Jahon | 14:28 / 19.02.2023
30086
10 daqiqa o‘qiladi

Uddalab bo‘lmas vazifa: Shassida nosozlik bo‘lgan samolyotni Neva daryosiga qanday qo‘ndirishgandi?

1963 yilda Tallindan Moskvaga uchgan Tu-124 samolyoti samoga ko‘tarilgach shassisida nosozlik kuzatiladi va u oxirigacha yopilmaydi. Samolyot Leningradga yaqinlashib qolgan, uning bortida 50 nafardan oshiq odam bor edi. Uchuvchilar harchand urinib shassidagi nosozlikni tuzata olishmaydi. Shundan so‘ng ekipaj samolyotdagi yoqilg‘ini oxirigacha sarf qilib, Tu-124ni Neva daryosiga qo‘ndirishga qaror qiladi.

Samolyotlarda uchraydigan nosozliklarning bir qismi ularning shassisi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular gohida yopilmaydi, boshqasida ochilmay qolishi mumkin.

Bunday paytlarda uchuvchilar o‘z mahoratini ko‘rsatib, samolyotni talafotsiz qo‘ndirishga urinadi. Vaziyatdan kelib chiqib, yo‘lovchilar tan jarohatlari olmasligi uchun oxirigacha kurashadi.

Bunday holatlarning aksariyatida uchuvchilar samolyotlarni suv havzalariga qo‘ndirishga harakat qiladi. Mabodo suv havzalari bo‘lmasa, unda boshqa choralarni qo‘llashadi. Zaxira aerodromlarga, hatto dalalarga ham qo‘nishlari mumkin.

Foto: airwar.ru

1963 yilda Tallin-Moskva yo‘nalishida parvoz qilgan Tu-124ning shassisida nosozlik yuz berganda uchuvchilar samolyotni Sankt-Peterburg shahri o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Neva daryosiga qo‘ndirishgan.

O‘shanda har qadamda ko‘priklari bo‘lgan Neva daryosiga samolyot muvaffaqiyat bilan qo‘ndirilgan va hodisada hech kim jarohat olmagan.

Muvaffaqiyatsiz loyiha

Garchi Tu-124 samolyotlari dunyoda ommaviy tarzda ishlab chiqarilgan turboparrakli dvigatel o‘rnatilgan ilk samolyot hisoblansa ham, u muvaffaqiyatsiz loyiha deb topiladi.

Tu-124 samolyotlari ilk bor 1960 yilda Tu-104 bazasida ishlab chiqarilgan bo‘lib, unda 56 nafargacha yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan. Tu-124 sovet aviatsiya sanoatida eng kam ishlab chiqarilgan samolyotlardan biri hisoblanadi.

1960 yildan 1966 yilgacha undan bor-yo‘g‘i 166 dona ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, Tu-124 dan keyin chiqqan Tu-134 samolyotlaridan jami 854 dona ishlab chiqarilgan.

Aviation Safety Network sayti ma’lumotlariga ko‘ra Tu-124 samolyotlari bilan bog‘liq 17 ta halokat sodir bo‘lib, ularda 308 kishi halok bo‘lgan.

Tu-124 kichik aeroportlarga ham qo‘na olgani uchun undan asosan kichik shaharlarga parvoz qilishda foydalanishgan. SSSRda Tu-124dan foydalanish 1983 yilda to‘xtatilgan. Ayrim davlatlarda ulardan 1990-yillar oxirigacha foydalanishgan.

Neva daryosiga qo‘ngan Tu-124 samolyoti 1962 yilda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hodisagacha bor-yo‘g‘i bir yildan oshiqroq vaqt parvoz qilgan edi.

Hodisa tafsilotlari

1963 yil 21 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:55 da bortida 45 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Tu-124 samolyoti Estoniya poytaxti Tallin shahridan Moskva tomon parvoz qiladi.

Samolyot havoga ko‘tarilgach ekipaj komandiri uning tumshuq qismidagi shassi oxirigacha yopilmay, tiqilib qolganini payqaydi. Yordamchi uchuvchi shassini chiqarish uchun rosa urinadi, biroq eplay olmaydi. O‘shanda Tu-124 Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahriga yaqinlashib qolgandi.

Ekipaj komandiri samolyotni ortga qaytarmoqchi bo‘ladi. Biroq Tallindagi Yulemiste aeroporti dispetcheri aeroportni qalin tuman qoplaganini aytib, ortga qaytishga ruxsat bermaydi.

Shu bilan birga dispetcherlar uchuvchilarga Moskvagacha uchishni taqiqlashadi va samolyotni Leningraddagi Pulkovo aeroportiga qo‘ndirish lozimligini aytishadi.

Biroq shassisi tiqilib qolgan samolyotni aeroportga qo‘ndirish oson emasdi. Qo‘nish chog‘ida nosoz shassi tufayli samolyotda yong‘in kelib chiqishi yoki halokatga ham uchrashi mumkin edi.

Samolyot Leningrad aeroporti tomon ketayotganida ikki nafar uchuvchi uchuvchilar kabinasidagi maxsus teshikni ochib shassini chiqarish uchun ancha urinadi. Biroq buning iloji bo‘lmaydi.

Ekipaj komandiri Leningrad tepasida kelganda dispetcherlar uchuvchilarga samolyotdagi yoqilg‘i kamayguncha parvoz qilishni, so‘ng tezlikni pasaytirib, shahar aeroportiga favqulodda qo‘nishni buyurishadi.

Xavfli qo‘nish

Pulkovo aeroporti Tu-124ning favqulodda qo‘nishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Aeroportga zudlik bilan o‘t o‘chiruvchilar, tez yordam mashinalari, qutqaruvchilar bo‘linmasi yetib keladi. Nosoz samolyotning qo‘nishiga barcha narsa shay qilib qo‘yiladi.

Uchuvchilar yoqilg‘ini sarf qilib yuborish maqsadida Leningrad shahri tepasida 500-600 metr balandlikkacha pastlashadi va aylanib ucha boshlashadi. Odatda bu ish qo‘nish paytida kuchli yong‘in kelib chiqmasligi uchun qilinadi.

Samolyot shahar tepasida uchar ekan, bir soatda sakkiz marta aylanadi. O‘n oltinchi aylanishdan so‘ng samolyotda 750 litr yoqilg‘i qoladi. Bu Pulkovo aeroportigacha yetib olish uchun kifoya qilardi. Biroq samolyot Pulkovo aeroportiga yetib borolmaydi.

Dispetcherlar ekipajga Pulkovoga borish uchun ruxsat berishadi. Samolyot aeroport tomon ketayotganida to‘satdan uning bitta dvigateli to‘xtab qoladi. Samolyot shahar tepasida pastlay boshlaydi. Vaziyat tahlikali tus oladi.

Samolyot Pulkovo aeroportigacha yetib borolmasligi oydinlashadi. Yetib borgan taqdirda ham bitta dvigatel ishlab turganda talafotsiz qo‘nish oson bo‘lmasdi.

Ana shunday vaziyatda ekipaj komandiri oldida samolyotni Neva daryosiga qo‘ndirishdan boshqa chora qolmaydi. Biroq daryoda juda ko‘p ko‘priklar bo‘lib, ular orasida munosib joy topish kerak edi.

Foto: zefirka.net 

Ekipaj komandiri samolyotni qo‘ndirish uchun Neva daryosida joy izlar ekan, Tu-124 bitta dvigatel ishlagan holda pastlab boraveradi. Samolyot Malooxotinskiy ko‘chasidagi 6-uy va unga yaqin bo‘lgan Nevskiy ko‘prigidan bor-yo‘g‘i 4 metr balandlikdan uchib o‘tadi.

Uchuvchilar samolyotni Aleksandr Nevskiy va temiryo‘l ko‘prigi oralig‘idagi joyga qo‘ndirishga qaror qilishadi. Shu joyda daryo yoyilib oqar va uning kengligi 400 metr atrofida edi.

Samolyotni qo‘ndirishdan avval uchuvchilar uning ikkinchi dvigatelini ham o‘chirishadi. Oradan 14 sekund o‘tib Tu-124 daryoga zarb bilan uriladi. Samolyot Neva daryosiga qo‘ndirilganda ko‘priklardan biriga juda yaqin kelib qoladi.

Shu joyda uchuvchilar o‘z mahoratini ko‘rsatadi. Samolyot daryoga qo‘nganda yo‘lovchilar va ekipaj a’zolaridan hech kim tan jarohati olmaydi.

