«Bu katta bir inqilobning boshlanishi» – namoyishlar to‘lqini eronliklarni o‘zgartirdimi?
2022 yil sentabr oyida Eron politsiyasi kurd millatiga mansub 22 yoshli Mahsa Aminiyni ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun qo‘lga oladi. Ikki kundan keyin qiz kasalxonada vafot etdi. Hukumat qiz yurak xurujidan o‘lganini ma’lum qilgan. Huquq faollari va Aminiyning yaqinlari esa politsiyachilar uni urib o‘ldirgan deb hisoblaydi.
Aminiyning o‘limi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlanib ketishiga sabab bo‘lgandi. Eron hukumati esa namoyishlarni bostirishning o‘zi bilgan yagona yo‘lidan foydalanib, minglab odamlarni qo‘lga ola boshladi. Namoyishchilardan 500 nafari halok bo‘lgani, ularning 70 nafari voyaga yetmaganlar bo‘lgani aytilgan.
O‘tgan vaqt ichida norozilik aksiyalarida qatnashgan 4 kishi namoyishkorona qatl qilindi. Yana o‘nlab namoyishchilarga o‘lim hukmi chiqarilgan. «Meduza» muxbiri Eronda bo‘lib, mahalliy odamlar bilan namoyishlar mamlakat hayotini qanday o‘zgartirgani haqida gaplashdi. Quyida Dmitriy Xobbotovskiyning Tehrondan tayyorlangan reportaji aynan keltiriladi.
Hijobdan soch chiqib qolsa...
Kechqurunlari Tehronni aylanar ekansiz ko‘plab ayollar yuzini o‘ramagan holda shahar aylanib yurgani ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa yosh qizlar. Ko‘p hollarda ular erkak yaqinlari yoki ota-onalari bilan birga bo‘lishadi. Ayollar bo‘yni, yelkasi va sochini ochiq qoldirish orqali 2022 yil iyul oyida oyatulloh Ali Xominaiy rahbarligidagi hukumat qabul qilgan hijob o‘rash to‘g‘risidagi qonunni buzgan bo‘ladi. Ushbu qonunga ko‘ra ayollar hijobni yuzidan boshqa hamma joyini yopib o‘rashi kerak.
Eronda 1979 yil islom inqilobi amalga oshirilganidan buyon hijob o‘rash tartibga solib kelinadi va bu safargi tartib o‘shandan buyon joriy qilingan eng keskin choradir. Bu tartibni buzganlar jarimaga tortilishi va ikki oygacha qamalishi ham mumkin. O‘zi hijobni noto‘g‘ri o‘rash uchun jazo avvaldan ham bo‘lgan, lekin 2018 yilda bu tartibni go‘yoki «yumshatishgan» – ayollarni jazolash o‘rniga ular uchun maxsus «ta’lim kurslari» tashkil etilgan. Bu kurslarda ayollardan doim yuzini o‘rab yurishi bo‘yicha «ixtiyoriy» tilxat yozdirib olingan.
2022 yil yozda amalga kirgan tartib e’lon qilingach, bundan norozi bo‘lgan eronlik ayollar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z e’tirozlarini bildira boshladi: kimdir hijobini yechayotgani, kimdir ro‘molsiz ko‘chada yurganini tasvirga olib o‘z sahifasiga joyladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bunday o‘ziga xos onlayn noroziliklarda qatnashgan ayollardan ba’zilari qo‘lga olingan.
2022 yil 13 sentabr kuni Eron axloq politsiyasi (mamlakatdagi diniy tartiblarni nazorat qiluvchi organ) zobitlari 22 yoshli Mahsa Aminiyni sochi hijobidan chiqib turganini iddao qilib qo‘lga olishadi. Zobitlar qizning hamrohi bo‘lgan akasiga u «tushuntirish ishlari olib borilgach» bir soatdan keyin qo‘yib yuborilishini aytishadi. Ammo qiz mahkamadan tez yordam mashinasida kasalxonaga olib ketiladi, akasiga esa unda yurak xuruji kuzatilganini aytishadi. Ikki kun komada bo‘lgan Mahsa kasalxonada jon beradi.
Qizning yaqinlari uning salomatligida hech qanday muammo bo‘lmaganini aytishgan. Mahsining butunlay kafanlangan tanasini esa yaqinlariga faqat dafn marosimida ko‘rsatishadi. Huquq himoyachilari qiz boshidan olgan jarohat oqibatida halok bo‘lganini aniqlashadi. Eron hukumati qiz vafot etganidan 3 hafta o‘tib – 7 oktyabr kuni rasmiy ma’lumot berib, uning yuragi to‘xtab qolganini ma’lum qiladi.
Namoyishlar boshlanishi
Qizning o‘limidan keyin Eronning ko‘plab shaharlarida namoyishlar boshlanib ketdi. Poytaxt Tehrondan Aminiy tug‘ilgan Kurdistondagi Sekkezgacha. Namoyishchilar «Ayollarga ozodlik», «Xominaiyga o‘lim» deya hayqirishdi. Qiz vafotidan 4 kun o‘tib Erondagi 31 ta viloyatdan 16 tasida namoyishlar boshlandi. Namoyishchilar orasida oyatulloh Xominaiy va islom inqilobi yetakchisi Ruhulloh Humayniyning suratlarini yoqib yuborganlar bo‘ldi.
Eron hukumati esa kutilganidek harakat qildi: shaharda politsiyachilar va Inqilob muhofizlari korpusi zobitlari ko‘paydi. Namoyishlar ortida esa Eron har qanday holatda ayblashi mumkin bo‘lganlar – Kurdiston ishchi partiyasi, sionistlar va xorijiy maxsus xizmatlar turgani iddao qilindi. Namoyishlarning birinchi kunidan odamlarni yoppasiga qo‘lga olish boshlandi, ko‘pchilik halok bo‘ldi. Ammo bu holat namoyishchilarni qo‘rqitmadi, ular avvaliga Mahsa Aminiyni o‘ldirishgani bo‘yicha holat o‘rganilishini talab qilgan bo‘lsa, keyinchalik Xominaiy tuzumi iste’fosini talab qilish boshlandi.
«Hukumat va ularga bo‘ysunuvchi OAV biz inqilob qila olmasligimizni aytishmoqda, ammo bunday emas, Eronda ko‘pchilik hukumatdan norozi. Yuzlab, balki minglab namoyishga chiqqanlar o‘lib ketayotgan bir vaqtda hukumat ularning soni kam ekanini iddao qilar, o‘lganlarning ismini ham oshkor qilmasdi», deydi namoyishlarni qo‘llovchi 23 yoshli Nafas ismli qiz.
Namoyishlardan ikki oy o‘tib OAVda axloq politsiyasi faoliyati yumshatilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Go‘yoki bosh prokuror Ja’far Muntazariy bu haqda aytgani xabar qilindi. G‘arb nashrlari prokurorning gaplariga asoslanib go‘yoki Eron hukumati hijob bo‘yicha talabdan voz kechgani haqida yozdi, ammo bu xato edi: prokurorning gaplari kontekstdan yulib olingandi. Prokuror shunchaki tartibni qayta ko‘rib chiqishi haqida gapirgandi va keyinchalik bu borada o‘zgarish bo‘lgani ham yo‘q.
«Xudoga qarshi dushmanlik»
Hukumatning hijob bo‘yicha talabni ko‘rib chiqayotgani namoyishlarni to‘xtatish uchun juda sezilmas qaror edi va ular kutilganidek davom etaverdi. Odamlar Yevropadagi kabi shunchaki bannerlar ko‘tarib ko‘chalarda qarsak chalishgani yo‘q, ular kuchishlatar tizim zobitlari bilan mushtlashishdi. Human Righs Activites tashkiloti Erondagi namoyishlar vaqtida kamida 522 kishi halok bo‘lganini aniqladi. Ulardan 70 nafari voyaga yetmaganlar, 68 nafari esa organ xodimlari edi. 20 mingdan ortiq namoyishchi qo‘lga olinib, ulardan 110 nafari Eron va Saudiyada o‘limga hukm qilishga asos bo‘luvchi «Xudoga qarshi dushmanlik» jinoyatida ayblandi. Hozirgacha 4 nafar namoyishchi shu ayblov bilan osib o‘ldirildi.
