O‘zbekiston | 14:41 / 02.03.2023
11840
3 daqiqa o‘qiladi

Pedagog xodimlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Senatorlar “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonunni ma’qulladi. 

Foto: Senat.uz

Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan pedagoglarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish, pedagog xodimlarni hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritish, ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etish kabi muammolarga yechim topish maqsad qilingan.

Foto: Senat.uz

Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda. Unga ko‘ra ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga ma’muriy tarzda qayta majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanyapti.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shuningdek, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Senat.uz

Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bunda Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanyapti. 

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid