Jamiyat | 16:27 / 22.02.2023
16830
5 daqiqa o‘qiladi

“Sizga moddiy yordam ajratildi”, “Yutuqli o‘yin g‘olibi bo‘ldingiz”, “Men bank xodimiman” – kiberjinoyatchilar odamlarni qanday tuzoqqa tushirmoqda?

O‘zbekistonda uchrayotgan kiberjinoyatlarning statistikasi va tasnifi ochiqlandi.

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi Saidkamol Sodiqovga ko‘ra, so‘nggi paytda kiberjinoyat sodir etilishi bir necha barobarga ortgan. U firibgarlar tomonidan quyidagi usullardan foydalanib, kiberjinoyat sodir etilayotganini ma’lum qildi:

§ moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi aldovlar bilan yuborilgan soxta havola orqali bank karta maxfiy kodni qo‘lga kiritish yo‘li orqali (34 foizi);

§ oldindan to‘lovlarni amalga oshirishga erishib, pullarni qaytarmasdan va kelishuvni bajarmasdan jabrlanuvchi mablag‘ini qo‘lga kiritish yo‘li bilan (22 foizi),

§ telefon qo‘ng‘iroqlari davomida o‘zini to‘lov kompaniyasi (“Click” va boshqalar) yoki bank xavfsizlik xizmati xodimi deb tanishtirib, karta raqami va maxfiy kodini qo‘lga kiritish orqali (17 foizi),

§ onlayn savdo platformalari orqali karta raqami va kodining oshkorlashtirilishi natijasida (14 foizi),

§ soxta onlayn moliyaviy birjalar orqali (Binance va boshqalar) sodir etilgani aniqlangan (9 foizi).

“Shuning uchun bundan keyingi ishlarimizda bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va aholi orasida “raqamli immunitet”ni shakllantirish, shuningdek, 2022 yil 3 fevraldagi “Internet tarmog‘ida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilning 20 fevralidan boshlab 10 kun davomida Toshkent shahrining bank kartalari bilan bog‘liq murojaatlar eng yuqori bo‘lgan Olmazor, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida “CYBER 10 DAY” kompleks targ‘ibot tadbirlarga start berildi”, deya Saidkamol Sodiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mulozimga ko‘ra, “CYBER 10 DAY” kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” shaklidagi aholining har bir qatlami o‘rtasida individual yondashuv asosida olib boriladi. Tadbir davomida, korxona, tashkilot, muassasalar va ta’lim muassasalari shuningdek, bozorlar, savdo komplekslari va jamoat joylari ham qamrab olinadi.

Odamlarga bank karta boshqaruvini tasdiqlovchi kodni oshkor etish orqali pul mablag‘lari talon-toroj qilinishi hamda global tarmoq orqali sodir etilayotgan boshqa jinoyatlarning og‘ir oqibatlari xususida tushuntirish ishlari olib boriladi. Aholining ushbu turdagi jinoyat usullaridan xabardorligini oshirish hamda kiberjinoyatlardan himoyalanish bo‘yicha rasmiy You Tube kanalida joylashtirilgan targ‘ibot videolavhalari orqali joylarda amaliy ko‘rsatib beriladi.

Saidkamol Sodiqov tadbirlar davomida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qiluvchi hamda kiberjinoyatlardan ogoh bo‘lishga qaratilgan 10 dan ortiq innovatsion yondashuv asosida tanlovlar o‘tkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Jumladan:

  • mahallalar o‘rtasida “Eng yaxshi mahalla” tanlovi;
  • katta yoshdagi aholi vakillari, nafaqaxo‘rlar ishtirokida “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman” nomli tanlov;
  • blogerlar o‘rtasida “Eng yaxshi kontent” tanlovi;
  • ta’lim muassasalaridagi yoshlar, ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi aholi o‘rtasida “Eng yaxshi monolog”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi she’r” tanlovlari;
  • 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Kiberxavfsizlik bilimdonlari” intellektual o‘yinlari.

Kompleks targ‘ibot-tashviqot tadbirlari 2023 yilning 1 mart kuniga qadar davom etib, tanlovlarda faol ishtirok etgan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash tadbirlari Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilishi belgilangan.

Tanlov jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida tadbirlarning har bir bosqichi foto va videoga olinib, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining ijtimoiy tarmoqlardagi You Tube va Telegram-kanallarida, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida keng yoritib boriladi.

Mavzuga oid