Biroq IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov buni rad etgandi.

Mavzuga oid