«Balki bu mo‘jizadir?»
Tehron ko‘chalarida eronliklar «Meduza» muxbiri bilan bajonidil namoyishlar haqida gaplashdi. To‘g‘ri, ular Inqilob muhofizlari korpusi zobitlari yoki politsiyachilar yo‘qmi deb atrofga qarab olishar, lekin o‘z fikrini dangal ayta olardi. Odamlar zobitlar qachon kamroq bo‘lishini ham bilishadi: masalan, ish vaqti bo‘lganda ular asosan chorrahalarda guruh-guruh bo‘lib turishadi. Odamlarning aytishicha, hozir ular ish yo‘qligidan uyqusirab «pashsha qo‘rib o‘tirishadi».
Umuman olganda, kechalari norozilik aksiyalari bo‘lishidan xabari bo‘lmaganlar Eron poytaxti bir necha oy avval namoyishlar ichida qolib ketganini sezmaydi ham. Poytaxt ko‘chalarida muxolifchilar orasida mashhur bo‘lgan qo‘shiqlar balandlatib qo‘yilgan mashinalar tez-tez o‘tib ketadi. Ammo forschani bilmaganlar bu ham o‘ziga yarasha isyon ekanini tushunmaydi.
Namoyishchilar aksiyalar qayerda va qachon o‘tkazilishi haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topishadi. Hukumat uzoq yillardan buyon mamlakatda internetni to‘liq nazorat qilmoqchi bo‘ladi, ammo buning imkoni bo‘lmayapti, chunki eronliklar VPN’dan faol foydalanishadi. Bundan tashqari, odamlar sun’iy yo‘ldoshli antennalar orqali fors tilidagi mustaqil telekanallarni tomosha qilishadi.
«Namoyish haqida Instragram'dan yoki Iran International telekanali orqali bilib olamiz, bu Erondagi eng mashhur kanal, hatto qishloqlarda odamlar bir amallab signal ushlab uni tomosha qilishadi. Shuningdek, BBC va «Amerika ovozi»ning forscha efirlari bor», deydi 26 yoshli tibbiyot xodimi Arma. «Hukumat ularni nega yopib qo‘ya olmaydi deysizmi? Axir hamma uyga birma-bir kirib, sputnikli qurilmalarni yig‘ishtirib chiqa olishmaydi-ku. Olishganida ham odamlar darrov yangisini qo‘ydirib olishadi. Biz bu kanallarsiz yashay olmaymiz», deydi u.
Mahsa Aminiyning o‘limi haqida eshitganida dizaynerlik bilan shug‘ullanuvchi 24 yoshli Zulfiya chet elda do‘stlari bilan dam olayotgandi. «Avvalo men ham xavf ostida ekanimni o‘yladim. Axir xuddi biz kabi yana bir qiz o‘ldi. Katta ehtimol bilan hukumat tomonidan o‘ldirildi. Bir lahza uning o‘rniga o‘zimni qo‘yib ko‘rdim», deydi Zulfiya.
Uning aytishicha, avvaliga Mahsa Aminiyning o‘limi bu qadar keng qamrovli namoyishlar boshlab yuborishiga umid ham qilmagan: «Bu bir nurga o‘xshardi. Balki mo‘jiza bo‘lgandir», deb eslaydi namoyishlar haqida internetda ko‘rgan Zulfiya dastlabki kechinmalarini bo‘lishar ekan.
«Avval odamlar qo‘rqardi, ammo endi ijtimoiy tarmoqlar kuchi bilan odamlarning dunyoqarashi oshyapti va mamlakatda nimalar bo‘layotganini bilib turishibdi. Endi hukumatdagilar odamlarni alday olishmaydi. Bu katta bir inqilobning boshlanishi, men bunga ishonaman, ko‘pchilik bunga ishonadi. Chunki ko‘p marta bunga harakat qilib ko‘rganmiz», deydi dizayner qiz.
