Jahon | 18:20 / 04.03.2023
10591
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda maktablarda ommaviy zaharlanish holatlariga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi

Tehrondagi namoyishchilar o‘z farzandlarining ta’lim muassasalarida xavfsizligini ta’minlashni talab qildi.

Eron poytaxti Tehron shahrida ommaviy norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Aholi asosan, Erondagi qizlar maktablarida sodir bo‘lgan zaharlanish holatlarining oldi olinmaganiga norozilik bildirishdi.

Avvalroq, kamida 30 ta maktabda yuzlab o‘quvchi qizlarning zaharlanish holatlari yuz bergan edi.

Namoyish ishtirokchilari Eron hukumatini qoralovchi shiorlar aytishdi, lekin xavfsizlik kuchlari ularga qarshi kuch ishlatmadi.

Qayd etilishicha, 7 mart kuni eronlik o‘qituvchilar Tehrondagi parlament binosi, shuningdek, turli shaharlardagi ta’lim bo‘limlari yaqinida yana bir norozilik namoyishi tashkil etishni rejalashtirgan.

Avvalroq Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Eronning «tashqi dushmanlari»ni mamlakat bo‘ylab kamida 30 ta maktabda yuzlab o‘quvchi qizlarni zaharlashda ayblagan edi.

«Bugungi kunda mamlakat taraqqiyoti fonida dushmanlarning provokatsiyalari tez-tez uchrab turibdi. Buning eng so‘nggi misoli - maktablarda ishonchsizlik muhitini yaratish va oilalar o‘rtasida tashvish urug‘ini ekishga urinishdir. Ularning maqsadi har qanday bahona bilan to‘polon qo‘zg‘atish va tartibsizliklarni boshlab yuborish», degan edi Raisiy.

1 mart kuni Eron prezidenti ichki ishlar, razvedka va sog‘liqni saqlash vaziriga zaharlanish holatlarini tekshirishni topshirdi. Hozircha tekshirish natijalari e’lon qilinmadi.

Mavzuga oid