Foto: polzam.ru 

Samolyot talafotsiz qo‘nganidan so‘ng unga suv kira boshlaydi. Darhol yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarini evakuatsiya qilish ishlari boshlanadi.

Odamlar chiqarib olingandan so‘ng hodisaning ertasi kuni, 22 avgustda samolyot daryoga cho‘kib ketadi. Yo‘lovchilar boshqa samolyot bilan Moskvaga uchib ketishadi.

23 avgust kuni daryoga maxsus ponton olib kelinadi. Samolyot kranlar yordamida uning ustiga chiqarib olinadi. So‘ng ponton shatakka olinib, Leningrad yaqinidagi harbiy qismga olib ketiladi.

Foto: omega.gorod.tomsk.ru

Hodisadan so‘ng uni o‘rganish uchun komissiya tuziladi. Komissiya hodisada uchuvchilarning aybli yo‘qligini ma’lum qiladi. Biroq nega dvigatellardan biri o‘chib qolgani sababi aniqlanmay qolib ketadi.

1998 yilda hodisaga 35 yil bo‘lganda telekanallardan birida hujjatli film namoyish etiladi. Unda qatnashgan ikkinchi uchuvchi Vasiliy Chechenev hodisaning yangi tafsilotlarini oshkor qiladi.

Unga ko‘ra, Leningrad tepasida parvoz qilinayotganda ekipaj uchuvchilar kabinasidagi teshik orqali shassini ochish uchun ovora bo‘lib samolyotdagi yoqilg‘i juda kam qolganini sezmay qoladi.

Bu haqda xabar topishganda samolyotda qolgan yoqilg‘i bilan Pulkovo aeroportigacha yetib bo‘lmasligi ayon bo‘ladi. Shunda ham ekipaj komandiri tavakkal qilib samolyotni aeroport tomonga yo‘naltiradi. Oqibatda yo‘lda bitta dvigatel aynan yoqilg‘i tugagani uchun o‘chib qoladi.

Ikkinchi dvigatel o‘chsa aeroportga yetib borolmasligini va muqarrar halokat sodir bo‘lishini bilgan ekipaj komandiri samolyotni Neva daryosiga qo‘ndirishga qaror qiladi.

Foto: autoreview.ru

Keyinchalik ekipaj komandirining bevasi «Izvestiya» gazetasiga bergan intervyusida o‘sha paytda samolyotni talafotsiz qo‘ndirgan uchuvchilar «Qizil yulduz» ordeniga tavsiya qilingani, biroq bu haqdagi qaror imzolanmay qolganini aytib beradi.

Garchi orden berilmagan bo‘lsa ham «Aeroflot» aviakompaniyasi uchuvchilarni munosib taqdirlaydi. Ekipaj komandiri va shturmanga ikki xonali uy sovg‘a qilinadi. Boshqalariga ham qimmatbaho sovg‘alar berishadi.

Samolyot va ekipajning keyingi taqdiri

Ekipaj komandiri Viktor Mostovoy ko‘p o‘tmay Krasnodardagi aviaotryadga o‘tib ketadi va 1978 yilgacha o‘sha yerda ishlaydi. So‘ng Moskvadagi Vnukovo aeroportiga navbatchilik qismi boshlig‘i vazifasiga tayinlanadi. U 1988 yilda sog‘ligidagi muammolar tufayli bo‘shab ketguniga qadar shu yerda ishlaydi.

Viktor Mostovoy 1989 yilda oilasi bilan Isroilga ko‘chib ketadi va 1997 yilda 64 yoshida shu yerda vafot etadi. Ikkinchi uchuvchi Chechenev keyinchalik ekipaj komandiri, aviatsiya bilim yurtida instruktor bo‘lib ishlaydi va 2002 yilda vafot etadi.

Foto: polzam.ru

Tu-124 samolyoti Nevaga qo‘nish paytida jiddiy shikastlangandi. Uni ro‘yxatdan chiqarishga qaror qilishadi.

Samolyot qayta ta’mirlangach uni Kirsanov shahridagi (Tambov viloyatida joylashgan) aviatsiya maktabga berishadi. Kursantlar undan aviatrenajyor sifatida foydalanishadi.

Tu-124 samolyotlari ekspluatatsiyadan chiqarilgach, Nevaga qo‘ndirilgan samolyot ham boshqalari kabi metallolom topshirib yuboriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid