Jamiyat | 20:06 / 21.02.2023
14903
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekistonda 2-15 MVt gacha bo‘lgan gidroagregatlar ishlab chiqariladi

Endilikda quvvati 2-15 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida mahalliylashtirish doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqariladi.

Foto: O‘zbekgidroenergo

Bugun, 21 fevral kuni «O‘zbekgidroenergo» AJ katta majlislar zalida Jamiyat hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbir doirasida «O‘zbekgidroenergo» AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov hamda XXRning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi prezidenti Xe Szyandun tomonidan innovatsion loyihalar asosida lokalizatsiya va mahalliylashtirish dasturi doirasida quvvati 2-15 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

Mazkur Memorandum doirasida Xitoy Xalq Respublikasining gidroenergetika sohasida 60 yildan ortiq yuqori tajribaga ega bo‘lgan Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan izchil hamkorlikda mamlakatimizda Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan quvvati 2-15 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlarni ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mazkur xorijiy kompaniya nafaqat respublikamizning gidroenergetika sohasi uchun gidroagregatlarni ishlab chiqaradi, balki endilikda O‘zbekiston orqali qo‘shni davlatlar – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va boshqa davlatlar uchun ham gidroagregatlar ishlab chiqariladi.

Mahalliylashtirish borasida gidroagregatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha Jamiyat tomonidan izchil ishlar amalga oshirilib, mazkur kompaniya vakillari bilan o‘tgan yilning avgust oyidan buyon hamkorlik borasida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Mazkur hujjatga asosan, endilikda «O‘zbekgidroenergo» AJ Xitoyning Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda har bir loyiha uchun individual va eksklyuziv bo‘lgan gidroagregatlarni loyihalashtiradi. Mazkur gidroagregatlar «O‘zbekgidroenergo» AJning tizim tashkiloti hisoblangan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Energoqurilishindustriya» unitar korxonasidagi zavodda ishlab chiqariladi.

Ta’kidlash lozimki, Memorandum hamda tegishli kelishuv doirasida Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan 30 dan ortiq muhandis-injyenerlar gidroagregatlarni ishlab chiqarish jarayonida Jamiyat tizimidagi «Energoqurilishindustriya» UK zavodida faoliyatini davom ettiradi.

Aytish lozimki, ushbu amaliy hamkorlik doirasida yuqori innovatsion texnologik qurilmalarning mamlakatimiz gidroenergetika sohasida ilk bor ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi hamda mahalliylashtirish doirasida kelgusi istiqbolda moliyaviy sarf-xarajatlarni iqtisod qilishga, sifatli va zamonaviy standartlarga asoslangan agregatlarni ishlab chiqarilishini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.

Pirovard natijada, xususiy sektor vakillari, ya’ni tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. GES qurish borasida barcha zaruriy uskunalardan tortib, 2-15 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlarni yurtimizdan arzon narxlarda sotib olish imkoniyati yaratilmoqda.

Mazkur amaliy hamkorlik natijasida mamlakatimiz gidroenergetik salohiyati yanada ortadi hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali toza va arzon elektr energiya manbaini ishlab chiqarish hajmi keskin oshiriladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati

Mavzuga oid