Jahon | 21:53 / 19.02.2023
59859
9 daqiqa o‘qiladi

«Ag‘darilganlar majlisi». Qirg‘izistonning sobiq prezidentlari Dubayda nega uchrashdi?

Atambayev u uchrashuvda sobiq prezidentlar qatnashishi haqida ogohlantirilmaganini, faqat Sadir Japarov bilan uchrashuv rejalashtirilgan bo‘lganini aytdi. U uchrashuvni hech kim bilan xayrlashmasdan tark etgan.

Foto: Kaktus.media

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning barcha sobiq prezidentlarini bir dasturxon atrofida yig‘ib suhbatlashganini aytib berdi. Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza O‘tunboyeva, Almazbek Atambayev va Sooronbay Jyeenbekov amaldagi prezident ishtirokida uchrashuv o‘tkazgan.

«Men sobiq prezidentlarni bir dasturxonga atrofiga yig‘dim», deb yozdi Japarov o‘z sahifasida. Prezident matbuot kotibi Erbol Sultanbayev uchrashuv neytral hududda bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.

«Biz hammani birlashtirgan holda xalqning kelajagi haqida o‘ylashimiz kerak», degan Japarov. U «dastlab xalq saylagan va oxiri ayanchli bo‘lgan barcha prezidentlarni yig‘sak, balki bir mushtdek birlashgan yagona xalq bo‘lib qolamiz», degan o‘y o‘zini uzoq vaqtdan beri qiynaganini aytgan. Uchrashuvda dasturxonga qirg‘iz milliy taomlari tortilgan.

Japarovning aytishicha, sobiq prezidentlar «bir musht bo‘lish» tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, shuningdek, ular ham o‘z dardini gapirib, xatolarini tan olgan va bir-birini kechirgan.

Uchrashuv qayerda o‘tkazilgan?

Japarovning postidan keyin qirg‘izistonliklar uchrashuv qayerda o‘tgani haqida muhokamaga kirishdi. Chunki sobiq prezident Kurmanbek Bakiyev rasman qochqinda hisoblanadi va uning Qirg‘izistonga qaytganiga ishonish qiyin edi. Almazbek Atambayev esa Ispaniyaga davolanish uchun ketish oldidan Dubayda dam olayotgandi.

Ba’zi manbalar uchrashuv Dubayda o‘tganini yozdi va keyinchalik bu ma’lumot yaqinda qamoqdan ozod etilgan Almazbek Atambayev tomonidan tasdiqlandi. Atambayev uchrashuv haqida gapirar ekan, Japarov aytganiday birlikni saqlagan holda mamlakatda tinchlikni ta’minlash hamda Kurmanbek Bakiyevni Qirg‘izistonga qaytarish boshqa-boshqa narsalar ekanini aytdi.

«Inglizcha ketishga majbur bo‘ldim»

«Juda ko‘p qon to‘kildi, bo‘lmasligi kerak bo‘lgan juda ko‘p ishlar bo‘lib ketdi. Avvalo halok bo‘lganlarning yaqinlari kechirishi kerak. Umid qilaman, Sadir Japarov mening gaplarimni eshitib, to‘g‘ri qaror qabul qiladi», degan Atambayev.

Shuningdek, sobiq prezidentning aytishicha, uchrashuv oxirida shunday holat yuzaga kelganki, u hech kim bilan xayrlashmay «inglizchasiga» davradan turib chiqib ketgan. Gap nima haqida ekanini esa aytishni istamagan.

Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda faqat Japarov hamda Qirg‘iziston Xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bo‘ladi deb o‘ylagan va boshqa sobiq prezidentlar kelishini bilmagan. Ammo Atambayevning bu gapiga ishonish qiyin, chunki Qirg‘izistonda muammosiz bo‘la oladigan odamlar Dubayda uchrashishida mantiq yo‘q va uchrashuv neytral hududda o‘tishi uchun qochqindagi kimdir unda ishtirok etishi aniq edi. Bakiyev esa Qirg‘izistonga qaytishni o‘zi uchun xavfsiz deb hisoblamaydi.

Atambayev nimani nazarda tutdi?

Almazbek Atambayev avvalo o‘lganlarning yaqinlari kechirishi kerak, deb 2010 yil aprel voqealaridagi tartibsizliklarni nazarda tutgan. 2005 yil «Qizg‘aldoq inqirozi»dan keyin hukumat tepasiga kelgan Bakiyev 2010 yilda o‘zi ham muxolifat tomonidan ag‘darilgandi. 2010 yilgi tartibsizliklar qurolli to‘qnashuvga aylanib ketib, ko‘plab insonlar halok bo‘lgan. Bakiyev esa Belarusga qochgandi. Bakiyev qochganidan bir oy o‘tmay Qirg‘iziston vaqtincha hukumati ag‘darilgan prezidentni ekstraditsiya qilishni so‘rab Belarusga so‘rov yuboradi. Ammo Aleksandr Lukashenko bu talabni rad etadi.

2012 yil OAVda Bakiyev Belarus fuqaroligini olib, Minsk yaqinida uy sotib olgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. 2014 yilda esa Bakiyev britaniyalik tadbirkor Shon Deyliga uyushtirilgan suiqasdni tashkil etishda aybdor deb topilib, sirtdan 25 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

Bakiyev Qumtordagi oltin koni ishi bo‘yicha ham ayblanib, 2021 yilda xalqaro qidiruvga berilgan.