Namoyishlar madhiyasi
Erondagi namoyishlarni qo‘llovchi aksiyalar butun dunyo bo‘ylab o‘tkazildi. Masalan, Berlin markazida 80 ming kishi qo‘llab-quvvatlov aksiyasida ishtirok etdi. Nyu-Yorkdagi Franklin Delano Ruzvelt nomidagi erkinlik bog‘ida odamlar ayolning sochi yoyilib turganini ifodalovchi jonli ifoda yaratishdi. Parijda 50 nafar fransuz aktrisalar Erondagi namoyishlarni qo‘llab, sochlarini namoyishkorona kesishdi. Eronda Mahsa Aminiyning o‘limidan keyin boshlangan namoyishlarda ayollar shunday tarzda o‘z noroziliklarini bildirishgandi.
Eronning o‘zida ham ko‘plab mashhurlar bunday aksiyalarda ishtirok etishdi. Masalan, Eron milliy jamoasi futbolchilari JCh 1-tur doirasidagi Angliyaga qarshi o‘yinda ochiqchasiga mamlakat madhiyasini kuylamay, namoyishlarni qo‘llab-quvvatlashdi. Bunday aksiyalarda qatnashganlarni esa qo‘lga olishdi. Masalan, mamlakatdagi eng mashhur aktrisalardan biri Tarona Alido‘st va Eron milliy jamoasi futbolchisi Voruya G‘ofuri.
Namoyishlarni qo‘llashini yashirmaydigan Emna ismli 25 yoshli qiz Xominaiy rejimini qoralagan san’at vakillari nomini faxr bilan aytib berdi. Masalan, Shervin Hojipur haqida. Bu musiqachi Twitter'dagi o‘quvchilaridan «Biz nima uchun kurashyapmiz?» degan savolga javob berishlarini so‘radi. Keyin bu tvitga berilgan javoblarni saralab, «Baroyye» (Shu uchunkim) nomli qo‘shiq yaratdi. Bu qo‘shiq Erondagi namoyishlar madhiyasiga aylanib ketdi. Tabiiyki qo‘shiqni yaratgan Hojipurni «amaldagi tuzumga qarshi targ‘ibot» va «odamlarni zo‘ravonlikka undash»da ayblab qo‘lga olishdi. Keyinroq uni tovon puli evaziga qo‘yib yuborishdi.
«Bu bir muallifning emas, ko‘pchilikning qo‘shig‘i. Uni kuylagan yigit ham mashhur yulduz emas, shunchaki Eron telekanalidagi shoularda ko‘rinish bergan talantlardan biri. Uni boshqa mamlakatlar bilan aloqada ayblashdi va shu sabab so‘roq qilishdi», deydi Emna.
Noyabr oyi boshida politsiya Eronda mashhur bo‘lgan 32 yoshli reper Tumaja Solihini ham qo‘lga oldi. Qo‘shiqchi namoyishlar boshidan buyon hukumatning harakatlarini qoralab keladi. «U odamlarni jonlantirishni istagandi. Shu orqali ko‘pchilik uchun yetakchiga aylandi. Uning hayoti shundog‘am xavf ostida edi, endi esa qamoqda», deydi Emna reper haqida.
Maktab bolalari ham qo‘lga olingan
Eronlik yulduzlarning noroziliklari xalqaro nashrlarda ham yoritildi, ammo namoyishlarda qatnashgani uchun voyaga yetmagan bolalar ham qo‘lga olingani yanada jiddiy reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Bolalar nafaqat namoyishlar vaqtida, balki maktablardan ham ushlab ketilgan. Human Righs Activiss in Iran huquq faollari namoyishlar vaqti Eronda 60 nafar 18 yoshga to‘lmagan yoshlar halok bo‘lganini aniqlagan. 14 yoshli qizni narkotik savdosida ayblab qamashgan. 16 yoshli yigit qo‘lga olingach burni urib sindirilgan, «Bosija» nomli Inqilob muhofizlari korpusiga qarashli bo‘linma vakillari 13 yoshli qizga maktabda hujum qilgan. Germaniyaning Bild nashriga ko‘ra ikki o‘smir «Xudoga qarshi dushmanlik» uchun o‘limga hukm qilingan.
Vafot etgan yoshlardan biri bo‘lmish 16 yoshli Nika Shakarami namoyishlar avjiga chiqqan 20 sentabr kuni Tehronda yo‘qolib qoladi. Oldinroq u hijobini yoqayotganini videoga olib o‘z sahifasiga joylagandi. Qizning yaqinlari uning jasadini 10 kun o‘tib Tehrondagi o‘likxonalardan birida topishadi. Hukumat qiz o‘z joniga qasd qilganini ma’lum qilgan.
Nikaning dafn marosimida uning yaqinlaridan tashqari namoyishchilar ham ishtirok etadi. Janoza navbatdagi norozilik aksiyasiga aylanib ketib, odamlar «Hammamiz Nikamiz, bizni ursangiz, biz ham javob beramiz» deb hayqirishdi.
New York Times'ning yozishicha, voqea joyida bo‘lgan politsiyachilar odamlarga qarata o‘q uzgan, odamlar esa politsiyaga tosh otgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra politsiya yig‘ilganlarga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi o‘q ishlatgan.
Namoyishchilar kasalxonaga borishga qo‘rqadi
Namoyishchilar orasida ko‘plab erkaklar jiddiy jarohat olgan. O‘zini Saman deb tanishtirgan 30 yoshli yigitning aytishicha, unga qarata yaqin masofadan otishgani uchun (rezina yoki ko‘zdan yosh chiqaruvchi o‘q nazarda tutilmoqda – tarj.) bir ko‘zidan ayrilgan. 27 yoshli Mas’ud namoyishlarda yaralanib shifokorlarga murojaat qilganida uning tanasida 50 tadan ortiq metall parchasi topilgan. Namoyishchilar yaralanganidan keyin shifoxonalarga borishga ham qo‘rqmoqda. Chunki davlat kasalxonalariga murojaat qilganlar politsiyaga topshirilishi ham mumkin.
23 yoshli Nafas politsiya namoyishlar vaqtida qanday kuch ishlatgani haqida «Meduza» muxbiriga shunday deydi: «Dugonam Mashhaddagi Firdavsiy universiteti oldida ketayotgan bo‘lgan. Undan bir necha qadam orqaroqda esa bir yigit kelgan. Dugonam o‘q ovozini eshitib o‘girilib qarasa, yigit o‘lib yotgan bo‘lgan. Mashhaddagi yana bir dugonam otishma sabab ko‘r bo‘lib qoldi», deydi Nafas.
«Televizorda hammasi yaxshi»
Ushbu maqolani yozgan muallif ham eronlik zobitlar bilan muammoga duch kelgan. Muxbir 16 noyabr kuni Isfaxon bo‘ylab do‘sti va eronlik tanishi bilan ketayotgan bo‘lgan. Ular chorrahalardan biridagi Inqilob muhofizlari korpusi zobitlaridan o‘tish mumkinmi, deb so‘ragan. Bu vaqtda Isfahonda namoyish bo‘lmayotgani sabab ular ruxsat bergan, lekin jurnalist o‘tib ketishi bilan unga hujum qilishgan.
Avvaliga jurnalistning eronlik do‘stini yerga yotqizib urishgan, u zobitdan inglizchalab bas qilishni talab qilganida o‘zi ham rezina tayoq bilan zarba yegan. Shunda vaziyatga zobitlar boshlig‘i aralashib ularni ajratgan. Jurnalistning tanasiga yettita plastik o‘q kiradi, chunki zobitlar yaqin masofadan otgandi. Ammo «Meduza» muxbiri shifoxonaga murojaat qilmaydi va tanish doktorlar unga o‘qlarni chiqarib olishda yordam beradi.
Jurnalist va do‘stlari yarim soat davomida yaqin o‘rtadagi do‘konda yashirinib turishadi. Shu vaqt ko‘chada namoyish boshlanib ketadi. Ular uzoq vaqt taksi ham chaqira olishmaydi, chunki ko‘pchilik haydovchilar namoyish bo‘layotgan hududga borishni istamaydi.
