Sport | 19:53 / 19.02.2023
28375
3 daqiqa o‘qiladi

«Men g‘olib» marafoni g‘oliblari aniqlandi. Toshkentdagi yugurish musobaqasidan fotoreportaj

Bugun, 19 fevral kuni poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil topganligining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab «Men Gʼolib» vatanparvarlik yugurish musobaqasi o‘tkazildi.

Foto: Kun.uz

Turnirning ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xavfsizlik kengashi kotibi, mamlakat triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov va boshqa mutasaddilar bahslarda qatnashishga saflanganlarga omad tiladi.

Musobaqalarda asosan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va kuch tuzilmalarining 12ta jamoasidagi 300 nafarga yaqin xizmatchi hamda yuzlab havaskorlar ishtirok etdi. Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat Xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura kabi jamoalar o‘rtasida kechgan bahslarda g‘olib va sovrindorlar yakkalik va jamoaviy tarzda aniqlandi.

Yugurish musobaqasi nizomiga binoan, 2021-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekiston terma jamoasiga a’zo bo‘lgan sportchilar qatnashishi taqiqlanganligi sababli havaskorlar orasidagi bahslar har jihatdan qiziqarli o‘tdi.

Poytaxtimizning «Xalqlar do‘stligi» maydonidan start berilgan 10 kilometr masofada yugurish musobaqalarining umumiy hisobdagi g‘olib va sovrindorlarini aniqlash uchun 50-60 daqiqadan ko‘proq vaqt ketdi.

Musobaqaning 8 kilometrgacha bo‘lgan masofasida dastlabki g‘oliblar aniqlandi. Unda 160-raqamda harakatlangan Mudofaa vazirligi vakili Ilhom Nazarov yetakchilik qildi. Ammo, musobaqa finishiga 1 kilometrga yaqin masofa qolganda 163-raqamdagi ishtirokchi Nuriddin Rahmatov va 2-raqamli Muhriddin Mirzaliyev uni ortda qoldirib ketdi.

Shu tarzda shiddatli o‘tgan so‘nggi yugurish bahslarida Nuriddin Rahmatov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlar Muhriddin Mirzaliyev va Ilhom Nazarovga nasib etdi.

Ayollar o‘rtasidagi yakkalik yugurishlar esa Mudofaa vazirligi jamoasi vakilasi Iroda Olimova g‘oliblikka erishdi. 2 va 3-o‘rinlar Sabohat Xolmatova va Mohira Niyozovaga tegishli bo‘ldi.

Xuddi shuningdek, «Men Gʼolib» musobaqasining kursantlar o‘rtasida ham marra chizig‘ini birinchilardan bilan kesib o‘tganlar taqdirlandi. Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Mudofaa vazirligi akademiyasi tinglovchisi Javohir Xoliqberdiyev, 2 va 3-o‘rinlarni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari Fayzulla Habibullayev va Shavkat Nuriddinov egalladi. 

Kursant qizlar ishtirokidagi bahslarda Ichki ishlar akademiyasi kursantlari Dilnoza Bekmirzayeva, Muyassar Do‘stmurodova hamda Bojxona instituti xodimasi Dinara Berdimurodova sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Jamoalar o‘rtasida faxrli 1-o‘rin Mudofaa vazirligiga tegishli bo‘ldi. 2 va 3-o‘rinlar Prezident huzuridagi xavfsizlik kengashi hamda Davlat xavfsizlik xizmati jamoasiga nasib etdi. 

Mavzuga oid