Atambayev prezidentlik vaqtida ham Bakiyev va Akayevni kechirib bo‘lmasligini aytgandi. «Akayevni kechirishni so‘rashadi, ammo bunday odamlarni qanday kechirish mumkin? Bizda neft, gaz yo‘qdir, lekin 100 tonna oltin bor edi va bu pullarni yaxshi ishlarga sarflashimiz mumkin edi. U esa bu oltinlarni yeb to‘ymas qarindoshlariga topshirdi. Biz «Qumtor»ning 67 foiziga ega edik, endi faqat 16 foizlik ulush qoldi. Shaxsan men Akayevni hech qachon kechirmayman», degandi u prezidentlik vaqtida.

Atambayev Bakiyev Jyeruy oltin konlaridagi boyliklarni sotishga harakati haqida ham gapirgandi. «Ikki marta litsenziyani 300 somdan sotishgan. Bakiyevlar keyinchalik buning uchun Berezovskiyning odamlaridan yaxshigina pul olgan. Biz esa yakunda 100 million dollarga sotdik. Qanday qilib bunday yaramas kishilarni kechirish mumkin? Hech qachon kechirmayman ularni! Balki mendan keyin keladigan kimdir kechirar, men kechirmayman», degandi sobiq prezident.

Atambayev Bakiyevlar deganda sobiq prezidentning ukasi va o‘g‘lini ham nazarda tutgan. Sobiq prezident OAV bilan uchrashuvda Qirg‘izistonda bunday odamlarni qayerda bo‘lsa ham ushlab keladigan MOSSADga (Isroil maxsus xizmati) o‘xshagan tashkilot yo‘qligidan afsuslanishini aytgan.

Japarov Bakiyevni ham kechirmoqchimi?

Sadir Japarov bir necha kun avval 11 yilga hukm qilinib, undan 3,5 yilini o‘tagan Almazbek Atambayevni kechirgandi. Dubaydagi uchrashuvdan keyin esa qirg‘izistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda Japarov Bakiyevni ham kechirishini taxmin qilishmoqda.

O‘z vaqtida Qirg‘iziston bosh vaziri, Bishkek meri va mamlakat ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlagan Feliks Kulovning aytishicha, prezidentlarning yarashib olgani o‘z yo‘liga va bu borada hal qiluvchi so‘zni sud aytadi.

«Prezidentlar o‘zaro uchrashib, bir-birini kechirgani ularning shaxsiy ishi, lekin bu borada hal qiluvchi so‘zni uchinchi hokimiyat – sud aytadi. Chunki Almazbek Atambayev ishi bo‘yicha sud jarayoni hali tugagani yo‘q. Qurmanbek Bakiyev, uning o‘g‘li, ukasi va ko‘plab tarafdorlari uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan.

Ko‘pchilik xalq uni kechiradimi, degan savolni ko‘tarmoqda. Menimcha, bu aniq javobi bo‘lmagan ritorik savol. Bir guruh insonlar kechirishi, boshqa guruh kechirmasligi mumkin, masala bu bilan hal bo‘lmaydi. Chunki butun xalq bir fikrda bo‘lmaydi. Balki Xudo ham kechirar, lekin buni bilish uchun faqat [Xudo bilan] yuzma-yuz bo‘lish kerak.

Agar hukm qilinmagan bo‘lsa yoki jazolamaslik chorasi izlansa, masalan, mustaqil komissiya tuzish mumkin. Aytaylik, inson huquqlari bo‘yicha BMT komissiyasi. Uning natijasini ham barcha tan olmasligi mumkin. Shunday ekan, sobiq prezidentni qancha yaxshi ko‘rsak yoki yomon ko‘rsak ham, bu borada hal qiluvchi so‘zni sud aytishi kerak», dedi siyosatchi.

Trillerga asos bo‘ladigan uchrashuv

Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassis Arkadiy Dubnovning aytishicha, Qirg‘izistonning barcha sobiq prezidentlari Dubayda uchrashishi unikal voqelik va bu ekspertni ajablantirgan. «Qirg‘iziston prezidentlari armiyasi Dubayda uchrashdi. 30 yildan buyon Markaziy Osiyodagi voqealarni kuzatib, ko‘p narsani ko‘rdim: qon to‘kilishlar, kulgili voqealar, dramalar. Va endi meni bu hududda nimadir ajablantiradi deb o‘ylamagandim. Lekin Qirg‘izistonning oltinchi prezidenti Sadir Japarov buni uddaladi», deb yozdi ekspert.

Dubnovning aytishicha, bu uchrashuv kino qiladigan darajada noodatiy. «Uchrashuvda sobiq prezidentlar nimani his qilganini tasavvur ham qila olmayman. Epik xarakterdagi bu kartina kelajakda tomoshabop trillerga asos bo‘ladi deb o‘ylayman. Shu tariqa, Japarov ertami kechmi «prezidentlarni ag‘darish» an’anasini buzishga uringani haqida gapirib yuradigan bo‘ldi», deb yozdi ekspert.

Mavzuga oid