Hukumat nazoratidagi nashrlarda namoyishchilarni kaltaklashgani haqida hech qanday ma’lumot berilmaydi. «Eron kanallari hammasi tinch va ajoyibligiga, biz zo‘r davlatda yashayotganimizga, bizda hech qanday urush yo‘qligiga ishontirmoqchi bo‘lishadi», deydi dizayner Zulfiya.
«Bu tuzum bilan kelishmovchilik shunchalik jonimizga tegdiki. Shu kunlarda juda ko‘p odam o‘lib ketdi. Tasavvur qiling tunda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida chinakam jang bo‘ladi, ertalab esa televizorda hammasi yaxshi ekanini hikoya qilishadi. Bilasizmi, Eron telekanallarida Germaniyada Eronni qo‘llab o‘tkazilgan namoyishlarni nemislar gaz yo‘qligi uchun namoyish qilmoqda deb ko‘rsatishdi», deydi u.
«Biz erkinlikka haqlimiz»
Mamlakatda namoyishlar kuch bilan bostirilayotgan va ko‘plab odamlar o‘lib ketganiga qaramay, «Meduza» muxbiri bilan gaplashganlarning hammasi namoyishlarda ilhomlanganini aytadi. Ular mamlakatdagi ayollar bilan bog‘liq vaziyat tez orada yaxshilanishiga ishonadi.
Hozir Eronda ayollar uchun ko‘p narsa taqiqlangan. Masalan, ular sudya yoki prezident bo‘la olmaydi. Milliy qo‘shiqlardan boshqa mavzuda kuylolmaydi, erkaklar oldida raqs tushishga haqqi yo‘q, futbol o‘yinlariga kiritilmaydi (faqat Eron milliy jamoasi o‘yinlari bundan mustasno). Eronlik ayollar mamlakatdan chiqishi uchun albatta otasi, eri yoki akasidan ruxsat olishi kerak. Eronlik ayollar eri bilan osongina ajrasha olmaydi, qizlar esa qonunga ko‘ra 13 yoshdan erga berilishi mumkin.
«Ayol sifatida bu davlat o‘zgarishini juda xohlayman. Bizda g‘alati madaniyat shakllangan, ayniqsa ayollar bilan bog‘liq ishlarda. Biz bunday tartibga rozi emasmiz. Ko‘pchilik ayollar ko‘chaga hijobsiz chiqayotganini bu inqilobning boshlanishi sifatida ko‘ryapman. Ular o‘z huquqlari ta’minlanishiga erishmoqchi. Hozir inqilob uchun juda zo‘r imkoniyat. Buni o‘ylar ekanman umidlarga to‘laman va hammasi yaxshi tomonga o‘zgarishiga ishonaman», deydi talaba qiz Nafas.
«Mening atrofimdagi hamma ozodlik va chinakam inqilob orqali mamlakat o‘zgarishini istaydi. Umid qilaman, bu gal hammasi o‘zgacha va mening millatim o‘zi istayotgan ozodlikka erishadi. Biz bunga munosibmiz. Davlatimizni qaytarishni, uni ahmoq va g‘alati odamlardan tortib olishni istaymiz», deydi dizayner Zulfiya.
40 yoshli Burxon esa «Meduza» muxbirining qiz bola suhbatdoshlari kabi optimist emas, uning fikricha, namoyishga yetarlicha odam chiqmagan: «Odamlar namoyishlar mamlakatdagi vaziyatni chinakamiga o‘zgartirishi mumkin deb o‘ylaydi. Ammo muammo shundaki, ko‘chaga chiqayotganlar mamlakatning oz qismi, ko‘pchilik jim turibdi. To‘g‘ri, ular ham hozirgi holatga rozi emasdir, lekin noroziligini ham bildirmayapti», deydi yigit.
Eronda diniy hukumat ikki qismdan iborat: islohotchilar va konservatorlar. Burxonning fikricha, hukumat tepasiga islohotchilar kelishi ham hech nimani o‘zgartirmaydi, chunki ular demokratiyani faqat so‘zlarda qo‘llashadi. Konservatorlar 1979 yilgi islom inqilobidan buyon mamlakat hukumatini boshqarib kelishadi, islohotchilar esa demokratik g‘oyalarni targ‘ib etayotganini iddao qiladi, lekin odamlarning fikricha, ular baribir qotib qolgan an’analardan uzoqlasha olmagan.
Boshqa suhbatdoshlardan farqli o‘laroq Burhon Iran International telekanaliga ham ishonmasligini aytadi: «Ular namoyishlar vaqtida mingdan ortiq odam o‘lgani haqida gapirmoqda, lekin bunga dalil ko‘rsatish kerak. Huquq faollari esa faqat tasdiqlangan o‘limlarni qayd etib borishmoqda. Shaxsan men Iran International telekanaliga ishonmayman», deydi suhbatdosh.
Eronda namoyishlar tingani yo‘q, ammo ular o‘tgan yil kuzidagi kabi ommaviy tus olmayapti ham. Shunga qaramay, mashhur insonlarni qo‘lga olish va qamash davom etmoqda. Masalan, 11 yanvar kuni Eron islom respublikasi asoschilaridan biri va mamlakat sobiq prezidenti Hoshimi Rafsanjoniyning qizi Fayza Rafsanjoniy 5 yil qamoqqa hukm qilindi. U 1996 yildan 2000 yilgacha Eron parlamenti deputati bo‘lgan va ko‘p marta ayollar huquqini himoya qilib, organ xodimlarining harakatlarini qoralagan. Sobiq prezidentning qizi hukumatga qarshi harakatda ayblanib o‘tgan yil sentabr oyida namoyishlar vaqtida qo‘lga olingandi.
Bundan tashqari, hukumat va’da qilinganidek hijob o‘rash tartibini «ko‘rib chiqdi», ammo G‘arb nashrlari yozgani kabi bu «yengillatuvchi tahrir» bo‘lib chiqmadi. 10 yanvar kuni mamlakat bosh prokurori Muhammad Ja’far Muntazariy politsiyachilarga hijob o‘rash tartibini yanada jiddiy nazorat qilishni topshirdi. Uning topshirig‘iga ko‘ra, endilikda sud qarori bilan hijob o‘rash tartibini buzganlar mamlakatdan chiqarib yuborilishi, boshqalarni bu ishga targ‘ib qilganlar esa 10 yilgacha qamalishi mumkin.
Erondagi bu namoyishlar amaldagi boshqaruvga ta’sir qilish-qilmasligi noma’lum. Malayziyadagi Nottinghem universiteti qoshidagi siyosatchilar maktabi dotsenti Yuliya Roknifardning fikricha, hozirgi holatda yangi kuchli yetakchilar paydo bo‘lishigina nimanidir o‘zgartirishi mumkin. «Erondagi namoyishlar nimaga qarshi qaratilgani birmuncha aniq, ammo namoyishlar amaldagi hukumatni ag‘darishdan tashqari nimani talab qilayotgani unchalik tushunarli emas», deydi siyosatchi.
Siyosatchining fikricha, namoyishchilarda na aniq reja va na vakillar koalitsiyasi yoki yetakchi bor. Bir necha muxolif guruhlar bor, lekin ular bir-biri bilan ham, hukumat bilan ham muloqot qilishga tayyor emas.
«Hozir Nelson Mandela darajasidagi yetakchi chiqishini kutish ham qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmayman, chunki Eronda bunday inson bo‘lish xavfsiz emas», deydi Roknifard. Ammo siyosatchi fikricha, namoyishlarda bitta yetakchi bo‘lmagani ham yaxshi, chunki bunday namoyishlarni tinchitish juda qiyin.
Mavzuga oid
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024
Eron O‘zbekistonning qator mahsulotlariga eksport uchun ruxsatnoma beradi
16:32 / 19.12.2024
O‘zbekiston Eron bilan qishloq xo‘jaligida hamkorlikni kuchaytiradi
19:15 / 15.12.2024